Rossiya “Tolibon” harakatiga “Viloyati Xuroson” guruhi terrorchilariga qarshi kurashishda ko‘maklashadi. Bu haqda Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda RIA Novosti.

Biz “Tolibon”ning “global jihod”ning o‘ta radikal mafkurasini targ‘ib qiluvchi “Viloyati Xuroson”ga qarshi kurashidagi sa’y-harakatlarini kuzatib bormoqdamiz va qadrlayapmiz. Bu guruh Rossiya va Afg‘oniston uchun umumiy dushman hisoblanadi. Shu bois biz ushbu mamlakat hukumatiga tegishli tuzilmalar orqali barcha mumkin bo‘lgan yordamni ko‘rsatamiz, dedi Kabulov.
Shuningdek, u Rossiya Federatsiyasi Oliy sudning “Tolibon” harakati faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori mamlakatlar o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlik yo‘lidagi barcha to‘siqlarni butunlay bartaraf etishini ta’kidlagan. Bu masalaga yakuniy nuqta Afg‘oniston elchisining Moskvaga tashrifi chog‘ida qo‘yiladi.
Ma’lum qilinishicha, “Tolibon” Qobul va Moskva o‘rtasida to‘laqonli diplomatik va iqtisodiy aloqalar o‘rnatilishiga umid bog‘lamoqda. “Tolibon” hukumati rasmiy vakili Zabihulla Mujohidning ta’kidlashicha, harakat Rossiyadagi faoliyatiga qo‘yilgan taqiqning to‘xtatilishini muhim qadam sifatida baholamoqda.
Rossiya Oliy sudi 17-aprelda “Tolibon” harakatining Rossiyadagi faoliyatini taqiqlashni to‘xtatib turish haqida qaror chiqardi.
“Tolibon” 2021-yilda prezident Ashraf G‘ani hukumatini ag‘darib, Afg‘onistonni o‘z nazoratiga olgandi.
Izoh (0)