Irlandiya ma’lumotlarni himoya qilish komissiyasi Xitoyning ByteDance kompaniyasiga qarashli TikTok tarmog‘ini yevropalik foydalanuvchilarning ma’lumotlarini Xitoyga uzatgani uchun 530 million yevro miqdorida jarimaga tortdi. Bu haqda komissiya rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda ma’lum qilindi.

Bayonotda aytilishicha, tarmoq Yevropa Ittifoqining shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish qoidalarini buzgan.
“Qaror umumiy qiymati 530 million yevro bo‘lgan ma’muriy jarimalarni va TikTok’ni olti oy ichida ma’lumotlarni qayta ishlashni talablarga muvofiqlashtirish majburiyatini o‘z ichiga oladi. Shuningdek, agar ma’lumotlarni qayta ishlash belgilangan muddatda muvofiqlashtirmasa, TikTok ma’lumotlarini Xitoyga uzatishni to‘xtatish to‘g‘risidagi farmoyish ham qarorda mavjud”, deyiladi komissiya bayonotida.
Bu jarima Irlandiya regulyatori tomonidan belgilangan uchinchi eng katta jarima hisoblanadi. Avvalroq Meta korporatsiyasi 1,2 milliard yevro, texnologiya giganti Amazon esa 746 million yevro miqdorida jarimaga tortilgan edi.
TikTok’ning o‘zi ham ilgari voyaga yetmaganlarning shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashda gumon qilingan qoidabuzarliklar uchun regulyatordan 345 million yevro jarima olgan.
Irlandiya ma’lumotlarni himoya qilish komissiyasi muntazam ravishda yirik raqamli xizmatlarni Yevropa Ittifoqining maxfiylik qoidalarini buzgani uchun jarimaga tortadi. Komissiya Apple, Google, TikTok va boshqa raqamli gigantlarning Yevropadagi bosh qarorgohlari Irlandiyada joylashganligi sababli ularning faoliyatini nazorat qiladi. Hozirgi vaqtda regulyator mashhur raqamli kompaniyalarga nisbatan o‘nlab tekshiruvlar olib bormoqda.
Aprel oyida TikTok xizmatini sotish bo‘yicha kelishuv AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo nizosi hal bo‘lgunga qadar kechiktirilishi haqida xabar berilgan edi. AQSH prezidenti Donald Trampning fikricha, hozirda Pekin TikTok bo‘yicha kelishuv imzolashga shoshilmayotgani aniq.
Tramp ta’kidlashicha, Vashington bu vazifani uddalay oladigan “ba’zi juda yaxshi odamlar, ba’zi juda boy kompaniyalar” bilan kelishuvga erishgan.
TikTok bilan bog‘liq mo‘jarolar
2024-yilning avgust oyida AQSH TikTok va uning yaratilishi uchun asos bo‘lgan ByteDance kompaniyalarini sudga bergandi. AQSH muassasalari TikTok va ByteDance’ni bolalar shaxsiy daxlsizligi to‘g‘risidagi qonunlarni buzishda ayblagan. TikTok videohosting xizmati faoliyati qayta ko‘rib chiqilishi kerakligi, xalqaro hamjamiyat tartib-qoidalariga amal qilish zarurligi taʼkidlangan.
Yanvar oyida AQSH Oliy sudi TikTok’ni sotishni yoki ilovani mamlakatda butunlay taqiqlashni talab qiluvchi qonunni ma’qulladi.
Venesuela Oliy sudi TikTok’ni 10 million dollar miqdorida jarimaga tortgandi. Kompaniya turli chellenjlar tarqalishini nazorat qila olmayotganlikda ayblangan. Bu uchta bolaning o‘limiga olib kelgani aytilgandi.
2022-yilning aprelida Afg‘oniston hokimiyati tepasidagi “Tolibon” harakati aholiga TikTok ijtimoiy tarmog‘iga, shuningdek, PlayerUnknown’s Battlegrounds (PUBG) kompyuter o‘yiniga kirishni taqiqladi.
Izoh (0)