Har yili may oyining birinchi dushanbasida eng mashhur yulduzlar Nyu Yorkdagi Metropolitan muzeyida o‘tkaziladigan nufuzli Met Gala tadbiriga to‘planishadi. Bu yilgi tadbir 5-maydan 6-mayga o‘tar kechasi boshlanadi.
Mashhurlar taklif etilganlar ro‘yxatiga kirish uchun tashkilotchilar belgilagan qoidalarga qat’iy rioya qilishlari shart. Bu qoidalarning ayrimlari tushunarli, boshqalari esa biroz g‘alati, ammo ularning barchasi bajarilishi majburiy hisoblanadi.
Telefonsiz
2015-yildayoq Anna Vintur gala-konsertda telefonlardan foydalanishni taqiqlashni joriy etgandi. U buni mehmonlarning xavfsizligi va tadbirdan to‘liq zavq olishlari” bilan izohlagan. Mehmonlarni suratga olish uchun maxsus fotograflar jalb qilingan.
Bolalarning ishtirokini taqiqlash
Met Gala’dan olingan fotosuratlarni ko‘zdan kechirganda tadbirda bolalarning yo‘qligini sezish qiyin emas. Uzoq vaqtdan beri amal qilib kelinayotgan qoidalarga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan shaxslar balga kiritilmaydi. Biroq istisnolar ham mavjud: agar voyaga yetmaganga ota-onasi hamroh bo‘lsa, ruxsat beriladi.
Belgilangan joyda o‘tirish
Met Gala boshidan oxirigacha o‘ta rasmiy tadbir hisoblanadi. Yuqorida ta’kidlangan eksklyuzivligiga qaramay, har yili balga yuzlab mehmonlar tashrif buyuradi va ko‘p sonli ishtirokchilar tufayli ular uchun joylar qat’iy taqsimlanadi.
Keyingi yilgi moda tadbiriga taklif etilmaslikdan tashvishlanish barobarida, mehmonlar bu qoidaga rioya qilishadi. Chunki ular o‘tirish tartibini tuzuvchilarga hurmat ko‘rsatishadi. Tashkilotchilar bir-biri bilan suhbatlashishi mumkin bo‘lgan mashhurlarni yonma-yon joylashtirishga harakat qilishadi. Ularga tan berish kerak: ommaviy axborot vositalarida shov-shuvli xabarlar uchun sun’iy vaziyat yaratish, media maydonida bir-birini yoqtirmaydigan ashaddiy raqiblarni yonma-yon o‘tqizish tashkilotchilarning maqsadiga kirmaydi.
Chekish mumkin emas
Avval aytib o‘tilganidek, Met Gala San’at muzeyida o‘tkaziladi. Anna Vintur va uning xodimlari balga tashrif buyurish uchun ko‘plab qulayliklar yaratgan bo‘lsa-da, ba’zi qoidalar shunchaki muzeyning umumiy ko‘rsatmalaridan iborat. Bu ko‘rsatmalarga barcha tashrif buyuruvchilar — xoh ular Met Gala’ga kelgan bo‘lsin, xoh boshqa vaqtda tashrif buyurgan bo‘lsin — rioya qilishlari shart. Ana shunday qoidalardan biri — chekishning man etilganidir.
Ammo Dakota Jonson va Frensis Bin Kobeyn kabi ko‘plab taniqli shaxslar hojatxonada sigaret chekayotgan holda suratga olingan, ammo hozircha ular gala-konsertga tashrif buyurish huquqidan mahrum etilmagan.
Petrushka va sarimsoqsiz taomlar
Anna Vintur 1995-yildan buyon Met Gala’ni boshqarib kelmoqda va shu vaqt mobaynida mazkur tadbirni tashkil etishda o‘ta mas’uliyatli munosabati bilan tanilgan. Shubhasiz, jurnalist har bir Met Gala’da bayram libosiga sig‘ish uchun haftalab parhez qilib kelgan ko‘plab mashhurlar to‘planadigan tadbirda yengil taomlarni e’tibordan chetda qoldirmagan.
Xususan, petrushka, piyoz va sarimsoq — taomnoma uchun taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxatining asosiy mahsulotidir.
Kiyinish qoidalariga rioya qilish
Met Gala har yili gala-konsertning kiyinish qoidalarini belgilaydi. O‘tgan yillardagi mavzular orasida “Xitoy: ko‘zgu ortida”, “Samoviy jismlar: moda va katolik tasavvuri” hamda “Karl Lagerfeld: go‘zallik chizig‘i” kabilar bor edi. Taklif etilgan mehmоnlarga mavzuga mos ravishda kiyinish tavsiya etiladi, bu esa qizil gilamda ko‘rish mumkin bo‘lgan ko‘plab esda qolarli qiyofalarni yaratish imkonini beradi. Biroq Anna Vintur mehmonning tashqi ko‘rinishidan mamnun bo‘lmasa, libos, albatta, boshqasiga almashtirilishi shart.
Majburiy tashrif
Agar yulduz Met Gala’ga taklif etilganlar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, hech qanday bahonaga o‘rin yo‘q: Anna Vintur bunday bepisandlikdan xafa bo‘lishi va tadbirni e’tiborsiz qoldirgan mashhurni boshqa hech qachon mehmonlar ro‘yxatiga kiritmasligi ehtimoli juda yuqori.
Vinturga yaqin manbalardan biri shunday deydi: “Men shaharda bo‘lmagani yoki tadbir mavzusi yoqmagani uchun gala-konsertga kelmagan odamlarni bilaman. Bunday qilganingizdan so‘ng, agar siz eng mashhur uchlikka kirmasangiz, ya’ni joriy yildagi eng mashhur uchta yulduzdan biri bo‘lmasangiz, keyingi safar sizni taklif qilishmaydi”.
Chaqirilmaganlarni kiritmaslik
Vinturning shaxsiy biografiyasi muallifi Emi Odellning ta’kidlashicha, nufuzli jurnalist Met Gala’ni to‘liq nazorat qiladi, ya’ni “u ma’qullamasa, hech kim tadbirga kira olmaydi”.
Vintur, shuningdek, mehmonlarga balda qayta ishtirok etishni taqiqlashi mumkin. 2017-yilda jurnalist “Jeyms Korden bilan kechki shou” ko‘rsatuvining “Hammasini ochiqchasiga ayt” deb nomlangan epizodida qatnashadi. Bu epizodda mehmonlar noqulay, ig‘vogarona savollarga javob berishlari yoki jirkanch taomlarni yeyishlari kerak edi. Undan Met Gala’ga qaytishiga ruxsat bermaydigan mashhurlar bormi, deb so‘rashganda Vintur oddiy qilib: “Donald Tramp” deb javob beradi.
Izoh (0)