O‘zbekiston—Afg‘oniston agrar hamkorligining amaliy namunasi sifatida Afg‘oniston hududida “Do‘stlik bog‘i” barpo etiladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 30-aprel kuni qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshid Abduzuxurov va boshqa mas’ullardan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga xizmat safarini amalga oshirdi. Tashrif doirasida delegatsiya Afg‘oniston Qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vazirligi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, tajriba almashinuvi, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi. Tashrif doirasida O‘zbekiston—Afg‘oniston agrar hamkorligining amaliy namunasi sifatida Afg‘oniston hududida “Do‘stlik bog‘i” barpo etilishi rejalashtirilgan yer maydoni – 100 gektarli hudud ko‘zdan kechirildi.


“Do‘stlik bog‘i” loyihasi doirasida zamonaviy agrotexnologiyalar joriy etilishi, ikki davlat agrar sohasi mutaxassislarining hamkorlikda faoliyat yuritishi ko‘zda tutilgan. Loyiha orqali Afg‘oniston hududida intensiv bog‘dorchilik rivojlantirilib, meva yetishtirish salohiyatining oshishi, mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlarining yaratilishi va mintaqada barqaror iqtisodiy o‘sish uchun zamin yaratilishi kutilmoqda.
Xabarda ta’kidlanishicha, mazkur tashabbus O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, o‘zaro hurmat va manfaatli hamkorlik asosida rivojlanib borayotgan ikki tomonlama aloqalarning muhim ko‘rinishidir.
Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo—Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida so‘zlagan nutqida afg‘on tomonini mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga, jumladan, investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, ijtimoiy sohani qayta tiklash yo‘li bilan faol jalb etish zarurligini ta’kidlagandi. Prezident Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi yalpi majlisida ushbu mamlakatning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, amaldagi hukumat bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish, Afg‘onistonga Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas qismi va yangi imkoniyatlar makoni sifatida qarash lozimligini aytgandi.
Izoh (0)