Joriy yilda 30 ming afg‘onistonlik Saudiya Arabistoniga haj safariga boradi. 230 kishidan iborat birinchi guruh 29-aprel kuni yo‘lga chiqdi, deya xabar bermoqda Khaama press nashri.

“Tolibon” ma’muriyati ziyoratchilarni jo‘natish boshlangani haqida e’lon qildi. Bayonotga ko‘ra, ziyoratchilarni ikkita milliy aviakompaniya — Ariana Afghan Airlines va Kam Air manzilga yetkazadi. May oyida ular Saudiya Arabistoniga jami 97 ta parvozni amalga oshiradi.
Ma`lum qilinishicha, ziyoratchilar tashkiliy ishlarini va logistikasini yaxshilash maqsadida turli viloyatlarda maxsus Haj muvofiqlashtirish markazlari tashkil etildi. Haj safari narxi har bir ziyoratchi uchun 3924 AQSH dollari miqdorida belgilangan.
Asia Plus nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni 2025-yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari: O‘zbekistonga - 15 ming, Tojikistonga — 7 ming, Qozog‘istonga — 4,5 ming, Qirg‘izistonga — 6,06 ming kvota ajratdi. Turkmanistonga qancha ajratilgani noma’lum, o‘tgan yili 289 nafar ziyoratchiga borish uchun ruxsat berilgandi. Rossiyaga 25 ming kvota ajratilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda Saudiya Arabistoni ziyorat qilmoqchi bo‘lgan chet elliklar uchun yangi qoidalarni joriy etdi. Endi muqaddas joylarni ziyorat qilish uchun haj vizasiga ega bo‘lish shart.
Vizasi tugaganlarga boshpana bergan yoki ularni hajga olib borgan shaxslarga ham jarima qo‘llaniladi. Makka va Madina shahriga faqat haj uchun maxsus viza asosida kirishga ruxsat beriladi.
Saudiya Arabistoni O‘zbekiston fuqarolari uchun onlayn sayyohlik (turist) viza olish imkoniyatini yopib qo‘ygani xabar qilingandi.
Izoh (0)