Xiva shahrida “Arda Xiva” xalqaro turizm markazining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev marosimdagi nutqida viloyatning buyuk o‘tmishi va bugungi turizm salohiyati haqida so‘zladi.
“Xorazm dunyo sivilizatsiyasi va madaniyatiga bebaho hissa qo‘shgan Sharq gavharidir. Bu ko‘hna yurt jahonga dong‘i ketgan ne-ne olimu fozillar, sarkarda va sultonlar, aziz avliyolar, betakror shoir va hofizlar vatanidir”, deya taʼkidladi davlat rahbari.

Bu yerdagi muhtasham tarixiy obidalar bebaho boylik ekani qayd etildi. Ochiq osmon ostidagi shahar-muzey – “Ichan qalʼa” majmuasi umumbashariyat xazinasi sifatida YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan. Viloyatda 260 dan ziyod madaniy meros obyekti mavjud. Ular o‘zining noyob va go‘zal meʼmoriy qiyofasi bilan nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning jahon ravnaqidagi betakror o‘rnini belgilab beradigan tirik tarixdir.

Bugungi kunda bunga asoslanib, turizmni rivojlantirishga alohida strategik yo‘nalish sifatida eʼtibor qaratilmoqda. Tarixiy yodgorliklar, madaniy meros obyektlari asrab-avaylanib, global turizm tarmog‘iga faol jalb qilinmoqda.

Shu bilan birga, o‘zida tarix va zamonaviylikni mujassam etgan yirik turistik majmualar ham barpo qilinayotir. “Arda Xiva” shunday ulkan rejalarning yana bir amaliy natijasidir. Ushbu muhtasham xalqaro turistik maskanda 17 ta mehmonxona va mehmon uylari, 9 ta restoran, ochiq va yopiq akvaparklar, 3 ming o‘rinli amfiteatr, 5 ta kino va konsert zali, ko‘rgazmalar pavilyoni, 70 ta do‘kon, 300 ta savdo rastasi, 11 ta hunarmandlar uyi, Sharq bozori va zargarlik markazi, favvoralar, sohil bo‘yi yo‘lagi bor.

Bunday ishlar hisobidan viloyatga turistlar oqimi qo‘shimcha ravishda 1 million nafarga oshadi, xizmatlar 1,2 trillion so‘mga ko‘payadi, kamida 2 mingta ish o‘rni yaratiladi.
“Ishonchim komil, “Arda Xiva” Xorazmdagi turizm rivojida yangi sahifa ochadi, viloyatning ikkinchi “tashrif qog‘ozi”ga aylanadi. Ushbu betakror maskan Xorazmga, butun xalqimizga muborak bo‘lsin”, dedi prezident.

Yana bir yangilik – endi Xiva tumanidan 2 ming 400 gektar yer Xiva shahriga o‘tkazilib, u joyda “Sahro yulduzi” turistik majmuasi bunyod etiladi. Unda mehmonxonalar, ko‘ngilochar markazlar, gastronomik va savdo ko‘chalari, muzeylar, ekouylar, yozgi lager, ekstremal turizm joylari bo‘ladi.

Shuningdek, Tuproqqalʼada cho‘l hududidagi 5 ming gektar yerda safari va ov turizmi rivojlantiriladi. Urganch shahri, Shovot, Qo‘shko‘pir, Xiva va Hazoraspdan oqib o‘tadigan G‘azovot, Polvon, Shovot kanallari bo‘ylarida 50 million dollarlik 80 ta xizmat ko‘rsatish, savdo-ko‘ngilochar obyektlari ishga tushiriladi. Bog‘ot, Gurlan, Yangibozor va Urganch tumanida turizm qishloqlari tashkil etiladi.

Maʼmun akademiyasi binosi oldidagi 2 gektar bog‘ “Buyuk allomalar” nomli ochiq osmon ostidagi “smart” muzeyga aylantiriladi. Shu asosda Xorazm yurtida kamol topgan o‘nlab mumtoz ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li, boy ijodiy merosi interaktiv usulda bir nechta xorijiy tillarda sayyohlarga taqdim etiladi.

Davlat rahbari Amudaryoning ikki sohilida joylashgan Xorazm va Qoraqalpog‘iston elini Xudoi taoloning o‘zi taqdirdosh qilib yaratganini taʼkidladi. Shu bois Xorazmda turizmni rivojlantirish Qoraqalpog‘iston bilan hamohang ravishda, yagona konsepsiya asosida amalga oshiriladi. Buning uchun Xorazm – Qoraqalpog‘iston turizm halqasi loyihasi ishlab chiqiladi. Urganch – Gurlan – Mang‘it avtomobil yo‘li to‘liq rekonstruksiya qilinadi.
So‘nggi yillarda Xiva shahriga temir yo‘l tortilib, yangi vokzal qurildi, Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘li to‘liq elektrlashtirildi. 2026 yilda ushbu yo‘nalish bo‘ylab Jaloliddin Manguberdi nomi bilan ataladigan zamonaviy tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Yaqin kelajakda bu tezyurar poyezdlar Nukusgacha boradi.

Prezident marosimda qatnashayotgan xorijlik mehmonlarni ham qutlab, hamkor ellarga hurmat va ezgu tilaklarini bildirdi.
“Bugun dunyodagi murakkab vaziyatga qaramasdan, O‘zbekiston o‘z yo‘lidan dadil bormoqda. Xalqimiz tinchlik va farovonlik, do‘stlik va hamkorlik, bunyodkorlik ruhi bilan yashamoqda. Bizning har bir maqsad-rejamiz, har bir islohotimiz odamlarimiz hayotini yaxshilashga, ularni rozi qilishga qaratilgan va bu ishlarimiz, inshoolloh, bardavom bo‘lgay. Aminmanki, siz, azizlar bilan fidokorona mehnat qilib, Xorazm va Qoraqalpog‘istonni dunyodagi eng go‘zal va obod, ilm-fan va innovatsiyalar, madaniyat va sanʼat yanada rivojlangan zaminga aylantiramiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Marosim katta konsert namoyishi bilan yakunlandi.
Izoh (0)