Turkiyaning Mug‘la shahri Yatag‘on tumanidagi qadimgi Stratonika shahrida olib borilgan qazishmalar chog‘ida 2 ming yil avval yashagan qizning sarkofagi topildi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, YUNESKOning dastlabki Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan, “gladiatorlar shahri” sifatida tanilgan, shuningdek, dunyodagi eng yirik marmar shaharlardan biri bo‘lgan Stratonikada 1977-yildan buyon turli qazishmalar olib borilmoqda. Qazishmalar davomida Ellinistik, Rim va Vizantiya davrlari, shuningdek, Menteshe bekligi, Usmoniylar va respublika davrlari uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qadimiy shaharda yangi ashyoviy dalillar topilmoqda va tarixiy binolar qayta tiklanmoqda.
“Olib borilgan qazishmalar paytida biz Nekropoldan (shahar qabristoni) olib kelingan 2 ming yil avvalgi qizlar gulchambari (mevalar, gullar va barglardan yasalgan gulchambar) bor sarkofagni topdik”, deydi Stratonika va Lagina qazishmalar qo‘mitasi rahbari, professor Bilol Syogut.
Olimning ta’kidlashicha, sarkofag qadimgi shaharning sarkofaglar to‘plamidagi eng go‘zal namuna hisoblanadi. Shaharda qadimda sarkofaglar yasalgani va hatto boshqa joylarga yetkazib berilgani haqida ma’lumotlar bor.

Sarkofagning burchaklarida qo‘chqorlarning boshlari, o‘rta qismlarida Eros (qadimda sevgi xudosi, bola qiyofasida tasvirlangan) va buqalarning boshlari joylashgan.
“Bu sarkofag qizlar tasvirlangan namunalar orasida eng yaxshi namunalardan biri bo‘lib, unda biz shakllarning xilma-xilligini ham, sanasini ham aniqroq belgilay olamiz. Ayniqsa, bizning Stratonikada olib borayotgan ishimizda bu eng chiroyli qayiqsimon sarkofag hisoblanadi. Aslida har bir qazilma biz uchun yangi ashyoviy dalil bo‘lishi mumkin”, deydi Bilol Syogut.
Professor ta’kidlashicha, sarkofag atrofidagi tasvirlar orqali taxminan ikki ming yil oldingi boylik, hashamat va ulug‘vorlikni ko‘rish mumkin.
“Bu yerda taxminan ikki ming yil oldingi boylik, hashamat va ulug‘vorlikni ko‘rish mumkin. O‘simliklar to‘q rangli va yorqin. Burchaklarda qo‘chqorlarning boshlari, ularning atrofida g‘o‘zalar, uzum va zaytun barglari, anor tasvirlangan. Burchaklardagi qo‘chqorlarning boshlariga qarab, o‘sha davrning boyligi va hashamatini anglash mumkin”, dedi olim.
Topilgan ushbu sarkofag boshqa shunga o‘xshash eksponatlar joylashgan hududda namoyish etiladi va shaharga tashrif buyuruvchilar uni ko‘rib chiqishlari mumkin bo‘ladi.
Olimlar Gizadagi mashhur Misr ehromlari ostida joylashgan “ulkan yerosti shahri”ni topgani xabar berilgandi.
Arxeologlar Qohira janubidagi Saqqara hududida olib borgan qazishmalari davomida Qadimgi podsholik davriga oid fir’avn Pepi II’ning tabibi maqbarasini topgandi. Shuningdek, ushbu hududda arxeologik tadqiqotlar olib borayotganda fir’avn Userkafning vorisi qabrini topgani ma`lum qilingandi.
Izoh (0)