Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Al-Xorazmiy shaharchasining qurilishini ko‘zdan kechirdi.

Davlat rahbari 2022-yil avgustda ushbu shaharcha poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi. Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘tgan yillarda muhandislik tarmoqlari tortilib, 1773 ta xonadonli 72 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilgan. 2025-yilda mingta xonadonli yana 28 ta turar joy qurilishi rejalashtirilgan. Bu yerda jami 5 mingdan ortiq xonadon bo‘ladi.
-4aZ0d-7H.avif)

Shaharcha Urganch xalqaro aeroporti yaqinida, 130 gektardan ortiq hududda bunyod etilmoqda. Shaharcha markazida Al-Xorazmiy haykali o‘rnatiladi. Prezidentga mazkur haykal loyihasi taqdimot qilindi. Haykal shaharchada barpo etilayotgan 20 gektarlik bog‘ning kirish qismida o‘rnatiladi. Uning balandligi 22 metr, poydevori bilan birga 30 metrdan ziyod bo‘ladi.

-Y2Ovls_F.avif)
Mutasaddilarga monumentni ham bunyodkorlik, ham ma’no jihatidan takomillashtirish, shaharchada yashillikni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
30-aprel kuni prezident Al-Xorazmiy universiteti va ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish bo‘yicha qarorni imzoladi. Bu universitetda 3 ta: matematika va informatika, aerokosmik texnologiyalar muhandisligi hamda sun’iy intellekt fakultetlari bo‘ladi. O‘quv jarayonlari “Yangi O‘zbekiston” universitetining tajribasi asosida, BAA, Xitoy, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Qabulni 2025/26-o‘quv yilidan boshlash rejalashtirilgan. Jami talabalar soni 4-6 ming atrofida bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Shaharcha hududida Toshkentdagi Muhammad al-Xorazmiy maktabining filiali ham tashkil etiladi. Unga 4-sinf bitiruvchilari tanlab olinadi. Ta’limning yakunlovchi 2 yili muhandislikka boshlang‘ich tayyorgarlikka qaratiladi.
Shuningdek, Al-Xorazmiy shaharchasida texnopark va ofislar, tibbiyot va madaniyat markazlari, xiyobonlar, maktab va bog‘chalar, sport majmualari, savdo va maishiy binolar bo‘ladi.
Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifidan maqsad
Prezident matbuot kotibi bergan ma’lumotga ko‘ra, tashrif dasturidan sanoat, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida ishga tushirilgan yangi obyektlar, yirik transport infratuzilmasi va shaharsozlik loyihalari bilan tanishish va boshqa tadbirlar o‘rin olgan. Shuningdek, davlat rahbari hududni kompleks rivojlantirish bo‘yicha vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazadi.
Shavkat Mirziyoyev tashrif davomida jurnalistlar bilan bo‘lgan muloqotda Xorazmga tashrifdan maqsad yangi marralarni belgilab, iqtisodiyot ko‘rsatkichlarini yanada oshirish, viloyatda yashayotgan 2 milliondan ziyod aholining sharoitini yaxshilash, ish o‘rinlari ochib, odamlarning daromadini ko‘paytirish ekanini aytdi.
Izoh (0)