Farg‘ona shahriga Xitoy Xalq Respublikasidan 24 ta zamonaviy avtobus olib kelindi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yangi avtobuslar ikki yangi yo‘nalishda qatnaydi: 5-sonli yo‘nalishda “A.Jomiy” mahallasidan “Cheksho‘ra” mahallasigacha, 6-sonli yo‘nalishda esa “Abdulla Qodiriy” mahallasidan “Istiqlol” stadionigacha.
Avtobuslarni topshirish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va mutasaddi rahbarlar ishtirok etdi. Yangi transport vositalari kuniga o‘rtacha 10 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi aytildi.
Hozirda Farg‘onada 11 ta yo‘nalishda 152 ta avtobus harakatlanmoqda. Yil oxirigacha avtobuslar sonini 104 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Aprel oyida viloyat transport boshqarmasi va 9 ta tashuvchi korxona vakillari Xitoyga xizmat safarida bo‘lib, 384 ta avtobus va mikroavtobus xaridi bo‘yicha memorandum imzolagan. Loyiha qiymati 19,5 million dollarni tashkil etadi.
Yangi avtobuslar sovitish va isitish tizimlari, GPS va videokuzatuv kameralar bilan jihozlangan. Harakat jarayoni onlayn monitoring tizimi orqali nazorat qilinadi.
Bundan avval Angrenga 15 ta Yutong avtobusi olib kelingandi. Zoir Mirzayev 2024-yil oktyabrida o‘tkazgan hokimlik soatida Toshkent viloyatida transport sohasidagi xizmatlarni yaxshilash uchun 1000 ta yangi avtobus xarid qilish bo‘yicha topshiriq bergandi.
Transport vazirligi matbuot xizmatining bildirishicha, hududlarda aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida zamonaviy avtobuslarni olib kelish ishlari davom etmoqda. Toshkent shahriga yana 1000 ta Yutong avtobusini olib kelish imkoniyatlari o‘rganilmoqda. Andijon viloyatiga Xitoydan 100 ta elektrobus xarid qilinishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)