“Daryo” jahon matbuoti sharhi ruknining navbatdagi muhokamalarga boy sonini diqqatingizga havola etadi.
Falastin masalasi AQSh va Rossiya to‘qnashuviga sabab bo‘ladimi?
The Haarez nashrining yozishicha, hozirgi o‘ta qaltis bir vaziyatda rasmiy Moskva AQSh bilan munosabatlari yomonlashgan Falastin milliy hukumatining qadamlarini jiddiy kuzatib bormoqda. Yaqinda matbuotda Rossiya go‘yoki AQSh va Falastin munosabatlarining iliqlashuvida vositachi sifatida qatnashishi haqida mish-mishlar tarqaldi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov jurnalistlarga turli fantasmagor fikrlarga ishonmaslik, Rossiya hukumati bu haqida hech qanday tashabbus bilan chiqmagani-yu, Isroil va Falastin munosabatlarini tartibga solishda BMT Xavfsizlik kengashining maxsus rezolyutsiyasi borligini ro‘kach qildi.
Aslida 22-may sanasida yaqin sharqdagi vaziyatni tartibga solish uchun AQSh, Rossiya, Yevropa Ittifoqi va BMT vakillari o‘rtasida virtual anjuman bo‘lib o‘tdi, biroq bu anjumanda prezident Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan mintaqadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish borasida yig‘in o‘tkazilishi haqida lom-mim deyilmagan.
Rossiya tarafi AQSh ilgari surayotgan loyihaga qarshi bo‘lgan va Falastin ma’muriyati ham loyihaga qarshi chiqqan holda Isroil bilan xavfsizlik va boshqa sohalarda ham hamkorlik qilishni to‘xtatib qo‘yishini e’lon qildi. Shuningdek, Falastin hukumati AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi bilan ham hamkorlik qilishni to‘xtatib qo‘ydi. Qiziq jihat shundaki, Rossiya tashqi ishlar vaziri vakili Mariya Zaxarova o‘z bayonotida Bogdanov 19-may sanasida Trampning vakili Avi Berkovits bilan telefonda muloqot qilganini tasdiqladi, biroq muloqot chog‘ida Rossiya Isroil va falastinliklar o‘rtasida dialogni qayta tiklash borasida fikr tashlangani haqida ham ma’lum qildi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 20-may sanasida hamkasbi Isroilning yangi tashqi ishlar vaziri Gabi Ashkenazi bilan telefondagi muloqoti chog‘ida Rossiya hukumati xalqaro huquq normalariga tayangan holda Falastin—Isroil munosabatlarini tartibga solishda ishtirok etishi mumkinligi haqida so‘z ochadi.
Falastinliklarda esa mintaqadagi vaziyatga oid boshqa fikr ham mavjud. Falastinliklar Tramp kuyovi Jared Kushnerning loyihasi ortidan AQShning Falastin—Isroil munosabatlaridagi halol vositachi bo‘lishiga ishonchi yo‘qolgan. Shu boisdan falastinliklar uchun mintaqadagi vaziyatni ijobiy hal qilish uchun Moskvada sammit o‘tkazilishi maqbul chora.
Rossiya esa Falastin—Isroil munosabatlarini tartibga soluvchi kvartetning a’zosi bo‘lsa-da, ko‘p yillardan beri Yaqin Sharqdagi nizolarni hal qilishda sustkashlik qilib keladi. Natijada Yaqin Sharq butkul AQShning siyosiy faoliyat maydoniga aylanib ulgurdi. Mart oyida yuqori martabali rus amaldorlari XAMAS tashkilotining rahbari Ismoil Xoniya bilan uchrashdi va uchrashuvda falastinliklar rasmiy Kremldan G‘azo hududini nazorat qilayotgan XAMAS va Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ini boshqarayotgan Falastin Milliy hukumati murosaga keltirish borasida yordam ko‘rsatishni so‘radi. Biroq Rossiya tarafi bu borada biror-bir qadam qo‘yishga shoshmagan bo‘lsa-da, falastinlik va isroillik mahbuslar almashinuvi jarayonini tezlatish kerakligi bilan cheklandi. Hozircha bu samara bermay kelmoqda.
Isroilda milliy birlik hukumati hokimiyat tepasiga kelib, bosh vazir Binyamin Netanyaxu Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ini bosib olish bilan o‘z siyosiy obro‘sini oshirib olishni ko‘zlab turgan paytda Moskva oldida mintaqadagi vaziyatga aralashish borasida yangi imkon tug‘ildi. Agar hozirga qadar Isroil hukumatidagilar bir ovozdan Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ini bosib olish haqida ma’qullab turganda Rossiya hukumatida Ashkenazi va uning “Koxol Lavan” partiyasidagi hamkasbi Benni Gans timsolida vaziyatga aralashuvi uchun muqobil yo‘l topildi.
Ashkenazi va Gans Trampning mintaqadagi vaziyatni tinchlik yo‘li bilan hal qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlab, masalani bir yoqlama hal qilish shundoq ham Isroil—Falastin munosabatlarini yanada murakkablashib ketishiga, shuningdek, Isroil va Iordaniya hamda boshqa arab mamlakatlari bilan munosabatlarning yomonlashuviga olib keladi, degan fikrda. Rossiya hukumati esa Isroil hukumatini bir tomonlama siyosat yurgizishdan tiyilishga chaqirdi va munosabatlarni xalqaro huquq normalariga tayangan holda tartibga solish kerakligini ta’kidladi.
Yevropa Ittifoqidan farqli ravishda rasmiy Kreml Isroil hukumatini mamlakatga qarshi sanksiyalar bilan qo‘rqitmadi, ammo Falastin borasida Isroil hukumatining bosib olish siyosati Moskva va Tel-Aviv o‘rtasida keskin munosabatlarga olib kelishi haqida ogohlantirdi. Isroil hukumatining Suriyada jangovar amaliyotlarni olib Moskvaga bog‘liq ekani inobatga olinadigan bo‘lsa, Isroil hukumati qanday tanlov oldida qolganini tushunish mumkin. Isroil hukumatidagilarning nazarida Rossiya Suriyadagi harbiy amaliyotlarni Falastindagi urushga bog‘lamoqchi emas, chunki Isroilning Suriyadagi harbiy amaliyotlari Kremlning manfaatlariga va Suriyada Eron ta’sirini zaiflashtirishga hamda prezident Bashar Asadning rejimi xavfsizligini ta’minlashni kafolatlashiga mos.
Rossiya Yaqin Sharq mintaqasida bir tomonlama harakatlardan o‘zini tiyib, so‘nggi paytlarda koalitsiya bo‘lib harakat qilishini inobatga olsak, Isroil hukumatining siyosiy taxminlari to‘g‘ridek. Liviyadagi harbiy amaliyotlarda Rossiya Misr va BAA bilan Suriyadagi harbiy amaliyotlarda Turkiya va Eron bilan birgalikda harakat qilyapti. Ikki hududdagi amaliyotlarda ruslar AQShning yo‘qligidan unumli foydalanmoqda va hattoki Vashingtonning hamkorlari bo‘lgan arab davlatlari bilan ham kelishishni qoyilmaqom uddalayapti.
Moskvaning Yaqin Sharqdagi ta’siri sezilib borayotganini yaqinda Misr hukumatiga 20 dona SU-35 qiruvchi uchoqlarini yetkazib berish borasidagi shartnomani imzolagani, neft urushlariga qaramasdan Saudiya Arabistonining sarmoyaviy hamkori ekani kabi faktlar ham mavjud.
AQShning Yaqin Sharqdagi yo‘qligi ruslar uchun imkoniyatlar eshigi. Falastin ham ayni shu sababli yangi, siyosiy ta’sirga ega bo‘lgan sherik izlashni istab qolgan. Ruslar esa Isroil va Falastin munosabatlarini ijobiy hal bo‘lishidan ko‘ra, ta’sir kuchiga ega bo‘lishda ko‘proq manfaatdor.
Agarda Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ini bosib olishni mo‘ljallagan kuchlar o‘z g‘oyalarini dastaklar ekan, ularning bu qadami Rossiya va Yevropaning bir tarafdan, AQSh—Isroilning ikkinchi tarafdan nizolashuviga sabab bo‘lishi mumkin. Isroil esa hech ham buni istamaydi.
Gongkong va Xitoy: pishanglarni tortish Gongkong uchun qanday yakunlanadi?
Rasmiy Pekin Gongkong hukumatining huquqlarini cheklashga qaratilgan yangi qonun loyihasini qabul qilishi “osmon osti” imperiyasining kuchli demokratik o‘zgarishlarga moyil bo‘lgan Gongkongdagi norozilik uyushtirishga doimo tayyor muxolifatchilarni tanobini tortib qo‘yish uchun imkon yaratdi, deb yozadi The New York Times nashri.
Mazkur qonun qabul qilinishi ortidan Xitoy hukumati Gongkongdagi har qanday norozilik namoyishini, ayirmachilikni, Xitoy hukumatining barqarorligiga qarshi qaratilgan tajovuz deb topadi va keskin choralar ko‘rilishi esa Gongkongning kelajakdagi taqdirini belgilab beradi. Bu esa Xitoy hukumati bo‘shab qolgan gaykalarni Gongkong misolida mahkamlab qo‘yish bilan butun dunyoga o‘ziga xos ishora yuborish.
Xitoy xavfsizlik xizmati xodimlari Gongkongda bamaylixotir yurish imkoniga ega bo‘ladi, ayirmachilikda ayblangan gongkonglik sudsiz rasmiy Pekin ixtiyoriga topshiriladi, shunday ekan, Xitoy Gongkongda bemalol qadam tashlay boshlaydi.
Gongkong hukumati rahbari Kerri Lem shu haftada Xitoydagi qonunga izoh berar ekan, “gongkongliklarda erkin fikr bildirish ancha ildiz otgani, chunki ular o‘zlarini erkin jamiyatda yashayapmiz deb bilishlarida, huquq va erkinliklar esa mutlaq emas”, deya izoh berdi. Rasmiy Pekinning Gongkong borasidagi qarori tufayli yana hurlik tarafdorlari Gongkong ko‘chalarini norozilik namoyishi bilan to‘ldirib yubordi.
Tramp ma’muriyati esa Xitoyning qarori sabab Gongkong bilan savdo-sotiq munosabatlarini batamom yoki qisman to‘xtatib turishga majbur ekani bilan izohladi. AQSh davlat kotibi Maykl Pompeoning nazarida Gongkong sezilarli muxtorlikka ega bo‘lishi uning AQSh nazdida savdo borasida maxsus imtiyozga ega bo‘lishini anglatadi.
Bundan bir necha yil avval xitoyliklar Makao va Gongkongda ham tartibsizliklarga sabab bo‘lgan, yangi qonun Yangi Zelandiya fuqarolariga bosh prokuror orderisiz uylarda tintuv o‘tkazish imkonini beradi. Natijada bu gongkongliklar yanada ko‘p ommaviy ravishda ko‘chalarda norozilik namoyishlari o‘tkazishi uchun sabab bo‘ladi.
Oxirgi 11 yil davomida sobiq Portugaliya koloniyasi bo‘lgan Makaoda bunday qonun deyarli qo‘llanilmay keldi. Mahalliy hukumat vaqti-vaqti bilan yuz beradigan namoyishlarni bostirishda xalqaro huquq normalariga amal qildi, biroq Makao hukumati Gongkongdagi vaziyatdan farqli ravishda butun dunyo hamdardligiga sababchi bo‘ladigan demokratik harakatlarga duch kelmadi.
Inson huquqlari haqidagi qonun hozircha Gongkong aholisini himoya qilib kelayotgan bo‘lsa-da, Pekin tayyorlab qo‘ygan qonunda ancha zaif nuqtalar mavjud va bu inson huquqlari borasidagi qonunni chetlab o‘tish imkonini beradi.
Xalqaro huquq normalariga ko‘ra, agar shaxs Gongkong manfaatlari uchun ayirmachilik, qo‘poruvchilik, xorijliklar bilan Gongkong manfaatlari yo‘lida harakat qiladigan bo‘lsa, ular qonuniy javobgarlikka tortilishdan qo‘rqmasa ham bo‘ladi. Yangi qonunda esa bunday bandlarning yo‘qligi xavotirga asos.
Pekin tayyorlagan qonun 2003-yilda qabul qilingan qonun nazarda tutgan bandlarni cheklaydi va namoyishlarni terrorchi xuruji sifatida baholaydi. Eski va yangi qonun o‘rtasidagi tafovutlar Gongkong mustaqilligini cheklashga qaratilar ekan, Xitoy hukumati yaqin kelajakda Gongkong uchun yanada og‘irroq bo‘lgan qonun loyihasini taqdim qilishi mumkinligidan darak.
Pandemiya sababli Xitoy hukumatini aybdor qilishga urinayotgan AQSh hukumati “osmon osti” saltanati bilan iqtisodiy va siyosiy masalalarda yanada ko‘proq tortishishlar maydonini yaratadi.
AQSH tahdidlari Xitoyga hech narsa qilolmaydimi?
Pekinning Gongkong xavfsizligi borasida tayyorlagan qarori ortidan Tramp ma’muriyati Xitoyga qarshi iqtisodiy jazolar kiritishi bilan tahdid qildi, ammo Gongkong Xitoyga qarashli ekani va Vashingtonning har qanday chorasi bu navbatdagi qog‘oz axlat uyumi bo‘lishdan boshqa narsaga yaramaydi, deb yozadi The Global Times nashri.
Seshanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z bayonotida hafta oxirigacha Xitoyga qarshi qaratilgan jazo choralarini e’lon qilishini aytdi. AQSh matbuotida kiritiladigan jazo choralari sirasiga xitoylik davlat xizmatchilarining, kompaniyalarining AQShdagi aktivlari muzlatib qo‘yilishi, xitoylik davlat amaldorlariga vizalar berilishini taqiqlash kabi choralar mavjudligi haqida yozilmoqda. Jurnalistlar Oq uy matbuot kotibidan Vashington Gongkongni alohida bojxona hududi maqomidan mahrum qiladimi deb so‘rashganda, matbuot kotibi bu haqida hech narsa ayta olmasligini bildirdi.
Xitoy Gongkong xavfsizligi borasidagi qonunni qabul qilish uchun tayyor turar ekan, bu Xitoy hukumatining AQSh tarafidan bo‘ladigan bosimlarga ham tayyor ekanidan dalolat. Xitoyliklar nazarida esa jismoniy shaxslarga qarshi qaratilgan jazo choralari bema’nilikdan boshqa narsa emas. Shunga qaramasdan, Gongkong uchun milliy xavfsizlik haqidagi qonun tarafdorlar yig‘ishda davom etmoqda.
Shuningdek, xitoyliklar AQSh Xitoyni bo‘g‘ishga urinayotganini, ikki mamlakat o‘rtasidagi raqobat uzoq davom etishi, AQSh agressiyasi arafasida Xitoy rahbariyati xotirjamlikni saqlab qolishi muhim ekanini biladi. Xitoy o‘z harbiy qudratini kuchaytirib, yadro quroliga ega bo‘lgan ekan, AQSh Xitoy bilan harbiy nizoga yo‘l qo‘yishni istamaydi. Mamlakat uchun eng maqbul yo‘l bu Xitoy bilan aloqalarni uzish. Xitoy esa impulsiv harakatlarni chetga surib, o‘z aloqalarini AQSh bilan uzmaydi, aksincha, Xitoy bozorlarini tashqi dunyo uchun daromadli ekanini kuchaytirishda davom etadi.
AQSHning eng asosiy ustun jihati bu hozircha yuqori texnologiyalar bo‘lib turibdi. Xitoy esa buni yaxshi anglaydi va yuqori texnologiyalar sohasida ortda qolishga chek qo‘yish uchun intilishi lozim. Bir necha o‘n yil avval Xitoy atom bombasini yarata oldi, ballistik raketalarni ishlab chiqdi, Yerning sun’iy yo‘ldoshini uchirdi va qudratli davlatlar qatoriga qo‘shildi.
AQShning yana bir qudrati uning moliyaviy gegemonligida. Agar AQSh moliyaviy qudratidan foydalanishga jur’at etadigan bo‘lsa, bu holda u o‘zi boshqarayotgan moliyaviy tizimga ham putur yetkazadi. Basharti moliyaviy urush nazoratdan chiqib ketadigan bo‘lsa, bundan AQShning o‘zi ham zarar ko‘radi. AQSh iqtisodiyoti qisqarishlarni boshidan kechirar ekan, mamlakat moliya sektoriga qaramlik yuzaga keladi. Demak, moliyaviy urush AQSh uchun o‘zini yakson qilish bilan barobar.
Xitoy esa ko‘p millionli aholiga, rivojlanib borayotgan ulkan bozorlarga ega ekan bunday imkoniyatli mamlakatni ajratib qo‘yish mushkul va bema’nilikdir. Gongkong uchun AQSh—Xitoy mojarosi davom etar ekan, Gongkong Xitoy suvereniteti himoyasida bo‘ladi. AQSh qanday qartalar bilan o‘ynamasin, Vashingtonning har qanday qonuni byurokrat kanselyariya axlati bo‘lib qolaveradi.
Xitoy va AQSh raqobati uzoq davom etadigan jarayonligi hisobga olinsa, Xitoy uchun hozirgi vaqtda eng to‘g‘ri yo‘l mamlakat ichidagi zaxiralarni to‘ldirib olish va tashqi hujumlarga keragicha qarshi turishdir.
Jahongir Ergashev tayyorladi.
Izoh (0)