Urush boshlanganiga ikki oy bo‘lgan bo‘lsa-da, G‘arbning sanksiyalari baribir Rossiya armiyasini to‘xtata olmadi. Davlat so‘nggi yillar davomida kuchaytirgan nazorat tufayli, jamoatchilik va elita ham tajovuzkorlik siyosatiga ta’sir o‘tkaza olmayapti. Nima uchun Rossiya elitalari ojiz qoldi? Agar neft va gazdan daromadsiz qoldirilsa, Rossiya rejimi o‘zgaradimi? Rossiyada umuman demokratlashish imkoniyati bormi? Meduza bu haqda Massachusets texnologiya instituti professori, “Mamlakatlar tanazzuli sabablari”¹ kitobi hammuallifi, so‘nggi o‘n yil ichidagi dunyoda eng ko‘p iqtibos keltiriladigan iqtisodiyotchi Daron Ajemo‘g‘li bilan suhbatlashdi.
— Ko‘pchilik sizni Why Nations Fail² (“Mamlakatlar tanazzuli sabablari”) kitobi orqali taniydi. Rossiya Ukraina bilan urush boshlagani u tanazzulga yuz tutdi deganimi?
— Menimcha, Rossiya tanazzulga yuz tutishni, afsuski, urushdan oldinroq boshlagan, urush esa shunchaki bu trendning davomi bo‘ldi.
Sovet Ittifoqining muammolari ko‘p edi: intitutsional, iqtisodiy, keyinchalik esa, albatta, madaniy muammolar ham. Biz [ Jim Robinson bilan birga “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” kitobida] inklyuziv institutlar³ deb ataydigan narsani Sovet Ittifoqi institutsional tuzilmasi asosiga qurish juda qiyin edi. Buning qisqa muddatli istiqbolda umuman imkoni bo‘lgan-bo‘lmaganini bilmayman, biroq hokimiyat tepasiga kelib, [Vladimir] Putin hech bo‘lmaganda qandaydir inklyuzivlikni qurish imkoniyatlarini uzil-kesil yo‘qqa chiqardi. Unga esa ko‘plab omillar imkon yaratdi, ulardan biri shuki, Rossiyada [Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin] jahon iqtisodiyotiga yaxshiroq integratsiya qilish va ayni vaqtda o‘z xomashyo resurslariga tayanish imkoniyati paydo bo‘lgan edi.
[Putinga] Rossiyada qaror topgan qonunsizlik ham turtki berdi. Shunday ekan uning o‘z atrofida ildizlari KGB (SSSR davrida Davlat xavfsizlik qo‘mitasi)ga, shakllanayotgan oligarxiyaga va OAVlar ustidan nazoratga borib taqaladigan yetarlicha qudratli koalitsiyani qurib olishi juda oson bo‘ldi. Ammo bularning barchasi shunchalik darajaga borib yetdiki, uni o‘sha vaqtlarda uncha-muncha odam oldindan ko‘ra olmasdi. Putin shunchalik muvaffaqiyatli tarzda shakllantirgan tizimning muhim jihati uning to‘liq izolyatsiyalanganligidan iborat edi. U hamma narsada uning gapini ma’qullaydigan odamlar qurshovida bo‘lib, o‘zining propagandasiga o‘zi tobora chuqurroq ko‘milmoqda.
Xuddi shunday vaziyatni Turkiyada4 [uning prezidenti Rajab Toyyib] Erdo‘g‘on bilan ham kuzatishingiz mumkin. Kleptokratik hukmdorlar o‘z hukmini o‘rnatgan ko‘plab Afrika mamlakatlarida [xuddi shu jarayonlarni] ko‘rasiz. Bu yuz berishi bilan, vaziyat juda xavfli tus oladi, chunki qandaydir institutsional cheklovlar va qarshiliklar5 aslida ta’sir o‘tkazishdan to‘xtaydi. Putin tomonidan barpo qilingan tizim aynan shunga asoslanadi. Unga u qilayotgan ishlar o‘zi uchun ham, Rossiya uchun ham halokatli oqibatlarga olib kelishini aytadigan ovozlar endi yo‘q.
Ushbu bosqichgacha yetib kelgan aksariyat mamlakatlarda [boshqa mamlakatlarga] qanchadir bo‘lsa ham ahamiyatli zarar yetkazish uchun qudrat yetarli emas. Kongo Demokratik Respublikasi [prezident] Mobutu davrida6 muayyan darajada talafot yetkaza olardi, lekin bu o‘z mintaqasi darajasida, ma’lum bir chegaragacha edi. Biroq Rossiya [SSSRdan] yadro qurolini hamda qo‘l ostida nafaqat ushbu yadro quroli, balki juda zamonaviy qurol-yarog‘lar bo‘lgan o‘ta katta armiyani7, shuningdek, kiberurush olib borish imkoniyatini meros qilib oldi. Va bularning barchasi hech qanday tormozlarsiz, qarshiliklarsiz.
O‘ylashimcha, [biz hozir guvohi bo‘layotgan narsa] [Sovet davridan keyingi] Rossiya taqdiridagi ikkinchi bosqichdir. Uni allaqachon yuz berib bo‘lgan tanazzul — institutsional tanazzul, iqtisodiy tanazzulning to‘liq davomi desa bo‘ladi. Bilasiz, Rossiyada odamlar qanchalik kam manfaat ko‘rdi, bag‘oyat kleptokratik oligarxiya esa qanchalik boyib ketdi, uning ko‘pchilik vakillari Moskvada emas, Londonda yashaydi. Ammo hozir Rossiyaning ushbu tanazzuli yoki inqirozining yangi bosqichi boshlanmoqda, u dunyo uchun ham, Rossiya xalqi uchun ham birdek xavflidir.
— “Yangi bosqich” deganda aynan nimani nazarda tutyapsiz — Ukraina bilan urushnimi yoki undan keyin Rossiyada bo‘ladigan holatnimi?
— Men Rossiya bo‘yicha ekspert emasman, shuning uchun mamlakat ichkarisida nima yuz berishini prognoz qilish men uchun qiyin. Kongo Demokratik Respublikasidagi Mobutu yoki Zimbabvedagi [Robert] Mugabe8 kabi [yetakchi]lar uning rejimi, uning o‘zi uchun xavfli bo‘lgan va ayni vaqtda, albatta, uning xalqi uchun vayronkor bo‘lgan qadamlarni bosganida, odatda, rejim ichida ta’siri katta bo‘lgan kuchlar “uyg‘onib”, bunday yetakchini mamlakatni boshqarishdan chetlatishga urinib ko‘rishi mumkin. Lekin tashqi belgilarga qaraganda, Putinning hokimiyati shunchalik mustahkamki, bu ehtimoldan yiroq.
Tushunishimcha, u o‘z generallaridan, atrofidagilardan va maslahatchilaridan olgan ma’lumot aniq bo‘lmagan — [masalan] G‘arb qancha egilishi yoki Ukraina qancha tez qulashi bo‘yicha axborot. Shunday ekan biz juda xavfli nuqtaga kelib qoldik. [Putin] chekinishi amri mahol. Bu urush yakunga qarab ketmayapti, hatto u [Ukraina] sharqi bilan cheklansa ham, hozir vaziyat shunga qarab boryapti chog‘i. Shunday ekan, eskalatsiya (vaziyat keskinlashishi) xavfi [biz bilan uzoq qoladi]. Fikrimcha, Putinning atrofidagi yaqinlari hamma narsada Ukrainani qurol bilan ta’minlayotgan9 G‘arbni yanada ko‘proq ayblay boshlaydi: “Biz esa ularning ta’zirini berib qo‘yishimiz kerak”. Yana bu haqiqiy tentaklik, bu haqiqatda xavfli ekanini aytadigan birorta ham ovoz bo‘lmaydi. Shuning uchun bu oldindan aytish juda qiyin bo‘lgan bosqich.
— Yaqinda yozgan kolonkangizda Rossiya siyosiy rejimining muhim ustuni — Putin va uni qo‘llab-quvvatlaydigan elitalar o‘rtasidagi o‘ziga xos kelishuv ekanini tilga olgandingiz. Ular uning o‘zi istagancha hukmronlik qilishiga qo‘yib beradi, u esa o‘z navbatida ularning har qanday usulda boyishiga imkoniyat beradi. Biroq Rossiya elitalarining katta qismi hozir avvalgi boyish imkoniyatlaridan mahrum bo‘lgan10. Nima deb o‘ylaysiz, ushbu “kelishuv” shartlari endi o‘zgaradimi?
— Fikrimcha, bu kelishuv shartlarini o‘zgartirish uchun endi kech. Agar eng boshidanoq barchasi boshqacha bo‘lganida [buning imkoni bo‘lardi]. Masalan, yirik neft kompaniyalari yoki boshqa xomashyo monopolchilarining egalari yoki top-menejerlari [boshidan] Putinni va uning eng yaqin odamlarini shunchalik o‘z qobig‘iga o‘rab qo‘ygan ushbu tizimning barpo etilishiga qarshilik ko‘rsatishga uringanida edi. Lekin hozir ularda hech qanday o‘z hokimiyati yo‘q. Ularning hokimiyati manbasi — Putin. O‘ylaymanki, bu yerda Roman Abramovich yaxshi misol bo‘la oladi. Chetdan qaraganda u mustaqil nufuzli biznesmen bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Lekin ko‘plab dalillarga qaraganda, u nufuziga to‘liq Putinning ortidan erishgan11. Shunday ekan, unda mustaqil manyovr uchun makon yo‘q.
Albatta, Abramovichning hayoti hozir ancha yomonlashgan. U bundan keyin ham Londonda yashay olishi amri mahol va “Chelsi” futbol klubini yo‘qotishi ehtimoli bor. Ammo u juda boy odam bo‘lib qoladi. Ehtimol, uning oilasi ham [Putinning sharofati bilan] qo‘lga kiritilgan boyliklardan lazzatlanishda davom etadi. Shunday ekan, [Putin va uning elitalari o‘rtasidagi kelishuvning] to‘liq yo‘q bo‘lishi haqida gapirib bo‘lmaydi, deb o‘ylayman.
Shu bilan birga — bu yerda ham faqat taxmin qila olaman — Abramovich kabi odamlar hozir Putinga yo‘nalishni o‘zgartirishni maslahat berishga urinib ko‘rishi mumkin. Lekin ularda uni nimagadir ko‘ndirish uchun qanchalik katta ta’sir bor? Ularda hech qanday veto huquqi ham bo‘lmasa kerak, shuning uchun masala ular nimagadir ta’sir o‘tkaza olish-olmasligidan iborat. O‘ylashimcha, Abramovich Rossiya va Ukraina muzokaralarida vositachilik qilishga qaror qilganida aynan shunga erishmoqchi bo‘lgan bo‘lsa kerak. [Uning ta’siri] qanchalik ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin, buni bilmayman, ammo u ahamiyatli bo‘ladi, deb umid qilaman, chunki Rossiyaning hozirgi strategiyasi o‘zgarsa, Rossiya xalqiga ham, Ukraina xalqiga ham, va umuman butun dunyo uchun ham foydali bo‘ladi.
— Boshqa bir kitobingiz, “Tor yo‘lak”12da, siz demokratik rivojlanish uchun davlat va fuqarolik jamiyati faol ziddiyatda bo‘lishi zarurligini va faqat shunday ziddiyatda erkinlikka erishish mumkinligini ta’kidlagansiz. Qanday sharoitlarda jamiyat ushbu qarama-qarshilikda muvaffaqiyat qozona oladigan darajada kuchli bo‘ladi? Biz hozir Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ulkan farqlarni har qachongidan ham ko‘ra yaqqolroq ko‘ryapmiz, Ukrainada jamiyat davlat bilan ushbu qarama-qarshilikka bel bog‘lagan13 va 2014-yilda ustun kelgan bo‘lsa, Rossiya jamiyati bu ziddiyatni davom ettirishni istamadi va bajara olmadi.
— [Bunday qarama-qarshi turish] juda-juda muhim. Biz bu uzoq davom etuvchi jarayon ekanini va uni hech kim oxirigacha tushunmasligini anglashimiz kerak. Siz mutlaqo haqsiz, Ukrainadagi fuqarolik jamiyati juda kuchli rivojlangan, buni esa nafaqat ikkita “rangli” inqiloblar orqali, balki umuman, mamlakatdagi fuqarolik jamiyati qanday ishlashi — OAVlar, ovozlar va fikrlar xilma-xilligi orqali ko‘rish mumkin, bu Kiyevga va Ukrainaning boshqa qismlariga borib ko‘rganlarga birdan seziladi. Ukraina borasida men uchta asosiy omilni ajratib ko‘rsatgan bo‘lardim.
Birinchi omil — tarixiy. Ukrainaning milliy o‘ziga xosligi bo‘lib, u Sovet ittifoqi va Rossiyanikidan alohida edi. Va ayni vaqtda unchalik kuchli davlat nazorati bo‘lmagan, chunki davlat [geografik jihatdan] Sankt-Peterburgga, keyinchalik esa Moskvaga jamlangan edi. Ushbu omil Golodomor14 davrida mustahkamlangan — o‘shanda ocharchilikdan Rossiyadagi odamlar ham jabrlangan, ammo birinchi navbatda uning qurbonlari Ukrainadagi odamlar bo‘ldi. Va kamida ulardan ba’zilari bunda kommunistik boshqaruvning qo‘li bor, deb hisoblagan. Bularning barchasi tarixiy pretsedentni yaratgan, deb o‘ylayman.
Ikkinchidan, Ukraina, menimcha, Sovet Ittifoqi tarqalib ketganidan keyin Rossiya hukmronligiga nima bilandir qarshilik ko‘rsatish uchun G‘arbga yuzlandi. Ha, to‘liq yuzlanmadi — ukrainalik ba’zi oligarxlarning boyishida15 Rossiya bilan ishbilarmonlik aloqalari muhim rol o‘ynagani shubhasiz. Ammo baribir Ukraina aniq G‘arbga yuzlandi va G‘arb g‘oyalari, G‘arbda ta’lim olish, mamlakatda G‘arb OAVlarining bo‘lishi Ukraina yoshlariga faol bo‘lish uchun turtki berdi.
Uchinchidan, [Ukrainada] davlat hech qachon yetarlicha qattiqqo‘l hokimiyatga ega bo‘lmagan. Ha, oligarxiya bo‘lgan, Yanukovich davrida ba’zi repressiyalar16 bo‘lgan, biroq davlat hech qachon, masalan, matbuotni to‘liq nazorat qiladigan darajada kuchli bo‘lmagan. Ukrainada davlatning omilkor emasligi fuqarolik jamiyatini harakat qilishga undagan. Ustiga-ustak davlatning bu qobiliyatsizligi repressiyalar bilan kechmagan. O‘ylashimcha, bularning barchasi Ukrainada faol fuqarolik jamiyati shakllanishiga imkon yaratgan.
Rossiyada esa fuqarolik jamiyati kurtaklari Gorbachyov hukmronligi davrining oxiriga kelib paydo bo‘ldi, keyinroq hatto Yelsin davrida va 2000-yillar boshida ham senzura bilan unchalik qat’iy cheklanmagan ba’zi mustaqil matbuotlar bor edi. Ammo davlat tomonidan nazorat doim juda-juda kuchli bo‘lib kelgan. Buning tasdig‘i sifatida Londonda17 bo‘ladimi, Moskvada18 bo‘ladimi, jurnalistlar, siyosatchilar yoki sobiq muxolifatchilar o‘ldirilishini keltirish mumkin.
Bular fuqarolik jamiyatining og‘zini ochirmaslikka qaratilgan kuchli ramziy ishoralar edi. 2000-yillar o‘rtalaridan fuqarolik jamiyati uchun imkoniyatlar tobora kamaya boshladi. Bu jarayon Qrim qo‘shib olinganidan keyin va Aleksey Navalniyni ta’qib qilish kuchayganidan keyin tezlashib ketdi. Va, albatta, parallel tarzda davlat ham kuchaydi. Rossiya fuqarolik jamiyati ahamiyatsiz bo‘lib qolishga abadiy mahkum demagan bo‘lardim, lekin hozir u Putinga qarshi kuch bo‘lish uchun yetarlicha qudratli emas.
Lekin bunda uni [fuqarolik jamiyatini] ayblash mumkinmi? Hozir Rossiyada fuqarolar ichida aktivist bo‘lish juda xavfli deb o‘ylayman. Bu butun dunyoda aktivistlar uchun eng xatarli joylardan biridir.
— Bu boshi berk ko‘chami? Yana nimadir o‘zgarishi mumkinmi? Balki davlat zaiflashganida, Rossiyadagi fuqarolik jamiyati rivojlana olar?
— Ba’zi jihatlardan davlat zaiflashishi, fuqarolik jamiyati esa o‘zgarishi kerak. Masalan, agar davlat soliq yig‘ish imkoniyati jihatidan kuchsizlashsa, bu fuqarolik jamiyatiga unchalik yordam bera olmaydi. Rossiya davlatining kuchi uning davlat xavfsizlik apparatida eng ko‘p seziladi, u SSSR tarqalganidan keyin isloh qilinmagan va o‘z hukmronligini yo‘qotmagan.
Bundan tashqari, agar Rossiya iqtisodiyotini olsak, ayniqsa 2014-yilgacha bo‘lganini, uni “stakanning yarmi to‘la, yarmi bo‘sh” deb tavsiflash mumkin. Faol rivojlanayotgan texnologik sektor bor, konsalting bor, yuridik biznes bor. Odamlarda mustaqil bo‘lish uchun imkoniyatlar bor, ammo bu imkoniyatlar juda cheklangan. Agar davlat sektorida yoki xomashyo sohalarida nimalar yuz berayotganiga razm solsak, [mustaqil bo‘lish uchun] imkoniyatlar qanchalik kamligini ko‘rish mumkin.
Xomashyo — daromadlarning eng muhim manbasi, Moskvada yoki Sankt-Peterburgda o‘rta sinf daromadlarining ahamiyatli qismi — kelib chiqishi har holda neft va gaz bilan bog‘liq. Buning oqibatida, fuqarolik jamiyatida [iqtisodiy va fuqarolik] mustaqilligi uchun imkoniyatlar ancha kamroq. Rossiyada Putindan keyin mustaqil iqtisodiy faoliyat uchun imkoniyatlar yaratish juda muhim bo‘ladi, deb o‘ylayman, bu xususiy biznesning katta segmenti shakllanib, shu tariqa, fuqarolik jamiyati rivojlanishi ancha mustaqil bo‘lishi uchun kerak.
— Demak, Putin tomonidan shunchalik yuqori baholangan makroiqtisodiy barqarorlik aslida yillar davomida Rossiyadagi fuqarolik jamiyatining achinarli ahvolini faqat chuqurlashtirib kelgan ekan-da?
— Xuddi shunday.
— Yaqindagi chiqishlaringizdan birida siz G‘arb mamlakatlarini Rossiyadan neft va gaz sotib olishni to‘liq to‘xtatishga va Rossiyadagi barcha banklarni SWIFT’dan uzib qo‘yishga chaqirgan edingiz. Bu Rossiya tomonidan yanada ko‘proq tajovuzkorlikni chaqirmaydimi?
— Balkim. Ammo bu G‘arb tomonidan Ukrainaga yordam berish kabi bir risk, unga ham Rossiya qandaydir javob berishga qaror qilishi mumkin. Hozir Rossiya xalqaro munosabatlar nuqtai nazaridan mutlaqo o‘ziniki bo‘lmagan og‘irlik toifasida kurashishga intilmoqda. Uning YaIM Buyuk Britaniya yoki Germaniyaning YaIMidan ancha kam19. Ko‘pchilik sohalarda Rossiya texnologiyalari ancha kam rivojlangan. Biroq Rossiyada katta armiya bor, yadro quroli bor. Va asosiysi — u butun dunyoni dahshatga solmoqda. Rossiyaning Suriyaga bostirib kirishi20 qaysidir ma’noda o‘z kuchlarini ko‘z-ko‘z qilish bo‘lgandi.
Shunday ekan, masala [G‘arb yanada kuchliroq sanksiyalarni kiritish haqida] kelishib olishidan iborat. G‘arb qanchalik Rossiyaga bo‘yin eggandek ko‘rinsa, Putin atrofidagi hukmron to‘daning o‘z kuchlariga ishonchi shunchalik tez o‘saveradi. O‘ylashimcha, [Putinning atrofidagilar] Suriyadan keyin chiqargan saboq shudir, ya’ni Rossiya ko‘ngliga kelganini qilishi mumkin, G‘arb esa bunga aralashmaydi. Bu hozir juda xavfli davr boshlanganini bildiradi, boshida aynan shu haqida gapirgandim.
G‘arb endi qarshilik ko‘rsatish kerakligini bilib oldi, deb o‘ylayman Lekin bu qarshilik qachon xavfliroq va qachon samaraliroq bo‘ladi? Menimcha, [AQSh prezidenti Jo] Bayden ma’muriyatining sezgilari to‘g‘ri. O‘ylaymanki, [Ukraina osmonida] uchish taqiqlangan hudud21 o‘ta xavfli bo‘lgan bo‘lardi, eng zamonaviy Amerika qurolini to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainaga yuborish o‘ta ig‘vogarlik (provokatsion) bo‘lgan bo‘lardi. Biroq iqtisodiy sanksiyalar, menimcha, ancha samarali va [Rossiyada] ko‘proq Sovet Ittifoqi davrida SSSRning AQSh va NATO bilan raqobatdoshligi yo‘sinida katta bir qarshilik kuchining bir qismi sifatida qabul qilinadi. Shuning uchun sanksiyalarni kuchaytirish mantiqli deb o‘ylayman.
— Nima uchun sizningcha, G‘arb hozircha sanksiyalarni kuchaytirmoqchi emas? Gap siz aytib o‘tganingizdek, Rossiya oldidagi qo‘rquvdami yoki boshqa narsadami?
— Menimcha, ko‘p narsalarda birlikka erishilgan bo‘lsa-da, G‘arbda yaqqol ixtilof mavjud. Turg‘unlikning katta xavflari bor, siyosatchilar esa, tabiiyki, bunday risklarni doim hisobga oladi.
Joriy inqirozning eng boshidayoq Germaniya kansleri [Olaf Shols] darhol “Shimoliy oqim — 2”ni22 bekor qilganida, hayratga tushgandim. Ammo agar Germaniya “Shimoliy oqim — 1”dan23 ham voz kechishga qaror qilsa, muqarrar sodir bo‘ladigan energiya narxlarining o‘sishiga bardosh berishi ancha qiyin bo‘ladi. Lekin, o‘ylaymanki, [Rossiyaning] harbiy jinoyatlari bo‘yicha dalillar to‘planishda davom etsa, ular Germaniyani bu chora-tadbirga ham undaydi.
— Tushunishimcha, urushning eng boshida iqtisodchilarning tasavvuri shunday bo‘lgan: harbiy jinoyatlar dalillari ko‘payishi bilan, G‘arb yanada qat’iyroq sanksiyalarga qo‘l uradi. Lekin o‘shandan buyon dunyo Buchaga va boshqa dahshatlarga guvoh bo‘ldi. Demak muammo, siz aytgandek, G‘arb ichkarisidagi ixtilofda shekilli?
— Mutlaqo to‘g‘ri. Ammo Bucha biz oldin ko‘rgan narsalarga nisbatan butunlay boshqa darajadagi isbot bo‘ldi. Buning o‘z oqibatlari bo‘ladi, deb o‘ylayman.
— Rossiya nefti va gaziga kiritilgan joriy sanksiyalardan qat’i nazar, dunyoning yetakchi mamlakatlari dekarbonizatsiyani24 amalga oshirib, yashil texnologiyalarga o‘tmoqchi25. Agar Rossiya, aytaylik, o‘n yil ichida buning natijasida o‘z neft-gaz daromadlarining sezilarli qismidan mahrum bo‘lsa, bu institutsional o‘zgarishlarni chaqirishi mumkinmi?
— Bu avtomatik ravishda yuz beradi deb o‘ylamayman. Shu narsa ravshanki, Rossiyadagi kuchlarning joriy muvozanati, joriy siyosiy-iqtisodiy tizim neft va gazsiz shakllana olmasdi. Ammo bu avtomatik tarzda ishlamaydi: siz neft va gazdan daromadlarni yo‘qotasiz yoki ularni qisqartirasiz — va hammasi darhol o‘zgarib qoladi, bunaqa bo‘lmaydi.
Yashil texnologiyalarga o‘tish — bu uzoq davom etuvchi jarayon. Bu bir soatda sodir bo‘lmaydi. Men bunga qo‘shilmayman, lekin ko‘pchilikning fikricha, tabiiy gaz — bu jarayonning muhim qismi (chunki bu neft va ko‘mirdan ko‘ra tozaroq yonilg‘i) va o‘tish davrida gaz muhim rolni o‘ynashi mumkin — yashil texnologiyalar hali rivojlanayotgan, yashil manbalardan olingan energiyani saqlash esa muammo26 bo‘lib qolayotgan paytda.
Shunday ekan, Rossiya va Rossiya gazi Germaniya uchun juda jozibali bo‘lib ko‘ringan — ko‘p jihatdan aynan uglerod ajralmalarini kamaytirishga intilish ortidan. Germaniya yadro energetikasidan voz kechgan, quyosh energiyasi, shamol va boshqa muqobil manbalarga tayanishning esa hozircha iloji yo‘q. Shuning uchun yaqin o‘n yil ichida Rossiya siyosiy-iqtisodiy tizimi neft-gaz daromadlari keskin kamayishi tufayli to‘satdan o‘zgarishi haqida gapirish mumkin bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Sanksiyalar bilan bog‘liq vaziyat esa boshqacha. Sanksiyalar, albatta, aynan shunday ta’sir qila olishi mumkin, beqarorlashtirish omili bo‘lishi mumkin.
— “Beqarorlashtirish” deganda Rossiya davlati zaiflashishi, shu jumladan, harbiy ma’noda kuchsizlanishini nazarda tutyapsizmi?
— Aynan. [Rossiyadagi] davlat o‘z qudratini yo‘qota boshlamoqda. Putin va uning atrofidagilar bunga qandaydir chora ko‘rishga urinmoqda. Ehtimoliy yechimlardan biri — Xitoyga ko‘proq [xomashyo] sotish, shunda bu [G‘arbga xomashyo sotishdan daromadlarning qisqarishi ehtimoli] unchalik beqarorlashtiruvchi bo‘lmaydi. Biroq harbiy qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq javob reaksiyasining boshqa shakllari ham bo‘lishi mumkin, — masalan, yaqinda Finlyandiya va Shvetsiyaga qarata27 aytilgan tahdidlar kabi.
— Ko‘p odamlar hozir Rossiya SSSRga qaytayotganini aytmoqda, bu faqat yanada yomonroq — qandaydir SSSR 2.0.
— Bu sovet tarixining qaysi davri bilan solishtirishga bog‘liq. Agar Stalin paytlarini olsak, unda yo‘q (hozir Rossiyadagi holat undan yomon emas). O‘ylashimcha, Stalindan keyin sovet diktaturasi yanada ehtiyotkorroq bo‘ldi, juda ko‘p narsalar nazoratdan chiqib ketishi mumkin, degan qo‘rquv kuchaydi. Masalan, tushunishimcha, Xrushchyov tanho hukmdor bo‘lmagan, uning qudrati Stalinnikidek emasdi. Va bu cheklovlar va qarshiliklar — hatto ular kommunistik elita ichida shakllangan bo‘lsa-da, — ko‘proq barqarorlikni ta’minlab bergan.
Bu hayratlanarli, lekin xalqaro aloqalar bo‘yicha ko‘plab tadqiqotchilar sovuq urush paytlarini juda yaxshi davr deb hisoblaydi, chunki bir-birini yo‘q qilishning kafolatlangani xavfi dunyoda barqarorlikni ta’minlab turardi. Menga bunga umuman qo‘shilmayman. U juda beqaror davr bo‘lgan. Istalgan vaqtda — xatoliklar, tushunmovchiliklar, xavfli xatti-harakatlar tufayli — yadro urushi boshlanib qolishi mumkin edi. Ammo, menimcha, Xrushchyovdan keyingina bu xavf haqida tushuncha paydo bo‘lib, tiyib turishga qaratilgan intilishlar sal ko‘paydi. Stalin paytlariga qaytish haqida gapirish mumkin, deb o‘ylamayman, biroq ayni vaqtda Putinning rejimida kommunistik elitada uzoq amal qilgan cheklovlar va qarshiliklarni ko‘rmayapman.
cheklovlar va qarshiliklar
— Rossiyada shunday tushuncha borki, unga ko‘ra, o‘ziga xos madaniyat tufayli, “kuchli qo‘l”ga muhabbat tufayli biz doim avtokratiyaga og‘ib ketaveramiz va hech qachon to‘la-to‘kis demokratiyaga o‘tmaymiz. Siz shunga qo‘shilasizmi?
— Yo‘q, men bunga qo‘shilmayman. Birinchidan, keling, Rossiya madaniyatiga nazar solamiz. XIX asrda chor Rossiyasi ulkan sinfiy tengsizlik va juda kuchli repressiyalar tufayli, krepostnoylar, dehqonlar uchun juda yomon joy bo‘lgan. Ayni vaqtda u yerda dunyoning eng yaxshi badiiy asarlari, musiqiy asarlari yaratilgan, eng yaxshi siyosiy fikrlar bildirilgan. Madaniy jihatdan Rossiya to‘liq g‘arbiy dunyoga integratsiyalashgan edi. Qaysidir ma’noda u siyosiy tafakkurga nisbatan ancha ilg‘orroq va qat’iyatliroq edi.
Shunday ekan, Rossiya — madaniy ma’noda qoloq mamlakat deyish qiyin. Lekin shunisi ham aniqki, bir necha asrlar davomida shakllangan me’yorlar va iyerarxiya mexanizmlari bor, bu davr ichida mamlakat aholisining katta qismi tobe holatda yashagan. Rossiyadagi krepostnoy huquqini olsak, men bu bo‘yicha ekspert bo‘lmasam ham, u Angliya yoki Fransiyadagidan28 ancha yomonroq bo‘lgan. Bunday turdagi iyerarxiya tuzilmalari, albatta, uzoq muddatli oqibatlarga ega bo‘ladi. Ammo mening fikrimcha, qandaydir o‘ziga xos rus madaniyati borki, uni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Buning tasdig‘i sifatida Ukrainani aytish mumkin. Qandaydir ma’noda Ukraina — Putinning boshidagi daxmaza, xuddi Tayvan yoki Gonkong — Xitoyda kommunistik hukumat uchun daxmaza bo‘lgani kabi. Ular muqobil yo‘l qanday bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib beradi.
Agar biz XIX asr oxiri yoki XX asr boshiga kelib, qandaydir alohida Rossiya madaniyati shakllanib, mamlakatni diktaturadagi hayotga mahkum qildi, demoqchi bo‘lsak, Kiyevdagi vaziyat Sankt-Peterburgdan ko‘p ham farq qilmaganini tushunishimiz kerak. Shunga qaramay, biz hozir ulkan farqni ko‘ryapmiz. Tayvan va Xitoy bilan bog‘liq vaziyat ham shunday. Albatta, agar Ukrainada KGB Moskvada 1980-yillar oxirida bo‘lgani kabi qudratli bo‘lganida, Ukrainadagi vaziyat ehtimol butunlay boshqacha bo‘lardi. KGB va umuman xavfsizlik kuchlari, menimcha, Rossiya tarixida Rossiya madaniyatidan ko‘ra ancha muhimroq rolni o‘ynagan.
— Rossiya iz effektini29 yengib o‘tib, demokratlashish tomonga harakatlanishi uchun qanday sharoitlar yuzaga kelishi kerak? Bu, hozir ko‘rib turganimizdek, Rossiyaning tobora yakkalanishi fonida haqiqatga yaqinmi? Yoki yana 50 yilcha kutishga to‘g‘ri keladimi?
— Bilmayman. Bu savollarga javobim bo‘lishini juda xohlardim. Ammo o‘ylaymanki, joriy jarayonlar natijasida Putinning atrofidagi hozirgi oligarxiya va kuch apparati ishonchni to‘liq yo‘qotadi. Fikrimcha, sodir bo‘layotgan voqealar ularning imkoniyatlari yemirilishiga sharoit yaratadi.
Janubiy Afrikada demokratiyaga30 tezkor o‘tishga, ko‘plar kutganidan ancha tezroq o‘tishga aynan taxminan o‘n yil mobaynida aparteid rejimi o‘z qonuniyligini to‘liq yo‘qotgani, ustiga-ustak, bu ko‘plab oqtanlilar ko‘z oldida yuz bergani imkoniyat yaratgandi. Agar Rossiyaning joriy institutlari o‘rta sinf ko‘z o‘ngida ishonchini yo‘qotsa, unda, o‘ylaymanki, xavf va [Rossiya taraqqiyotida tub o‘zgarishlar uchun] imkoniyat yuzaga keladi. Va, menimcha, bu juda yaxshi ibtido bo‘ladi.
Ammo bu kafolat emas: legitimlikning yo‘qotilishi hokimiyat tepasiga boshqa diktator yoki populist kelishi uchun sharoitlar yaratishi ham mumkin, u esa ko‘p-ko‘p va’dalar beradi, lekin keyin hozirgi rejimga juda o‘xshash bo‘lgan bir rejimni shakllantiradi. Axir Yelsin hokimiyat tepasiga katta umidlar va va’dalar bilan kelgan edi, biroq oxir-oqibat, u hokimiyatga Putinni olib kelganlardan biriga aylandi. Shunday ekan, bu kafolatlanmagan.
Rossiyaning yakkalanishiga kelsak, unda, albatta, u faqat murakkablashib ketaveradi, ammo ikkinchi tomondan, Rossiya fuqarolik jamiyati, yoshlar va umuman o‘rta sinf xuddi sovet davridagidek dunyodan uzib qo‘yilishi amri mahol. Internet bor, minglab odamlar urush tufayli Rossiyadan ketib qoldi, lekin ular bu yerda qolganlar bilan aloqada bo‘lib turibdi. Rossiya dunyo bilan bilimlar ayirboshlash nuqtai nazaridan integratsiyalangan (bog‘langan) — ha, bu o‘zgarishi mumkin, biroq baribir u Sovet Ittifoqi kabi izolyatsiyaga kirib qolishi ehtimoldan yiroq.
Rossiya elitalariga ishonchning yo‘qolishiga iqtisodiyotdagi vaziyatning yomonlashishi ham, urushning o‘zi ham, kelajakning ishonchli timsoli yetishmasligi ham imkoniyat yaratadi. Albatta, agar matbuot erkinroq bo‘lganida, osonroq bo‘lardi. Ammo axir hamon internet va VPN bor-ku.
Izohlar
“Mamlakatlar tanazzuli sabablari”¹ kitobida Daron Ajemo‘g‘li va uning hammuallifi, Chikago universitetidan Jim Robinson institutlar, ya’ni, mamlakatda amal qilayotgan qonunlar, qoidalar va norasmiy me’yorlar davlatning iqtisodiy muvaffaqiyatini yoki inqirozini oldindan belgilab berishini ko‘rsatadi. Ajemo‘g‘li, shuningdek, demokratlashtirishni hamda siyosiy liberalizatsiya va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganadi.Why Nations Fail² — O‘zbekistonda “Nihol” nashri tomonidan chop etilgan o‘zbekcha tarjimasida bu kitob “Mamlakatlar tanazzuli sabablari: qudrat, farovonlik va kambag‘allik manbalari” deb nomlanadi.
Institutlar nima degani?3 Jamiyatda shakllangan me’yorlar va qoidalar bo‘lib, ularga rioya qildiruvchi majburlov mexanizmlari ham ular bilan birga yuradi. Institutlar rasmiy bo‘lishi mumkin — masalan, qonunlar va ularga bo‘ysunmaganlik uchun yuridik javobgarlik, shuningdek, norasmiy bo‘lishi ham mumkin — masalan, axloq me’yorlari, bunda ularga rioya qildiruvchi mexanizm jamoatchilik tanbehi bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Ajemo‘g‘li va Robinson institutlarning ikkita turini ajratib ko‘rsatadi. Ekstraktiv institutlar elitalar qolgan barcha ijtimoiy guruhlar hisobidan daromad olishiga qaratilgan, inklyuziv institutlar esa, aksincha, barcha ijtimoiy guruhlar iqtisodiy faoliyatda qatnashishiga undaydi.
Turkiyada nima bo‘lyapti?4 Ajemo‘g‘li — asli istanbullik. U Turkiyani 1989-yilda tark etgan, ammo ona yurtida sodir bo‘layotgan voqealarni tahlil qilishda davom etmoqda. 2010-yillar boshidayoq Ajemo‘g‘li va hammualliflari Turkiya tobora avtoritar bo‘lib borishi haqida ogohlantirgan edi. Hokimiyat ichkarisida muqobil nuqtai nazarlar yo‘qligi muvaffaqiyatsiz iqtisodiy siyosat sabablaridan biriga aylandi. Masalan, Erdo‘g‘on inflyatsiyaga qarshi kurashish uchun mamlakat Markaziy banki (dunyodagi barcha markaziy banklar kabi) foiz stavkasini oshirmasligi, balki pasaytirishi kerakligiga ishonchi komil. U bir necha marta Markaziy bank rahbarlarini almashtirdi, turk lirasi esa qulab tushdi.
Cheklovlar va qarshiliklar5 rasmiy va norasmiy bo‘lishi mumkin. Rasmiylari — masalan, mustaqil sud tizimi. Norasmiylari — hukmdorga ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan nufuzli manfaatlar guruhlarining borligi.
Mobutu Sese Seko6 — Kongo Demokratik Respublikasini 1965—1997-yillarda boshqargan (1971-yildan u Zair deb qayta nomlangan edi). U avtoritar rejim o‘rnatgan, o‘z shaxsiga sig‘inishni qo‘llab-quvvatlab, o‘zini millat otasi deb atagan va bunga qo‘shilmaganlarni jazolagan. Mobutu qo‘shni Angoladagi fuqarolar urushiga aralashgan, 1996-yilda esa Ruandada tutsilarga nisbatan genotsidni amalga oshirgan va fuqarolar urushida mag‘lub bo‘lgan xutularga hokimiyatni qaytarishga urinishda yordam bergan. Bu ko‘mak muvaffaqiyatsiz bo‘lgan, Zairdagi hokimiyat isyonchilar tomonidan egallab olingan va Mobutu ag‘darilgan, u mamlakatdan qochib ketib, ko‘p o‘tmay onkologik kasallikdan vafot etgan.
Rossiya armiyasi7. 2017-yil noyabrida Vladimir Putin o‘z farmoni bilan Rossiya armiyasining umumiy sonini tasdiqladi — 1,9 million kishi, shularning bir milliondan sal ko‘prog‘i — harbiy xizmatchilar, qolganlari — noharbiy xodimlar. Britaniyaning Institute for Strategic Studies (IISS) tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, aslida Rossiya armiyasi 900 ming harbiy xizmatchi va yana ikki millionga yaqin zahiradagi askarlardan iborat. Xuddi shu IISS axboroti bo‘yicha, Ukraina armiyasida 290 ming harbiy xizmatchi va 900 ming zaxiradagi askar mavjud. Taqqoslash uchun: AQSh armiyasida 1,4 million harbiy xizmatchi va qariyb 800 ming zaxiradagi askar bor.
Robert Mugabe8 Zimbabvega 1987-yildan 2017-yilgacha rahbarlik qilgan. 2015-yilda 91 yoshga kirgach, dunyodagi eng keksa prezidentga aylandi va keyin yana ikki yil bu rekordni o‘zida saqlab qoldi. 2017-yilda mamlakatda harbiy to‘ntarish yuz berdi: harbiylar vitse-prezident Emerson Mnangagvuni qo‘llab-quvvatladi, u eng ehtimoliy davomchi hisoblanardi, Mugabe esa uni iste’foga chiqarishga urindi. Oxir-oqibat mamlakat parlamenti Mugabega impichment e’lon qildi, 150 ming dollar miqdorida umrining oxirigacha pensiya tayinladi va ta’qiblardan himoyani kafolatladi. Mugabe 2019-yilda 95 yoshida Singapurdagi kasalxonada vafot etdi.
Urush chog‘ida Ukrainaga yordam9. Urush boshidan buyon AQSh Ukrainaga jami 3,7 milliard dollarga teng qurol-yarog‘lar va harbiy ko‘mak taqdim etdi, bu haqda davlat kotibi Entoni Blinken Kiyevga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi. Yevroittifoqning harbiy yordami 1,6 milliard dollarga baholanmoqda.
Sanksiya ro‘yxatlari10. Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin AQSh, Yevroittifoq va boshqa bir qator mamlakatlar sanksiya ro‘yxatlarini kengaytirib, ularga shu paytgacha cheklov choralariga uchramagan ko‘plab rossiyalik biznesmenlarni kiritdi. Sanksiya ro‘yxatlariga tushganlarning aktivlari muzlatib qo‘yiladi.
Roman Abramovich Putinning ortidan nimaga erishgan?11 Boris Berezovskiyning Abramovichga nisbatan da’vosi bo‘yicha London Oliy sudining qarori orqali dunyo Abramovich tarjimai holining ko‘plab tafsilotlaridan xabar topdi. Berezovskiy undan foyda keltirmaydigan kelishuvlardan ko‘rgan talafotlarini qoplab berishni talab qilgan, bunday bitimlarni Abramovich, go‘yoki, Putinning roziligi bilan unga zo‘rlab o‘tkazgan. Gap Berezovskiy Rossiyadan ketganidan keyin aktivlarning majburiy sotilishi haqida borgan. Sud Abramovich Putin bilan “yaxshi aloqalar”ni yo‘lga qo‘ygani, ular esa unga Yelsin ketganidan keyin ham (Yelsin davridagi boshqa oligarxlardan farqli o‘laroq) gullab-yashnash imkonini berganini alohida ta’kidladi.
“Tor yo‘lak”12 — The Narrow Corridor: States, Societies, and the Fate of Liberty kitobi 2019-yilda chop etilgan. Unda Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson mamlakatlar demokratlashishi yoki, aksincha, avtoritarizmga og‘ib ketishi sabablarini tadqiq qiladi. “Tor yo‘lak” — bu despotiya (istibdod) va anarxiya (hokimiyatsizlik) o‘rtasidagi kichik bo‘shliq bo‘lib, unga demokratik mamlakatlar katta qiyinchiliklar bilan hamda davlat va fuqarolik jamiyatining doimiy qarama-qarshiligi natijasida tushadi.
Yevromaydon13. 2013-yil noyabrida Ukrainada davomli ommaviy norozilik aksiyasi boshlandi. Noroziliklar o‘sha vaqtdagi prezident Viktor Yanukovich tomonidan Ukraina Yevroittifoq bilan uyushishga tayyorlanishni to‘xtatishi haqida e’lon qilinishiga javob bo‘ldi. Namoyishlar uch oy davom etib, 100 dan ortiq odam halok bo‘lgach, Yanukovich Rossiyaga qochib ketdi.
Golodomor14 — Ukraina SSR hududida 1932—1933-yillardagi ommaviy ocharchilik. Uning oqibatida bir necha million kishi qurbon bo‘ldi. Uning asosiy sabablari kollektivlashtirish va qurg‘oqchilik natijasidagi hosilsizlik bo‘ldi. 1985-yilda AQSh kongressi qoshida Ukrainadagi ocharchilik bo‘yicha komissiya tuzildi. 1988-yilda komissiya taqdim etgan hisobotda Golodomor ukrain xalqiga nisbatan genotsid deb ataldi.
Masalan?15 Masalan, Ukrainaning eng boy odamlaridan biri, Ukraina ikkinchi prezidenti Leonid Kuchmaning kuyovi Viktor Pinchuk 1990-yillar boshidanoq Rossiyaga quvur yetkazib berish bilan shug‘ullangan.
Viktor Yanukovich davrida Ukrainadagi repressiyalar16. Yanukovich davrida uning siyosiy raqiblari, shu jumladan, Ukraina sobiq bosh vaziri, siyosatchi Yuliya Timoshenko va uning maslakdoshlari, alohida jurnalistlar va yozuvchilar ta’qibga uchragan. Eng shov-shuvlilaridan biri “… prezident uchun Donbass aholisiga rahmat” yozuvi tushirilgan futbolkalar uchun ta’qib qilish bilan bog‘liq voqea bo‘lgan — bu futbol muxlislari baralla baqirib aytadigan shior edi. ProstoPrint kompaniyasi iboraning birinchi qismini futbolkalarga bosib chiqarib, ularni Kiyev markazida tarqatib chiqqan — uning ofisi xavfsizlik kuchlari tomonidan ag‘dar-to‘ntar qilingan, uning xo‘jayini Denis Oleynikov esa o‘ldirib ketish xavflari haqida gapirib berdi va mamlakatni tark etdi.
Aleksandr Litvinenkoning o‘ldirilishi17. 2006-yilda Londonda poloniy-210 radioaktiv moddasi bilan zaharlanish oqibatida FXX sobiq xodimi Aleksandr Litvinenko vafot etgandi. U eski tanishlari — Andrey Lugoviy (hozir Davlat dumasi deputati) va tadbirkor Dmitriy Kovtun bilan uchrashganidan keyin mazasi qochgan. 1998-yilda Litvinenko unga va hamkasblariga bir nechta nufuzli odamlarni, shu jumladan, biznesmen Boris Berezovskiyni o‘ldirish va o‘g‘irlab ketish buyurilganini ommaga ochiqcha e’lon qilgandi, shundan keyin Litvinenkoga nisbatan bir nechta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va u Rossiyadan ketib qolgan. Boris Berezovskiyning o‘zi Angliyada 2013-yilda vafot etgan.
Boris Nemsovning o‘ldirilishi18. Boris Nemsov 2015-yil 28-fevralga o‘tar kechasi Moskva markazida o‘ldirilgan. 2017-yilda qotillik uchun besh nafar chechenistonlik sudlangan. Ulardan hech biri sudda aybiga iqror bo‘lgani yo‘q. Jinoyat buyurtmachisi va tashkilotchisi sifatida tergov chechenistonlik xavfsizlik kuchlari xodimi Ruslan Geremeyevning haydovchisi Ruslan Muxudinovni tan olgan. Hozir Geremeyev Ukrainadagi jangovar harakatlarda ishtirok etmoqda, degandi Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Geremeyevni gospitalga borib ko‘rib kelganidan keyin — Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, u Mariupolda yaralangan.
Rostan ham shundaymi?19 Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Yalpi ichki mahsuloti 1,8 trillion dollarga, Buyuk Britaniyaniki — 3,4 trillion dollarga, Germaniyaniki esa 4,3 trillion dollarga teng.
Suriyadagi harbiy operatsiya20. 2015-yil sentabrida Rossiya Suriyada harbiy operatsiya boshlab, mamlakat hukumatini fuqarolar urushida va terrorchilik guruhlari bilan kurashda qo‘llab-quvvatladi. Operatsiyalarning faol bosqichi 2017-yil oxirigacha davom etdi — 2017-yil 11-dekabrda Vladimir Putin Suriyadagi Xmeymim harbiy bazasiga kelib, Rossiya qo‘shinlari olib chiqib ketilishini va jangovar harakatlar to‘xtatilishini e’lon qildi. Amnesty International tashkiloti Rossiyani Suriyadagi operatsiyalar chog‘ida harbiy jinoyatlarga qo‘l urganlikda aybladi, Rossiya bunga aloqadorligini rad etmoqda.
Bu nima degani?21 Ukraina osmonidagi harbiy hududning NATO kuchlari tomonidan yopilishi Rossiya havodan qiladigan hujumlardan himoyalanish uchun alyansning havo hujumiga qarshi mudofaa kuchlaridan foydalanishni bildiradi. Ukraina hukumati NATOdan uchish taqiqlangan hudud joriy qilishni bir necha marta so‘ragan.
“Shimoliy oqim — 2”22. 22-fevral kuni, Rossiya tomonidan Donetsk Xalq Respublikasi va Lugansk Xalq Respublikasi tan olingach, GFR kansleri Olaf Shols qurib bo‘lingan quvurni sertifikatlash jarayonini to‘xtatib qo‘yishni buyurdi. U sertifikatlashdan o‘tmasdan turib ishga tushirila olmaydi.
“Shimoliy oqim”23 — bu Boltiq dengizi tubiga yotqizilgan gaz quvuri bo‘lib, u orqali Germaniya Rossiyadan gaz oladi. Gaz quvuri yiliga taxminan 60 milliard kubometr gaz o‘tkazadi, Germaniyaga gaz importining butun hajmi — 142 milliard kubometrga teng.
Uglerodli betaraflik24. AQSh va Yevroittifoq 2050-yilga kelib, uglerodli betaraflikka erishmoqchi, Yevroittifoq 2030-yilga keliboq, issiqxona gazlari ajralmalarini 55 foizga qisqartirishi kerak (1990-yildagi ko‘rsatkichga nisbatan).
Dekarbonizatsiya25 — qazib olinuvchi yonilg‘ilar iste’molidan voz kechish va uglerodli betaraflikka erishishni nazarda tutadi — bunda uglerod ajralmalari tabiatda singib ketish orqali va maxsus qurilmalar yordamida to‘liq kompensatsiya qilinadi.
Nima uchun?26 Ko‘plab muqobil energiya manbalari — masalan, quyosh va shamol — beqaror bo‘lib, shu sababli ular ishlab chiqargan energiyani talab ko‘p bo‘lib, ishlab chiqarish kam bo‘ladigan holatlar uchun to‘plab qo‘yish muhimdir. Buning uchun maxsus batareyalar ishlatilishi mumkin, ammo hozircha ularni ishlab chiqarish va o‘rnatish o‘ta qimmatga tushadi.
Bu nima degani?27 14-aprel kuni Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev agar Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lsa, Rossiya ushbu mamlakatlar bilan chegaralarga yadro quroli joylashtirishini ma’lum qildi, axir “rasman ro‘yxatdan o‘tgan dushmanlar” ko‘payadi.
Yevropadagi “krepostnoy huquqi”28. Dehqonlarning yerga biriktirilib, uning xo‘jayiniga bepul ishlab berish majburiyatining yuklanishi barcha Yevropa davlatlariga xos edi. G‘arbiy Yevropada feodal tobe aholi villanlar deb atalgan. Angliyada ular rasman qul bo‘lmagan va ba’zi huquqlarga ega bo‘lgan. Fransiyada villanlar bilan bir qatorda servlar ham bo‘lib, ular o‘z huquqlari hajmi bo‘yicha Rossiyadagi krepostnoylarga qiyoslanadi. Ajemo‘g‘li va Robinsonning talqiniga ko‘ra, G‘arbiy Yevropada krepostnoylikning turli shakllariga XIV asrdagi o‘lat epidemiyasi nuqta qo‘ygan, o‘shanda daromadlarning yalpi tushib ketishi umumiy liberilizatsiyaga turtki bergan edi.
Iz effekti29 — institutsional nazariyada mamlakatning o‘z tarixiy rivojlanishi trayektoriyasiga bog‘liqligini bildiradi.
Janubiy Afrikadagi aparteid30. 1948-yilda Janubiy Afrikada qora tanli aholi huquqlarini qat’iy cheklashni ko‘zda tutuvchi aparteid (irqiy ayirmachilik) rejimi o‘rnatildi. 1990-yillar boshida elitalarning bir qismi, segregatsiya (irqiy diskriminatsiya shakllaridan biri) siyosati uchun yangi G‘arb sanksiyalaridan xavfsirab, o‘zgarishlar qilishga chaqira boshladi. 27 yillik hibsdan keyin 1990-yilda Nelson Mandela, so‘ng esa yana yuzlab dissidentlar (murtadlar) ozod etildi. 1994-yilda mamlakatda demokratik prezident saylovlari bo‘lib o‘tdi, ularda Mandela g‘olib bo‘ldi.
Izoh (0)