Buyuk Britaniyaning Sharqiy Angliya universiteti olimlari tomonidan olib borgan yangi tadqiqotga ko‘ra, sun’iy intellekt yaratgan insholar hozircha haqiqiy talabalar yozgan ishlar darajasiga yeta olmayapti. Tadqiqot natijalari Written Communication jurnalida e’lon qilindi.

Ta’kidlanishicha, tadqiqotda 145 nafar haqiqiy talabaning ishlari va ChatGPT yaratgan insholar taqqoslangan. Tadqiqot “ChatGPT talaba kabi yozadimi? Argumentli insholardagi ishtirok belgilari” deb nomlangan.
Sun’iy intellekt yozgan insholar grammatik jihatdan to‘g‘ri va izchil bo‘lsa-da, ularda muhim bir narsa — shaxsiy yondashuv yetishmagan.
Inson va mashina yozuvi o‘rtasidagi chegara tobora yo‘qolib borayotgan bir paytda, tadqiqot raqamli asrda tanqidiy fikrlash va axloqiy ongni rivojlantirish muhimligini ta’kidlaydi.
Olingan natijalar butun dunyo bo‘ylab maktablar, kollejlar va universitetlardagi o‘qituvchilarga ko‘chirib yozish holatlarini aniqlashda va sun’iy intellekt yaratgan insholarni ajratib olishda yordam beradi, degan umid bor.
Ta’lim va uzluksiz ta’lim maktabi professori Ken Xaylandning aytishicha, ChatGPT omma e’tiboriga havola etilganidan beri o‘qituvchilar orasida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Ular o‘quvchilarning undan topshiriqlarni bajarishda foydalanishidan xavotirda.
“ChatGPT va boshqa sun’iy intellektga asoslangan yozuv vositalari ko‘chirib yozishga imkon berishi va asosiy savodxonlik hamda tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini zaiflashtirishi mumkinligidan xavotirdamiz. Bu ayniqsa dolzarb, chunki bizda hali sun’iy intellekt yaratgan matnlarni ishonchli aniqlash vositalari yo‘q. Ushbu xavotirlarga javoban, biz sun’iy intellekt inson yozuvini qanchalik aniq taqlid qila olishini, ayniqsa yozuvchilarning o‘quvchilar bilan qanday muloqot qilishiga e’tibor qaratib o‘rganishni xohladik”, deydi Xayland.
Tadqiqot guruhi haqiqiy talabalar yozgan 145 ta va ChatGPT yaratgan yana 145 ta inshoni tahlil qilgan.
“Biz ayniqsa “ishtirok belgilari” deb atagan narsalarni, masalan, savollar va shaxsiy izohlarni o‘rganishga qiziqish bildirdik. Haqiqiy talabalar yozgan insholarda ishtirok strategiyalarining boy to‘plami mavjudligini aniqladik, bu esa ularni yanada interaktiv va ishonarliroq qilgan. Ularda ko‘plab ritorik savollar, shaxsiy mulohazalar va o‘quvchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaatlar bor edi. Bularning barchasi aniqlikni oshiradigan, aloqani kuchaytiruvchi va kuchli dalillarni shakllantiruvchi usullardir. Boshqa tomondan, ChatGPT insholari tilning ravonligi bilan ajralib tursa-da, ko‘proq shaxssiz edi. Sun’iy intellekt insholari akademik yozuv me’yorlariga taqlid qilgan, ammo matnga shaxsiy tus bera olmagan yoki aniq nuqtai nazarni ifodalamagan”, deydi professor.
Kamchiliklariga qaramay, tadqiqot sun’iy intellektning o‘quv jarayonidagi rolini rad etmaydi. Aksincha, tadqiqotchilar ChatGPT kabi vositalardan vaqtni tejash uchun emas, balki o‘quv qo‘llanmalari sifatida foydalanish kerakligini ta’kidlaydilar.
“Talabalar maktab, kollej yoki universitetga kelganida, biz ularni shunchaki yozishga emas, balki fikrlashga o‘rgatamiz. Bu esa hech qanday algoritm takrorlay olmaydigan narsadir”, deya qo‘shimcha qildi professor Xayland.
Izoh (0)