Rossiyada shubhali operatsiyalarni aniqlash uchun migrantlarning bank o‘tkazmalari ustidan nazorat o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Rossiya Bosh prokuraturasining iqtisodiyot sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi vakili Andrey Baukinga tayanib TASS xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, bu taklif mamlakat Bosh prokuraturasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
“Bizda hozir bemalol plastik karta bilan kelib, hisob raqamini ochish va pullarni yechib olish mumkin. Banklarda bunday ma’lumot (migrantlar haqidagi ma’lumotlarni) olish imkoniyati yo‘q. Bu mablag‘larni kim olib chiqib ketayotganini tushunishimiz uchun bunday maʼlumotlar almashinuvini tashkil etish juda muhimdir, chunki u yerga baʼzan bir avtobus migrantlar olib kelinadi”, degan Bosh prokuratura vakili.
2025-yilning boshlarida Rossiyada migrantlar pul o‘tkazmalari uchun boj joriy etish taklif qilingandi.
“Migrantlarning pul o‘tkazmalariga davlat bojini joriy etish lozim... Agar 3 foizlik boj joriy etilsa, g‘azna faqatgina ikki mamlakatga — Qirg‘iziston va O‘zbekistonga — o‘tkazmalardan 45 milliard rubldan ortiq mablag‘ oladi. Nahotki bizga shunday pul kerak bo‘lmasa?! Qonunchilik tashabbusini tayyorlab, Davlat Dumasiga kiritamiz”, degan edi “Adolatli Rossiya” partiyasi yetakchisi Sergey Mironov.
U 2024-yil yakunlariga ko‘ra, Rossiyadagi Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari o‘z vataniga 14 milliard dollardan ortiq mablag‘ o‘tkazganini aytgandi.
Markaziy Osiyoda mehnat migratsiyasi millionlab fuqarolar uchun asosiy daromad manbalaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2024-yil holatiga ko‘ra, mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari Tojikiston yalpi ichki mahsulotining 45 foizini tashkil etdi. Bu nisbiy maʼnoda dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Qirg‘izistonda pul o‘tkazmalarining YIMdagi ulushi 24 foizga, O‘zbekistonda esa 14 foizga yetgan.
Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi migratsiya masalalari bo‘yicha yangi tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari bo‘lmaganda mamlakatdagi kambag‘allik darajasi oshishi mumkin.
Izoh (0)