O‘zbekistonga tashrif buyurgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Samarqanddagi “Motamsaro ona” yodgorligida rus tilidagi yozuv yo‘qligiga e’tibor qaratdi. Shundan so'ng jamoatchilik uning so‘zlariga keskin javob qaytarmoqda.
Xususan, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja ushbu holat bo‘yicha fikrlarini bildirib o‘tdi.
Har bir mamlakat o‘zining hududidagi tarixiy obida yoki haykali atrofida qaysi tilda yozishini faqat o‘zi hal qiladi. Chetdan kelib, boshqa davlatning Tashqi ishlar vaziri bizni tanqid qilishi noto‘g‘ri. Zero biz ularning koloniyasi emasmiz!
Bizning vazirlar ham Rossiyaga borganda ba’zi masalalar bo‘yicha Lavrov kabi dadil savol berishni o‘rganishlari kerak, shekilli.
Xususan, nega bizning Rossiyadagi migrantlar diskriminatsiya qilinadi? Nimaga ularga nisbatan mahalliy hokimiyat, migratsion xizmatlar yoki politsiya tomonidan oddiy inson huquqlarini poymol qiluvchi holatlar qo‘llanilsa, Rossiya jamoatchiligi va davlat rasmiylari jim turadi?
Sergey Lavrov kelib, bizga “ona timsoli — muqaddas” ekanini tushuntirmoqchi ekan, oddiy bir yozuvni bor yo‘qligiga diqqat qaratarkan, biz ham unga “inson huquqlari ham muqaddas” ekanligini diqqat e’tiboriga solishimiz va eslatishimiz kerak.
Lavrov O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining hamkorligi to‘g‘risida ham gapiribdi. Kim bilan qanday aloqalar o‘rnatishni yoki qay darajada hamkorlik qilishni davlatning o‘zi hal qiladi! O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q. Jumladan, Yevropa Ittifoqi bilan ham o‘zaro aloqalar darajasini O‘zbekistonning o‘zi belgilaydi. Bu davlatimizning tashqi siyosati ko‘p vektorlik ekanligini ko‘rsatadi, deydi u.
“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov rus siyosatchilari O’zbekistonda rus madaniyati va rus tiliga bo’lgan munosabatni yomonlashtirish uchun hamma yo’llarni sinab ko’rayotganini ta'kidlagan.
Nega O‘zbekistonda yoshlar hech kim eslatib turmasa ham ingliz, nemis, turk va arab tillarini o‘rganishga harakat qiladilar?
So‘rab olingan hurmat va yolg‘on yaratilgan ehtiyojdan faqat teskari natija bo‘lishini vazir Lavrov bilmasligi mumkin emas, deya yozgan Alisher Qodirov.
Mazkur holat yuzasidan huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev ham o‘z pozitsiyasini namoyish qilib, Sergey Lavrovga murojaat qildi.
Endi bir kami senga hisob berishimiz qoluvdi. Rus tilidagi yozuvni borib Rossiyangdan qidirasan.
Rossiya mulozimining gaplarini men diplomatik bezbetlik, deb qabul qildim. Hech bo‘lmasa, taklif sifatida “rus tilida ham matn bo‘lsa, xursand bo‘lardik” desa ham mayli ekan. Xuddi “yuqoridan” tekshiruvchi kelgandek, “qani ruschasi?” deb so‘roqqa tutishiga o‘laymi.
Ishqilib, biznikilar shosha-pisha ruscha matn qo‘yishmaydi, degan umiddaman. O‘zbekcha va inglizcha matn juda to‘g‘ri qaror bo‘lgan. O‘zgartirish shart emas, menimcha, deydi Xushnudbek.
Bundan tashqari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev Moskva Bosh maydoniga o‘zbekcha ham yozilsa, keyin o‘ylab ko‘rishimiz mumkin, deya Rossiya TIV vaziriga javob qaytargan.
O‘zbek xalqi tilni majburiyat emas, imkoniyat deb tanlaydi. Xorij tilini sun’iy targ‘ib qilish muhabbat emas, qarshi munosabat uyg‘otadi. Qolaversa, hurmat talab qilinmaydi — u singadi.
P.S. Moskva Bosh maydoniga o‘zbekcha ham yozilsa, keyin o‘ylab ko‘rishimiz mumkin.
Holat haqida batafsil
Yodgorlikdagi halok bo‘lgan askarlarga bag‘ishlangan so‘zlar o‘zbek va ingliz tillarida yozilgan. “Bu yerda ingliz tilida yozuv bor, lekin ruschasini ko‘rmadim. Ona — bu eng muqaddas zot”, degan Lavrov ekskursovodga (TASS bergan iqtibos). Ushbu suhbat chog‘ida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ham ishtirok etgan.
Ma’lumot uchun, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Samarqandda ikki kunlik rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Bugun, 23-aprel kuni u O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi.
Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuv avvalida Lavrov davlat rahbariga Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Suhbatda O‘zbekiston—Rossiya do‘stlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Izoh (0)