Eronda ota go‘zallik salonida ishlayotgani uchun 18 yoshli qizini o‘ldirdi. Bu haqda Iran Wire xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, hodisa Islomshahr shahrida sodir bo‘lgan. Fotima Sultoniy otasining munosabatidan qo‘rqib ayollar go‘zallik salonida yashirincha ishlagan.
U otasining unga va onasiga nisbatan zo‘ravonlik tarixi tufayli mustaqil yashagan, deyiladi xabarda.
Ota qizining ish joyini Instagram sahifasida topgan va mijoz qiyofasida qo‘ng‘iroq qilib, go‘zallik saloniga kelgan. Qiz tashqarida otasini ko‘rgach, tashvishga tushib, maslahat so‘rab onasiga qo‘ng‘iroq qilgan.
Ayollar huquqlari faoli Pardis Rabieiyning ta’kidlashicha, voqea guvohlari otaning salon ichiga pichoq bilan kirib, xodimlar va mijozlar ko‘z o‘ngida qiziga bir necha bor pichoq urganini ko‘rgan. U qizining sochidan ushlab, boshini tanasidan judo qilmoqchi bo‘lgan, biroq atrofdagilar qichqirganida qochib ketgan. Shundan so‘ng erkak xotiniga qo‘ng‘iroq qilib: “Seni bu qayg‘u bilan qoldirdim”, degan.
HRANA yangiliklar agentligi jinoyatchi qo‘lga olingani, unga nisbatan ish ochilgani haqida xabar berdi.
Etemad gazetasining yozishicha, 2024-yilning mart—sentyabr oylarida Eronda 78 nafar ayol qarindoshlari yoki oila a’zolari tomonidan o‘ldirilgan. Shargh gazetasi 2021-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan davrda oilaning erkak a’zolari kamida 165 nafar ayolni o‘ldirgani haqida xabar bergan. Bu borada rasmiy statistika mavjud emas. Yuqoridagi raqamlar faqat xabar qilingan qotilliklarni aks ettiradi va haqiqiy raqamlar ancha yuqori bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)