Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Suzak tumanida 29-aprel kuni Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li loyihasi doirasida muhim obyektlar qurilishi boshlandi, deb xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, ushbu temiryo‘l qurilishi doirasida har biri 10 kilometrdan uzun bo‘lgan 3 ta tunnel qurish rejalashtirilgan:
- 1-son Norin (DjamanDavan) tunneli — uzunligi 12,5 kilometr;
- Qo‘shto‘ba (Kazarman) tunneli — uzunligi 13,2 kilometr;
- Farg‘ona tog‘ tunneli — uzunligi 12,2 kilometr.
-MQ_EXc7D.avif)
-s1w7Zdxv.avif)

Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li haqida
Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi g‘oyasi 1996-yildan beri muhokama qilib kelingandi. Shu vaqt ichida tomonlar qurilish shartlari bo‘yicha bir necha bor kelishib olgan, kamida 18 ta texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqilgan. Loyihani amalga oshirish murakkab geografik sharoitlar, temiryo‘l izining kengligi kabi hal etilmagan masalalar bilan murakkablashdi. Loyihani moliyalashtirish masalasi eng murakkabligi bilan ajralib turdi.
2022-yil sentyabrida Samarqandda O‘zbekiston—Qirg‘iziston—Xitoy temiryo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha uch davlat o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li qurilishiga start berish marosimini 2024-yil 27-dekabr kuni Jalolobod shahrida bo‘lib o‘tdi. Mazkur temiryo‘l loyihasining umumiy uzunligi 532,53 kilometrni tashkil etadi. Qashg‘ar—Torugart—Makmal—Jalolobod—Andijon yo‘nalishi bo‘ylab 20 ta stansiya, 42 ta ko‘prik va 25 tunnel barpo etiladi. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit va logistika infratuzilmasi: omborlar va terminallar yaratiladi.
“Bu bizning do‘stona mamlakatlarimiz qariyb 30 yildan buyon harakat qilib kelgan chinakam tarixiy voqeadir. Xalqaro ahamiyatga ega yangi transport arteriyasi shakllanmoqda. U eng qisqa quruqlik yo‘li orqali Markaziy Osiyo mintaqasini Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va mamlakatlarimiz strategik sherikligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”, degan edi Shavkat Mirziyoyev ushbu temiryo‘l qurilishining boshlanish marosimi ishtirokchilariga yo‘llagan qutlovida.
Kutilayotgan natijalar
Qirg‘iziston tranzitdan byudjetga tushumlarni ko‘paytirish, ayrim foydali qazilma konlariga kirishni osonlashtirish, shuningdek, mamlakatning shimoliy va janubiy qismlarini bog‘lovchi temiryo‘l qurilishi uchun sharoit yaratishga umid qilmoqda. Hozirda Qirg‘izistonda yaxlit temiryo‘l tarmog‘i mavjud emas.
O‘zbekiston loyihaning asosiy qo‘llab-quvvatlovchisi hisoblanadi. Toshkent uchun natijalar qatoriga Xitoy bilan yuk tashishning soddalashuvi, Qozog‘istonga qaramlikning kamayishi, tranzit yuk tashish hajmining o‘sishi hamda Farg‘ona vodiysining rivojlanishiga turtki bo‘lishi kiradi.
Xitoy Markaziy Osiyo mamlakatlaridan/ga yuklarni yetkazib berish uchun qo‘shimcha yo‘nalish qo‘lga kiritadi, Eron va Yaqin Sharq mamlakatlariga bo‘lgan yo‘lni qisqartiradi.
2030-yilda kutilayotgan yillik yuk tashish hajmi 8 million tonna, 2040-yilda 10 million tonna, 2050-yilda esa 13,5 million tonnani tashkil etishi kutilmoqda. Qirg‘iziston hukumati loyihaning 30-40 yil ichida o‘zini oqlashiga umid qilmoqda.
Izoh (0)