Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘quvchisi tan jarohati olgani aks etgan fotolar tarqaldi. Holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati izoh berdi.

Maʼlum qilinishicha, Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan maktablarning birida 21-aprel kuni 2007-yilda tug‘ilgan R.S. va shu maktab o‘quvchisi 2007-yilda tug‘ilgan A.I. tortishib qolgan hamda janjallashib ketgan.
Janjal vaqtida A.I. R.S.ga tan jarohati yetkazgan. Natijada jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan.
Tan jarohati og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Maktabdagi janjallar
Sirdaryoda o‘qituvchi 1-sinf o‘quvchisini qo‘liga igna sanchish bilan jazolagani haqida xabarlar tarqalgandi. Surishtiruv davomida yuqoridagi holat tasdig‘ini topmagan.
Qashqadaryoning Shahrisabz tumanidagi maktabda o‘qituvchi 5-sinf o‘quvchisini urib jarohatladi. Qarshi shahridagi maktabda o‘qituvchi va o‘quvchi yoqalashgani tasvirlari tarqaldi. Algebra fani o‘qituvchisi va 10-sinf o‘quvchisi bo‘lgan ikki qiz o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqib, og‘zaki tortishib qolgan. Ularning xatti-harakatlariga chora ko‘rish uchun sudga berilgan.
Toshkentdagi maktabda ayol dastlabki ish kunida o‘quvchini kaltaklagani ham keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Ayol jazolanib, maktab direktori ishdan olingandi.
Izoh (0)