O‘zbekistonda 2025-yil aprel oyida 7 802 nafar fuqaroga ijtimoiy to‘lovlar tayinlab berildi, deb xabar bermoqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi.
Unda keltirilishicha, agentlik tomonidan 2025-yil aprel oyida pensiya tayinlash uchun ish stajiga ega bo‘lmagan 7 802 nafar fuqaroga nafaqa, moddiy yordam va kompensatsiya pul to‘lovlari tayinlab berildi. Jumladan:
- 1 119 nafar fuqaroga — yoshga doir nafaqa;
- 2 694 nafar fuqaroga — nogironlik nafaqasi;
- 710 nafar oilaga — boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi;
- 2 098 nafar fuqaroga — nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga nogironlik nafaqasi;
- 912 nafar fuqaroga — parvarishlash nafaqasi;
- 228 nafar fuqaroga — o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxslarga moddiy yordam;
- 41 nafar fuqaroga — uy-joy, kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya pul to‘lovlari tayinlab berildi.
Ma’lumot uchun: 2025-yil mart oyida 7 479 nafar fuqaroga nafaqa, moddiy yordam va kompensatsiya pul to‘lovlari tayinlab berilgan.
O‘zbekistonda 2025-yil may oyida pensiya to‘lovlarini naqdsiz shaklda oluvchilarga mablag‘lar to‘liq moliyalashtirildi.
Pensiya jamg‘armasi tomonidan joriy yilning may oyi to‘lov ro‘yxatlariga kiritilgan 4,1 mln nafar pensiya oluvchilar uchun talab etilgan mablag‘lar tijorat banklariga moliyalashtirilib berilgan.
O‘z navbatida pensiya to‘lovlarini naqd pulsiz shaklda oluvchi 3,5 mln nafar (yoki jami oluvchilarning 84 foizi) fuqarolarning bank kartalariga mablag‘lar to‘liq yuklab berilishi ta’minlandi.
Ma’lumot uchun, hozirgi kunda O‘zbekistonda:
- mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHTEKM) — 1 155 000 so‘m;
- bazaviy hisoblash miqdori (BHM) — 375 000 so‘m;
- pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — 428 000 so‘m;
- yoshga doir eng kam pensiya — 834 000 so‘m;
- nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — 920 000 so‘m;
- mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa — 920 000 so‘m;
- zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa — 745 000 so‘m;
- ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — 745 000 so‘m.
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga pensiya olish yoshiga to‘lgan fuqarolarga yoshga doir pensiyani ularning alohida murojaatini talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash tartibini belgilashga oid qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilgan qonun loyihasi 2025-yilning fevralida deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilingandi. Pensiya jamg‘armasiga ko‘ra, fuqaroning shaxsiga oid barcha ma’lumotlar vazirlik va idoralarning elektron bazalaridan olinadi.
O‘zbekistonda oxirgi marta 2024-yil sentyabrda pensiyalar va nafaqalar 15 foizga oshirilgan edi. Xususan, yoshga doir eng kam pensiya miqdori oyiga 834 ming so‘m etib belgilandi.
Mart oyidagi nogironlik nafaqasi haqida
Jami I va II guruh nogironlik nafaqasi oluvchilar soni 315 057 nafarni tashkil etib, ularga mart oyi uchun jami 303,5 mlrd so‘m pul mablag‘lari to‘lab berilgan. Shundan:
- I guruh nogironlik nafaqasi oluvchilar soni: 38 574 nafar. Nafaqa miqdori esa: 1 027 000 so‘m.
- II guruh nogironlik nafaqasi oluvchilar: 276 483 nafar. Nafaqa miqdori: 920 000 so‘m.
Bundan tashqari, I guruh ko‘z bo‘yicha nogironlik nafaqasi bo‘yicha 4 782 nafar shaxs uy-joy kommunal xizmatlari uchun kompensatsiya oladi. To‘lov miqdori: 192 600 so‘m. Yuqorida keltirilgan uch toifalardagi nafaqa oluvchilarga mart oyida jami 931,8 mln so‘m mablag‘lar to‘lab berilgan.
18 yoshgacha bolalikdan nogironlik nafaqasi oluvchilar soni 171 380 nafarni tashkil etadi. Miqdori: 920 000 so‘m. Joriy yilning mart oyi uchun 163,6 mlrd so‘m to‘lab berilgan.
Izoh (0)