YouTube’dagi Daryo kanalida namoyish etilgan “Go‘zallik epidemiyasi” nomli ko‘rsatuvda ba’zi kosmetologlar sabab sog‘ligi xavf ostida qolgan ayollar haqida so‘z bordi. Jurnalist unda taniqli shaxslarning ochiqchasiga plastik operatsiyalarni reklama qilishayotganiga ham e’tibor qaratdi.
“Instagramʼda Kokosh taxallusi bilan vaynlar suratga oladigan 33 yoshli bloger Komila Abduqodirovaning Toshkentdagi xususiy klinikada liposaksiya va abdominoplastika amaliyotlarini boshdan kechirganidan keyingi janjallar haqida eshitgandirsiz.
Operatsiyadan keyin blogerning qorin sohasida nekroz paydo bo‘lgan. Yaxshiroq tushunishingiz uchun aytib o‘taman, nekroz teri chirishi hisoblanadi va u teri qayta tiklanmaydi. Agar vaqtida undan jarrohlik yo‘li bilan qutilmasa, uning o‘rni kengayib boraveradi.
Bloger shifokorlarni ilmsizlikda, masʼuliyatsizlikda undan keyin tajribasizlikda aybladi. Turgan gapki, yangi ochilgan klinika ham uni ayab o‘tirgani yo‘q. Bemor shifokorlarning tavsiyasiga quloq solmagani, syomkalarda ishtirok etgani, mashina ruliga o‘tirgani va qatʼiy taʼqiqlangan energetik ichimliklardan isteʼmol qilgani haqida gapirdi. Mayli, bu ishni tegishli tashkilotlar o‘rganib chiqib, aybdorni aniqlashar. E’tiborimni tortgani bloger reklama evaziga, bepulga iposaksiya va abdominoplastika operatsiyalarini amalga oshirgan. Sir emas, hozirgi kunda ijtimoiy tarmoq ochiqchasiga ring maydoniga aylanib qolgan. Uning atrofidagi insonlar Instagram sahifalarini O‘zbekistonda tajribali shifokorlar yo‘qligi, qassob kabi ish tutishlari haqida keti-uzilmaydigan seriyali videolarni joylashdi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay u oshqozon qisqartirish operatsiyasini o‘tkazadigan klinikaning reklamasida suratga tushdi. Va vaqtni ortga qaytarolganida, oshqozon operatsiyasini qildirishi aytib o‘tdi.
Shunday qarorga kelgan bo‘lsa-ku, mayli bu uning hayoti. Ammo yarim milliondan ortiq kuzatuvchisi bo‘lgan blogerga pul uchun istagan reklamasini olishi qanchalik to‘g‘ri? Fikrimni ochiqlashga harakat qilaman. Kokosh bilan bog‘liq murojaatlar soni ortganidan keyin bir kuzatuvchi Facebook’dagi postga izoh yozdi. “Sizning reklamangizga ishonib, o‘g‘limni o‘sha klinikada sunnat qildirgandim. Ancha vaqtgacha yarasi bitmadi, bolam azoblandi”, deb yozdi. Ha, bunday izohlarga sizning ham ko‘zingiz tushgandir. Chunki mashhur shaxslarning to‘lib-toshib ijtimoiy tarmoqlarga joylagan videosiga ishonib, firibgarlar tuzog‘iga tushgan, uyga to‘lov qilib, haligacha boshpanasiz yashayotgan yoki sog‘lig‘idan aziyat chekayotganlar oz emas.
2021-yil 28-dekabrda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va 2022-yilning 17-martda Senat tomonidan maʼqullangan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunining 34-moddasida taniqli shaxslarning dori vositalarini reklama qilishi taqiqlanganligi qayd etib o‘tilgan. Chunki dori vositasi kimgadir ishonib yoki unga yaxshi taʼsir qilibdi, men ham isteʼmol qilsam bo‘ladi, deydigan vosita emas. Menimcha, endilikda plastik operatsiyalarni yoki sog‘liq bilan bog‘liq muolajalarni mashhurlarning ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilishlarini taqiqlash haqida o‘ylab ko‘rish kerakmikan?
Chunki dunyoning juda ko‘plab mamlakatlari qonunchiligida mashhur shaxslarning plastik operatsiyalarni reklama qilishi va ularni yoshlar orasida targ‘ib qilishiga qarshi cheklovlar bor. Masalan, 2023-yildan buyon Fransiyada ijtimoiy tarmoqlarga taʼsir ko‘rsatuvchi (influencer) shaxslarning plastik operatsiyalarni reklama qilishlari taʼqiqlangan. Agar ular go‘zallashtiruvchi filtrlardan ham foydalansa, bu haqida postda yozib qoldirishi shart. Menimcha, bu odamlar orasida tanasiga nisbatan noshukrlik hisini ortib ketmasligi uchun xizmat qilsa kerak.
Bundan tashqari, Daniya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Xitoy kabi davlatlarda ham mashhurlarning o‘z sahifasiga inson salomatligi bilan bog‘liq reklamalarni joylashi, xususan plastik operatsiyalarni targ‘ib qilishi qatʼiyan taqiqlangan. Xitoyda, hatto mashhur shaxslarning taʼlim va moliyaviy sohalarni reklama qilishi ham mumkin emas. To‘g‘rida, odamlar mashhurlarga ishonadi va ular yaxshigina mablag‘ evaziga ichmaydigan dorisini ham maqtab “ichdim” deb aldashi yoki o‘zi ishonmaydigan shifoxonani “ko‘kka ko‘tarishi” mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rishmaydi.
“Menimcha, bizda ham blogerlar reklamasini jiddiy nazoratga olish vaqti keldi. Ular shunchalik bo‘lib ketishdiki, odam aytishga ham uyaladigan aʼzolarini plastik operatsiya qildirib, ochiqchasiga buni targ‘ib qilishmoqda”, deyiladi ko‘rsatuvda.
Bu borada qanday fikrdasiz? Iltimos, videoga kirib, fikrlaringizni yozib qoldiring.
Izoh (0)