Michigan shtatidan Demokratik partiya vakili Shri Tanedar AQSH prezidenti Donald Trampga qarshi impichment jarayonini boshlashga tashabbus ko‘rsatdi. Bu haqda u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

U davlat rahbarini konstitutsiyani buzishda va hokimiyatni egallab olishga urinishda ayblagan hamda hamkasblarini uni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.
“Bu mamlakatda qirollar emas, prezidentlar bor. Bu shunchaki qilmish emas, balki impichmentga loyiq qilmishdir. Bu yetakchilik emas, balki zolimlikdir. Agar biz bunga yo‘l qo‘ysak, prezident qonundan ustun, Qo‘shma Shtatlar konstitutsiyasi majburiy emas degan bo‘lamiz”, dedi Tanedar o‘z videomurojaatida.
Umuman olganda, kongressmen yettita ayblovni ilgari surdi: jumladan, qonun chiqaruvchining fikricha, Tramp ijro hokimiyatini suiiste’mol qilmoqda, odil sudlovga to‘sqinlik qilib, suveren davlatlarga harbiy bosqin bilan tahdid solmoqda va o‘z tanqidchilari hamda ommaviy axborot vositalariga qarshi chiqish orqali so‘z erkinligiga tajovuz qilmoqda.
Bundan tashqari, Tanedar prezidentni zulm o‘tkazishda, korrupsiyada, shuningdek, “noqonuniy organlar” tashkil etishda aybladi, chunki u AQSH hukumati faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha idora (DOGE) tuzgan va Ilon Maskka konstitutsiyani bir tomonlama buzish huquqini bergan.
Ilgari kongressmen El Grin (Texas shtatidan demokrat) prezidentga qarshi impichment jarayonini boshlash niyatini bildirgan edi. Trampning birinchi muddati paytidayoq qonun chiqaruvchi uni hokimiyatdan chetlatish taklifi bilan bir necha bor hujjat kiritgan, ammo barcha urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Mart oyi oxirida Axios portali o‘z manbalariga tayanib, Vakillar palatasi a’zosi Ilxon Umar (Minnesota shtatidan demokrat) Demokratik partiyadagi hamkasblari bilan prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Mayk Uolts, mudofaa vaziri Pit Xegset va Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliffga nisbatan impichment tartibini boshlash imkoniyatini muhokama qilayotgani haqida xabar bergan edi.
Hozirgi paytda Trampni qo‘llab-quvvatlovchi Respublikachilar partiyasi Senatda ham, Kongress vakillar palatasida ham ko‘pchilik ovozga ega, bu esa impichmentga urinishni deyarli imkonsiz qiladi.
Tramp AQSH tarixida impichment jarayoni ikki marta boshlangan birinchi prezidentdir —- ikkala holat ham uning 2019 va 2021-yillardagi birinchi prezidentlik davrida sodir bo‘lgan va Senat tomonidan rad etilgan.
Izoh (0)