Xitoy hukumati aviakompaniyalardan AQSH bilan savdo urushi doirasida Boeing samolyotlarini sotib olmaslikni talab qildi. Bu haqda manbalarga tayanib, Bloomberg xabar berdi.

Aviakompaniyalardan AQSHda ishlab chiqarilgan uskunalar va ehtiyot qismlarni xarid qilishni to‘xtatish ham so‘ralgan. Tegishli ko‘rsatmalarga AQSH Xitoy tovarlariga nisbatan bojlarni 145 foizga oshirgani sabab bo‘ldi. Pekin bunga javoban Amerika mahsulotlariga 125 foizlik bojlar e’lon qilgan.
Bojlarning o‘zi Amerikada ishlab chiqarilgan samolyotlar va ehtiyot qismlar narxini ikki baravardan ko‘proqqa oshiradi. Shuning uchun Xitoy aviakompaniyalari Boeing samolyotlarini xarid qilish iqtisodiy jihatdan foydali emas.
Hukumat Boeing samolyotlarini lizingga olgan va xarajatlari oshishiga duch kelgan aviakompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash usullarini ko‘rib chiqmoqda.
Aviation Flights Group ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy aviakompaniyalari, jumladan, China Southern Airlines Co., Air China Ltd. va Xiamen Airlines Co. parkidan o‘nga yaqin Boeing 737 Max samolyotlari o‘rin olishi kerak. Pekin ularning bir qismini hali ham qabul qilishi mumkin, chunki xarid bo‘yicha hujjatlar Xitoy bojlari kuchga kirgan 12-aprelgacha rasmiylashtirilgan.
Boeing avvalroq savdo urushining kuchayishi pandemiyadan keyin endigina tiklana boshlagan ta’minot zanjirlariga zarar yetkazishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.
Trampning savdo urushi
2-aprel kuni AQSH prezidenti Donald Tramp barcha davlatlar uchun 10 foizlik asosiy tariflarni joriy qildi. Ammo bojlar har bir davlatning savdo balansiga qarab o‘zgardi. Xitoy bilan savdoda yirik defitsit mavjudligi bois AQSH bu mamlakat uchun tariflarni ancha yuqori darajaga ko‘tarib, 34 foizga yetkazdi.
Bunga javoban Pekin ham shuncha miqdorda Amerika tovarlariga bojlar soldi. Shundan so‘ng Tramp agar Pekin javob choralaridan voz kechmasa, bojlarni 50 foizgacha oshirish bilan tahdid qildi. Shu sababli bojlar 104 foizga oshdi.
Natijada Xitoy Amerika mahsulotlari uchun bojlarni 84 foizga oshirishini e’lon qildi. Mazkur e’lon ortidan Tramp Pekin uchun tariflar 125 foizga chiqishini aytdi, keyinchalik buni 145 foizga oshirdi. Xitoy mazkur tariflarga javoban stavkani 125 foizga ko‘tardi.
Xitoy AQSHni “o‘zaro bojlar”ni bekor qilishga va o‘zining noto‘g‘ri amaliyotini tuzatishga chaqirdi. XXR raisi Si Szinpin hech bir davlat “boj urushi”dan yutmasligini qayd etdi.
Izoh (0)