Afg‘onistonning G‘ur viloyatida kuyovdan mahr talab qilish taqiqlandi. Bu haqda “Tolibon”ning tegishli ko‘rsatmasiga tayanib, Hasht-e Subh Daily xabar berdi.

“Ulamolar kengashi raisligi” va “Fazilatni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish” boshqarmasi og‘ir mahrlarni taqiqlovchi qaror chiqargan. Qarorga ko‘ra, kuyov tomonidan kiyim-kechak va boshqa aksessuarlar talab qilish, shuningdek, Hayit, Navro‘z, chilla va boshqa tadbirlar munosabati bilan naqd pul yoki boshqa buyumlar olish taqiqlanadi. “Tolibon” G‘ur viloyati aholisi ularning buyrug‘iga bo‘ysunishiga umid bildirmoqda.
Ta’kidlanishicha, bir necha kun avval G‘ur viloyatida Abida ismli qiz “Tolibon” jangchisiga majburan turmushga chiqishga rozi bo‘lmagani uchun o‘zini yoqib yuborgan. Ushbu qaror aynan shu voqeadan so‘ng qabul qilingan. Biroq “Tolibon” bu fojiali hodisaga hali izoh bergani yo‘q.
“Tolibon” rejimi ostida cheklovlar kuchayib borayotgani sababli, afg‘on qizlari va ayollari mamlakatda og‘ir sharoitda yashashga majbur bo‘lmoqda. Afg‘onistonda ayollarga nisbatan joriy qilingan ayrim taqiqlar quyidagilardan iborat:
- afg‘onistonlik ayollarning BMT idoralarida ishlashi;
- erkaklarga ayollar uchun kiyim tikish;
- ayollarning erkak shifokorlarga borishi;
- ayollarning shifoxonaga yolg‘iz borishi;
- ayollarning istirohat bog‘iga tashrif buyurishi;
- oilalar va ayollarning bog‘lari yoki yashil hududlari bo‘lgan restoranlarga kirishi;
- ayollar ovozi eshitilgan reklamalarni efirga uzatish;
- ayollarning sotuvchilari bilan savdolashish;
- akusher va hamshiralikka o‘qish;
- ayollarga bir-biri bilan gaplashish taqiqlangan.
Izoh (0)