Mehnat migratsiyasida bo‘lgan fuqarolarga subsidiya va kreditlar ajratish tartibi belgilandi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.
Maʼlum qilinishicha, “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, “Xorijga ishga tayyorlash markazi” tashkil etiladi va unda “Yagona darcha” tamoyili asosida mehnat migratsiyasiga doir xizmatlar ko‘rsatiladi. Shuningdek, yo‘lovchi avtobuslar sonini ko‘paytirish orqali xorijga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan va qaytayotgan fuqarolarni tashishda arzon va tartibli transport qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Qaror bilan “Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan hamda mehnat migratsiyasida bo‘lgan fuqarolarga subsidiya, kompensatsiya va kreditlar ajratish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, subsidiya va kompensatsiyalar “Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan holda mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga quyidagi xarajatlarni qoplash bo‘yicha ajratiladi, jumladan:
- chet tillari va (yoki) kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish xarajatlarini qoplash uchun, ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda – BHM ning 3 baravarigacha;
- xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish xarajatlarini qoplash uchun - BHMning 5 baravarigacha;
- yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun - BHMning 2 baravarigacha miqdorda;
- nemis, ingliz, yapon va koreys tillari bo‘yicha kamida B1 yoki unga tenglashtirilgan darajadagi xalqaro sertifikat olgan bitiruvchilari eng ko‘p bo‘lgan 50 nafargacha o‘qituvchiga - 50 million so‘m miqdorida.
Vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan holda rivojlangan mamlakatlarga chiqib ketayotgan fuqarolarga tijorat banklari tomonidan 10 million so‘mgacha Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz bandga yuqori stavkada 2-yil muddatga mikrokreditlar ajratiladi.
Migrantlar pul yubormasa, O‘zbekistonda kambag‘allik keskin oshadi — Jahon banki
Tahlil qilinishicha, bugun 100 million nafar migrant Yevropa va Markaziy Osiyoda yashaydi. Bu dunyodagi jami migrantlarning uchdan bir qismiga teng.
“2023-yil holatiga ko‘ra, tojikistonlik va qirg‘izistonlik mehnat muhojirlarining 80 foizdan ortig‘i Rossiyaga yo‘l olgan. O‘zbekistonlik muhojirlar oqimi ko‘proq diversifikatsiyalangan: 57 foizi Rossiyada, 15 foizi Qozog‘istonda va 10 foizi Ukrainada ishlaydi”, deyiladi tadqiqotda.
Markaziy Osiyoda mehnat migratsiyasi millionlab fuqarolar uchun asosiy daromad manbalaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2024-yil holatiga ko‘ra, mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari Tojikiston yalpi ichki mahsulotining 45 foizini tashkil etdi. Bu nisbiy maʼnoda dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Qirg‘izistonda pul o‘tkazmalarining YIMdagi ulushi 24 foizga, O‘zbekistonda esa 14 foizga yetgan.
2024-yilda O‘zbekistonga xorijiy davlatlardagi mehnat muhojirlari 14,8 milliard dollar pul yuborgani xabar qilingandi. Bu 2023-yildagidan 3,4 milliard dollarga ko‘p. Mablag‘larning 77 foizi Rossiyadan (11,5 milliard dollar) kelib tushgan. Shu bilan birga, Qozog‘istondan 795 million dollar, AQSHdan 577 million dollar, Janubiy Koreyadan 534 million dollar, Turkiyadan 405 million dollar, Buyuk Britaniyadan 135 million dollar o‘tkazilgan.
Jahon banki prognoziga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025-yili 5,8 foiz, 2026-yili esa 5,9 foiz o‘sadi. 2024-yilda mamlakat yalpi ichki mahsulot 6,5 foizga oshib, 115 milliard dollarga yetgan.
Izoh (0)