Xitoy davlat kengashi axborot byurosi “Oq kitob”ni e’lon qildi. Unda SARS-CoV-2 koronavirusining AQSHda Xitoyning Uxan shahridan oldinroq paydo bo‘lgani ta’kidlangan. Bu haqda Daily Mail xabar bermoqda.

Hujjatda “muhim dalillar shuni ko‘rsatmoqdaki, COVID-19 Qo‘shma Shtatlarda rasman e’lon qilingan sanadan va Xitoyda tarqalishidan oldinroq paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin”, deyilgan.
“Oq kitob”da AQSHning Florida shtatiga alohida e’tibor qaratilgan. U yerda birinchi kasallanish holati 2020-yil 1-martda rasman aniqlangan. Biroq ochiq manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, shtatda koronavirus yanvar oyidayoq tarqala boshlagan. Shu bilan birga bemorlarning aksariyati mamlakatdan tashqariga chiqmagan.
Aniqlik kiritilishicha, keyinchalik Amerika tomoni bu ma’lumotlarni o‘chirib tashlagan, ma’lumotlarni qayta ishlashga mas’ul bo‘lgan xodimlarni esa ishdan bo‘shatgan.
Bundan oldin AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Oq uy saytida SARS-CoV-2 koronavirusining kelib chiqishiga bag‘ishlangan maxsus sahifani ishga tushirgan edi. U Jo Bayden davrida yuritilgan sahifaning o‘rnini egalladi.
Sahifada virusning tabiatda uchramaydigan biologik xususiyatlarga ega ekani aytilgan. Oq uy bir milliondan ortiq amerikalikning o‘limiga sabab bo‘lgan pandemiyaga Xitoyning Uxan shahridagi laboratoriyadan virus sizib chiqishi sabab bo‘lganini ta’kidlagan.
Koronavirus pandemiyasi tarqalishi
Missuri shtatining Sharqiy okrugi sudi Xitoy hukumatini pandemiya boshida koronavirus tarqalishi haqidagi ma’lumotni yashirganlikda aybdor deb topib, 24 milliard dollardan ko‘proq jarimaga tortgandi.
AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqa mamlakatlardan bir guruh olimlar koronavirus tarqalishining manbai Xitoyning Uxan shahridagi dengiz mahsulotlari bozori ekanini aniqlagandi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Nin COVID-19 Xitoy laboratoriyasidan sizib chiqqan bo‘lishi mumkinligini da’vo qilib, Xitoyni obro‘sizlantirishni va koronavirusning kelib chiqishini siyosiylashtirishni bas qilish zarurligini bildirgandi.
2019-yil dekabr oyida Xitoy hukumati Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) Vuxanda pnevmoniya avj olgani haqida xabar bergan edi. 2020-yil mart oyida JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus virusning tez tarqalishi tufayli COVID-19 ni pandemiya deb eʼlon qildi.
Oxirgi maʼlumotlarga ko‘ra, koronavirus tufayli 7 milliondan ortiq odam vafot etgan. 2025-yil yanvar oyida Markaziy razvedka boshqarmasi virusning laboratoriyadan kelib chiqishi haqidagi hisobotni e’lon qilgandi.
Izoh (0)