Jahon bankining Inspeksiya kengashi Tojikistonda qurilayotgan Rog‘un GES bilan bog‘liq loyihalarni tekshirish uchun O‘zbekiston va Turkmaniston aholisidan kelib tushgan shikoyatni qabul qildi.
-T6ifC9Af.avif)
Shikoyat Jahon bankining “Rog‘un GESni barqaror moliyalashtirish” loyihasi va unga bog‘liq texnik yordam loyihasi doirasida ajratilgan 350 million dollarlik sarmoyaga oid. Murojaatchilar Jahon banki va yana 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratishni va’da qilgan bir qator moliyaviy institutlarning Rog‘un GES loyihasini moliyalashtirishidan norozi. Ular bu tashkilotlar loyihaning atrof-muhitga salbiy ta’siri va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun xavfli oqibatlarini yetarlicha inobatga olmaganini aytmoqda.
Hozirda Rog‘un GES qurilishini yakunlash bilan bog‘liq asosiy muammo shundaki, mavjud atrof-muhit va ijtimoiy ta’sirni baholash to‘liq emas. U eski — 11 yil avvalgi ma’lumotlar va yondashuvlarga asoslangan va loyiha bilan bog‘liq asosiy xavflarni yetarlicha aks ettirmaydi.
♦ Ekologik oqibatlar
Hujjatlarda daryoning quyi oqimida, ayniqsa, Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik ofat zonasida yashovchi mahalliy aholi manfaatlari to‘liq hisobga olinmagan. Vaxsh daryosi suvining qurilish, suv omborini to‘ldirish (bu jarayon kamida 15 yil davom etadi) va GESni ekspluatatsiya qilish davrida kamayishi hamda mavsumiy qayta taqsimlanishi, daryoning quyi oqimlarida — xususan Vaxsh va Amudaryoning quyi hududlarida suv tanqisligini keltirib chiqaradi.

Jahon bankining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, Rog‘un suv omborini to‘ldirish bosqichida Amudaryoning Orol dengiziga oqimi yiliga 0,8-1,2 kub kilometrga kamayadi. Bu esa hozirgi deltaga oqib kelayotgan oqimning kamida 25 foizini tashkil etadi. Bunday ulkan hajmdagi suvning yo‘qotilishi allaqachon zaiflashgan tabiiy va inson ta’siridagi ekotizimlarni yanada og‘ir ahvolga solib qo‘yadi, yerlarning degradatsiyasi, sho‘rlanishi va cho‘llanishini kuchaytiradi.
♦ Aholi boshqa hududlarga ko‘chirilishi mumkin
Amudaryo quyi oqimida yashovchi aholi, shu jumladan, Sovet davridagi noto‘g‘ri rejalashtirilgan gidroinshootlar sabab yuzaga kelgan Orol fojiasining oqibatlarini boshdan kechirmoqda. Changli bo‘ronlar va sifatsiz ichimlik suvi tufayli sog‘liqning yomonlashuvi, suv tanqisligi va yerlarning degradatsiyasi oqibatida tirikchilik manbalarining yo‘qolishi mintaqa aholisi hayotining kundalik haqiqatidir.
Rog‘un loyihasi ushbu muammolarni yanada kuchaytirishi mumkin. Daryo oqimi rejimining o‘zgarishi (ya’ni suvning bahor—yoz mavsumidan ko‘ra ko‘proq qish mavsumiga qayta taqsimlanishi) qishloq xo‘jaligi va suv ta’minoti tizimlarini katta xarajatlar evaziga tubdan qayta tashkil qilishni talab qiladi. Eng yomon holatda esa bu mahalliy ijtimoiy-iqtisodiy tizimning butunlay izdan chiqishiga va majburiy migratsiya kabi og‘ir ijtimoiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, birgina Tojikistonda Rog‘un suv ombori suv ostida qoladigan hududlardan 50 mingdan ortiq odam majburiy ko‘chiriladi. Biroq Amudaryoning quyi oqimidagi boshqa davlatlarda ham yanada ko‘proq odamlar daromad manbalarining yo‘qolishi sababli iqtisodiy migrantga aylanishi mumkin.
Loyihada Rog‘un GESning Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali kabi boshqa yirik suv xo‘jaligi loyihalari bilan birgalikda sinergetik ta’siri deyarli hisobga olinmagan. Mutaxassislarning hech biri bu ikki gigant loyiha ishga tushganda Amudaryo va unga bog‘liq ekotizimlar hamda aholi qancha zarar ko‘rishi haqida asosli prognoz berganicha yo‘q.
Amudaryoga bunday ikki tomonlama zarba butun havza uchun, ayniqsa, mintaqada prognoz qilinayotgan iqlim o‘zgarishi va suv resurslarining kamayishi sharoitida ulkan noaniqlik va xavf tug‘diradi.

Rog‘un GESni yakunlash loyihasi mintaqaning noyob biologik xilma-xilligiga ham xavf solmoqda. Bu jarayonda to‘qayli daryo bo‘yidagi ekotizimlar zarar ko‘rishi mumkin. Jumladan YUNESKOning Jahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritilgan “Tigrovaya balka” hamda O‘zbekiston va Turkmaniston chegarasidagi Amudaryo qo‘riqxonasi.
Tabiatning suvga bo‘lgan ehtiyojini qoplash uchun dastlab Vaxsh daryosidagi GESlar tizimidan bahor faslida ekologik suv chiqarishlar rejalashtirilgan edi. Ammo loyiha rivojlanib borgani sari bu Rog‘un GESni qurib bitirish bo‘yicha hujjatlardan olib tashlandi. Bunday sun’iy toshqinlarsiz esa Jahon merosi ro‘yxatidagi daryo bo‘yidagi hududlar cho‘llanish xavfiga duchor bo‘ladi.
♦ Sukunat ortidagi xavf
Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, 11 yil avvalgi vaziyatdan farqli o‘laroq, hozirda Rog‘un GESni qurib bitirish rejalariga O‘zbekiston va Turkmaniston tomonidan ochiq norozilik bildirilmayapti. O‘shanda Toshkent va Ashxobod bu loyihaga keskin qarshi chiqqan edi, bugun esa rasmiylar jamoatchilik oldida qarshilik bildirmayapti.

Bu sukunat xavf-xatarlar yo‘qligini anglatmaydi, balki u o‘zgargan geosiyosiy vaziyatni yoki Markaziy Osiyo suv muammolarini davlatlararo muhokama qilishda shaffoflikning yetishmasligini aks ettirishi mumkin.
Biroq qo‘shni davlatlar tomonidan ochiq tanqidning yo‘qligi loyiha tashabbuskorlari yoki unga pul ajratayotgan moliyaviy institutlar zimmasidagi mas’uliyatni kamaytirmaydi. Rog‘un GESning butun mintaqa uchun ekologik va ijtimoiy xavfsizligini ta’minlash ularning mas’uliyati bo‘lib qoladi. Hozirga qadar esa Rog‘un GESning ishlash rejimini belgilovchi, quyida joylashgan mamlakatlar aholisiga va ekotizimlariga xavflarni kamaytirishni kafolatlovchi hech qanday bitimlar ishlab chiqilmagan va imzolanmagan.
♦ Qimmat loyiha
Loyihaning hozirgi maksimal 335 metr balandlikdagi to‘g‘on bilan amalga oshirilayotgan varianti iqtisodiy jihatdan qanchalik maqsadga muvofiqligi ham savollar uyg‘otmoqda. Garchi Rog‘un GESga allaqachon 5 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflangan bo‘lsa-da, qurilish xarajatlari tinimsiz oshib bormoqda va hozirda 6 milliard dollardan ham oshib ketgan. Bu esa ishlab chiqariladigan elektr energiyasi juda qimmat narxda sotilishini taqozo etadi — toki stansiya qurilishiga kiritilgan sarmoyalar o‘zini oqlaguncha.

♦ Rog‘un GES elektr energiyasi xaridori kim?
Qo‘shni davlatlar o‘z energetikasini jadal sur’atlar bilan rivojlantirmoqda, Afg‘oniston va Pokistonning to‘lov qobiliyati shubhali. Tojikiston hukumati esa mahalliy aholi uchun elektr energiyasi tariflarini har yili oshirib bormoqda. Bu yil esa elektr energiyasi uchun to‘lovdan bo‘yin tovlaganlik uchun hatto qamoq jazosiga qadar jinoiy jazo joriy etildi.
Ishonchli ma’lumotlarning yo‘qligi va o‘z xavotirlarini erkin bildirish imkoniyati bo‘lmasligi mintaqa aholisi uchun so‘z erkinligini va kelajakni rejalashtirish huquqini cheklaydi. Shikoyat bilan Inspeksiya kengashiga murojaat qilgan fuqarolar ta’qibdan qo‘rqqani uchun maxfiylikni so‘rashga majbur bo‘lgan. Bu esa mintaqadagi fuqarolik jamiyatining holati haqida juda aniq tasavvur beradi.
♦ Ekologlar murojaati
Ekologlar va GES loyihasidan shikoyat bildirganlar Jahon banki va boshqa investorlardan Rog‘un GESni moliyalashtirishni iqlim o‘zgarishi va Qo‘shtepa loyihasi oqibatlarini hisobga olgan holda to‘xtatib turishga chaqirmoqda. Ular barcha xavf-xatarlar, shu jumladan, kumulyativ va transchegaraviy ta’sirlar har tomonlama, mustaqil va shaffof baholanishi kerakligini aytgan.

Bundan tashqari, salbiy oqibatlarni kamaytirishi mumkin bo‘lgan to‘g‘on balandligi pasaytirilgan variantlarni to‘liq tahlil qilish lozim.
Loyiha muhokamasida Amudaryo havzasidagi barcha mamlakatlar jamoatchiligining real va xavfsiz ishtirokini ta’minlash, foydani taqsimlash va zararni qoplashning adolatli mexanizmlarini ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega. Bu talablarni hisobga olmaslik Markaziy Osiyoda tiklab bo‘lmaydigan ekologik va ijtimoiy halokatga olib kelishi mumkin.
Izoh (0)