Broshlar endi shunchaki bezak emas. Bu sizning uslubingiz, didingiz va shaxsiyatingiz haqida so‘zlaydigan taʼsirli aksessuarga aylangan.

Bir vaqtlar broshlar buvilar sandig‘idagi nafis, lekin biroz eskicha bezaklar sifatida ko‘rilardi. Bugun esa ular — uslubdagi jasorat, nozik did va hatto yumshoq kinoyaning ramziga aylangan.
Broshlarning modaga qaytishi bu shunchaki estetik burilish emas, balki haddan tashqari minimalizm va bir xil bezaklarga qarshi isyon.
2025-yil bahor-yoz mavsumida brosh oddiy aksessuar emas, balki eng oddiy obrazni ham esda qolarli qilishning ajoyib usuliga aylanmoqda. Broshni eski va romantik uslublardan tortib, yirik va zamonaviy ko‘rinishlarga o‘zgartirish mumkin.
Brosh endi o‘tmishdan emas, kelajakdan
Broshlar trendi — modaning individuallikka va detallarga e’tibor berishga yo‘naltirilgan global harakatining davomidir. Biz tez o‘zgaruvchan moda va ommaviy bezaklardan charchadik. Brosh bu o‘ziga xos xarakterga, tarixga va “jon”ga ega buyum. Ularni qayta talqin qilib, zamonaviy obrazga uyg‘unlashtirish mumkin.
Mashhur yulduzlar ham bu aksessuarga e’tibor qaratmoqda, bu esa trend haqiqatan dolzarb ekaniga ishora qiladi. Masalan, Rosamund Payk oltin broshni to‘q moviy baxmal jaketga taqadi, Rianna esa uni tugma sifatida ishlatadi, Keyt Blanshett esa jaketning yoqasiga bir nechta broshni uyg‘unlashtiradi. Ijtimoiy tarmoqdagi “influyenserlar” esa broshlarni hudilarning kapyushonlariga yoki 2000-yillardagi kardiganlarga taqib yurmoqda.

2025-yilda qanday broshlar trendda?
Uslublar xilma-xil — vintajdan tortib zamonaviy ironik modellargacha. E’tiborga loyiq turlari:
• Gul shaklidagilar: atirgul, romashka, anemon, ayniqsa, mato va teridan yasalgan yirik pion shaklidagi brosh.
• Vintaj broshlar: toshlar, kristallar, eski sayqal bilan bezatilgan “buvi sandig‘i” dan chiqqandek bezaklar.
• Minimalistik, lekin xarakterli: ortiqcha yaltiramasdan, geometrik shaklli oltin va kumush broshlar.
• Art obyektlar: ko‘z, lab, hayvon yoki abstrakt shakllardagi — surrealizmga ishora qiluvchi dizaynlar.
• Mato va to‘qimachilikdan yasalganlar: lenta, baxmal, ipakdan — ayniqsa, 50-yillar ruhidagi modellar.
• Yangi talqindagi tasvirli bezak: klassik bezaklar kontrast fon bilan, endi yirik va teatr ko‘rinishida.
2025-yilda broshni qanday taqish kerak?
Usullar ko‘p. Eng muhimi tajriba qilishdan qo‘rqmaslik va obrazga yangilik qo‘shish.

1. Jaketda, lekin odatdagidek emas
Endi broshni yelkaga, markazga yoki yengga taqish urfda. Eng zamonaviy ko‘rinish — ikkita broshni simmetrik tarzda ikki tomonga taqish.
Maslahat: silliq matoli kiyimda metall yoki kristalli broshlardan foydalaning.

2. Oq ko‘ylak yoki futbolkada
Minimalist yuqori kiyim va yorqin, hattoki sal g‘ayrioddiy brosh — ideal juftlik. U marjon yoki katta taqinchoq o‘rnini bosadi.
G‘oya: oq futbolka, jinsi shim va yirik gulli brosh — oddiy obrazga mukammallik qo‘shadi.

3. Libosda, ayniqsa, kechki obrazda
Broshni bel, yoqa yoki lentalar boshlanishiga taqish mumkin. Ayniqsa, marvarid, vintaj toshlar yoki silliq kristalli modellari chiroyli ko‘rinadi.
4. Belbog‘ yoki kamar ustida
Teridan ishlangan kamarga brosh taqish — jozibali detal. Bu qat’iy ofis obraziga ham, bahor uslubiga ham mos keladi.
G‘oya: brosh uslubi kamar bilan kontrastda bo‘lsin — masalan, qo‘pol kamarda nafis vintaj brosh.

5. Bo‘yinga marjon o‘rnida
Broshni baxmal lentaga taqib bo‘yinga taqing yoki uni ko‘ylak yoqasiga mahkamlang. Viktorian davri uslubini eslatsa-da, bugungi moda bilan uyg‘un ko‘rinadi.
6. Sumkada
Kichik, lekin jozibali brosh — sumkani shaxsiylashtirishning qiziqarli usuli. Ayniqsa soddaroq modeldagi shopper, baget yoki zanjirli sumkalarda yaxshi ko‘rinadi.
7. Soch turmagida yoki shlyapada
Gap oddiy soch qistirg‘ich haqida emas, haqiqiy brosh haqida ketmoqda. Uni obodokka yoki shlyapa ustiga taqish mumkin. Bu 30-yillar nafis modasiga zamonaviy yondashuvdir.
Izoh (0)