O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi 29—30-aprel kunlari amaliy tashrif bilan Xitoyning Urumchi shahrida bo‘ldi.

Tashrif doirasida bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Shinjon Uyg‘ur avtonom rayoni Partqo‘mi kotibi Ma Sinjuy boshchiligidagi ikki mamlakat delegatsiyalari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar savdo, investitsiyaviy va texnologik hamkorlik rivojlanib borayotgani, infratuzilma, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, “yashil” energiya sohalarida yangi loyihalar amalga oshirilayotgani natijasida o‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi 13 milliard dollardan oshganini bildirib, davlat rahbarlari tomonidan belgilab berilgan 20 milliard dollarlik ko‘rsatkichga erishish uchun barcha imkoniyatlarga mavjudligini ta’kidladi.

Savdo-sanoat, transport-logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm va ta’lim sohalarida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.
30-aprelda Urumchida O‘zbekiston—Xitoy iqtisodiy forumi ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘zga chiqqan Abdulla Aripov O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida 250 dan ortiq yirik tadbirkorlar, shuningdek, Andijon, Toshkent, Farg‘ona, Sirdaryo, va Surxondaryo viloyatlari rahbarlari hamda vakillari ham Urumchiga tashrif buyurganini bildirib, qatnashchilar e’tiborini prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiliklarida mamlakatda investitsion muhitni yaxshilash va tadbirkorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasiga qaratdi.


Forum doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari rahbarlari va vakillari “B2B” shaklda ham muzokaralar olib bordi. Xitoyga tashrif doirasida Xitoyning China General Nuclear Power, Sichuan Jiuzhou Investment Holding Group, Xinjiang Lihua Group, Xitoy To‘qimachilik mahsulotlari importi va eksporti palatasi, Shanghai Oriental Credits Industrial Development So., Ltd, Longze Investment Group Co., Ltd., Watchman Group PTE. Ltd, Pekin texnologiyalar universiteti, Elektrotexnika savdo palatasi, Xitoy Charm assotsiatsiyasi singari qator yirik kompaniyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xitoydan O‘zbekistonga investitsiyalar hajmi oshdi
Bugungi kunda xitoylik hamkorlar bilan energetika, kimyo, mashinasozlik, tekstil, qurilish materiallari, maishiy texnika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalar samarali amalga oshirib kelinmoqda. So‘ngi yillarda Xitoydan O‘zbekistonga jalb qilinayotgan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 5 barobar, qo‘shma korxonalar soni esa 3 barobar oshdi.
“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida mintaqa mamlakatlari uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li qurilishiga start berildi. Ushbu loyihaning ishga tushirilishi natijasida O‘zbekiston Sharq va G‘arb o‘rtasidagi yirik logistika xabi sifatida shakllanadi.
Izoh (0)