AQSH Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga bojxona ta’riflarini 245 foizgacha ochiradi. Bu haqda Oq uy tomonidan bugun, 16-aprel kuni ma’lum qilindi. Bayonotda aytilishicha, Pekin Qo‘shma Shtatlarga galliy, germaniy, surma, magnit kabi strategik materiallar eksportini taqiqlagan. Tramp ma’muriyati buni AQSH milliy xavfsizligi uchun tahdid sifatida baholamoqda. Boisi nodir metallar avtomobilsozlik, aviatsiya, yarimo‘tkazgichlar hamda harbiy sanoat uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Oq uyga ko‘ra, Donald Tramp 2-aprel kuni e’lon qilingan yangi savdo siyosatiga binoan bojxona tariflarini yangilagan. Uning doirasida Xitoyga nisbatan avvaliga 54, so‘ng Pekinning javob choralariga qarab 104, 124, 145 foizli bojxona tariflari joriy qilingan. Biroq javob choralari ko‘rmay, muzokara olib borish istagini bildirgan davlatlar uchun “90 kunlik tanaffus” e’lon qilingan.
Xitoy AQSH bojxona siyosatiga javoban tariflarni so‘nggi bor 125 foizgacha oshirgan. Oq uy mazkur harakatni “qasoskorona choralar” deb atab, Xitoydan olib kelinadigan mahsulotlarga boj tariflari 245 foizgacha ko‘tarilishini bildirdi.
“Prezidentning Amerika iqtisodiyotini tiklash siyosati natijasida 75 dan ortiq mamlakat yangi savdo bitimlari bo‘yicha muzokaralar boshlash istagini bildirdi. Lekin Xitoy bu jarayonda ishtirok etish o‘rniga qarshi chora ko‘rmoqda”, deyiladi Oq uy bayonotida.
Tariflar aynan qanday tovarlarga tatbiq etilishi hozircha ochiqlanmagan. Ammo kuzatuvchilar bu holat AQSH—Xitoy savdo urushini yanada kuchaytirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Izoh (0)