Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) boshqaruvchilar kengashi rezolyutsiya qabul qilib, unda Rossiyani Zaporojye atom elektr stansiyasidan harbiy va boshqa xodimlarini zudlik bilan olib chiqishga chaqirdi.
Rezolyutsiya mualliflari Rossiyani stansiyaga egalik bo‘yicha asossiz da’volardan voz kechishga va uning xavfsizligini ta’minlash uchun Ukraina tomonining ZAESga kirib, stansiya ustidan nazoratni tiklashiga ruxsat berishga chaqirdi.
Hujjatda, shuningdek, stansiyaning ukrainalik xodimlariga nisbatan bosimdan, AES o‘qqa tutilishi oqibatida tashqi elektr ta’minotidagi uzilishlar va Rossiyaning Ukraina yadroviy obyektlarida “faoliyatini to‘xtatish” haqidagi avvalgi chaqiriqlarga quloq solmaganidan xavotir bildirilgan.
Reuters xabariga ko‘ra, bu MAGATEning Ukrainada urush boshlanganidan beri Rossiyani Ukraina yadroviy inshootlarida harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqiruvchi uchinchi rezolyutsiyasi. Yangi hujjat yopiq ovoz berishda kengash tarkibiga kiruvchi 35 davlatdan 24 tasining vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Yana yetti kishi qarshi ovoz bergan. Reuters manbalariga ko‘ra, ular orasida Rossiya va Xitoy bor.
Rossiyaning Venadagi xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakolatxonasi rezolyutsiyani sharhlar ekan, MAGATEni o‘z faoliyatini “siyosiylashtirish”da aybladi. Rossiya diplomatlari hujjatni “noprofessional” va “xatolardan iborat” deb atadi.
Zaporojye atom elektr stansiyasi Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan ko‘p o‘tmay rus harbiylari qo‘liga o‘tgandi. O‘shandan beri stansiya bir necha bor o‘qqa tutilgan, bunda Rossiya va Ukraina bir-birini ayblagan. Rossiya ZAES hududiga harbiy texnikani joylashtirish bo‘yicha bir necha bor ayblangan. MAGATE stansiyaga tashrifi ortidan atom elektr stansiyasi atrofida xavfsiz hudud yaratishga chaqirgan.
Izoh (0)