So‘nggi yillarda mashhur san’atkorlar hayotiga bag‘ishlangan filmlar tomoshabinlar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda. “Lo‘lilar qo‘shig‘i” (“Bogemskaya Rapsodiya”), “Roketmen” va “Elvis” kabi kartinalar muvaffaqiyatli chiqqanidan so‘ng, kino sanoatida biografik janrga bo‘lgan e’tibor yanada ortdi. Endilikda Britni Spirs, MakSim, Madonna, Maykl Jekson kabi yulduzlar hayoti asosida ham yangi filmlar tez orada suratga olinadi. Ularning shaxsiy hayoti, ijod yo‘li va kechmishlari asosida yaratilayotgan bu filmlar millionlab tomoshabinlar e’tiborini tortishi kutilmoqda.
Britni Spirs

Universal Pictures kompaniyasi xonanda Britni Spirsning 2023-yil 24-oktyabrda chop etilgan “Mendagi ayol” (The woman in me) hayot xotiralari haqidagi kitobi asosida film suratga olish huquqini qo‘lga kiritdi. Kitob bir zumda o‘quvchilar va tanqidchilarning olqishiga sazovor bo‘lgan va bestseller asarga aylangan edi. Asar birgina Qo‘shma Shtatlarda 2,5 million nusxadan ko‘proq sotilgan. Ushbu memuar asosida film yaratish uchun yirik kino kompaniyalar orasida katta raqobat bo‘lib o‘tdi va natijada Universal Pictures kitobni ekranlashtirish huquqini sotib oldi.
Biografik film rejissyori Jon Chu, prodyuseri Mark Platt bo‘lib, u “La La Lend”, “Vavilon” kabi filmlari bilan tanilgan. Spirs X tarmog‘ida xonandaning eng yaxshi ko‘rgan filmlari muallifi Platt bilan yangi va sirli loyiha ustida ishlayotganini ma’lum qilgan edi.
Britni Spirs kitobida hayotida bo‘lib o‘tgan og‘ir damlar va achchiq xotiralari haqida ochiq-oydin so‘zlab bergan edi. Asarda pop yulduzning oilasi, shaxsiy hayoti, ziddiyatli o‘tgan bolaligi, Jastin Timberleyk bilan munosabatlari va uning bosimi ostida 19 yoshida abort qildirishga majbur bo‘lgani, Kevin Federlayn bilan nikohi, otasining vasiyligi uchun kurashishi kabi ko‘plab voqealar yoritilgan. Shuningdek, o‘quvchi asar orqali shou-biznes karyerasining turli qirralari va sahna ortidagi hayotga boshqa tomondan qarash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Madonna

Madonna Luiza Chikkone 20 va 21-asr musiqasi tarixidagi eng muvaffaqiyatli xonandalardan biridir. Uning hisobida 93 ta qo‘shiq, 14 ta albom va 7 ta “Gremmi” mukofoti bor. Shuningdek, u “Evita” filmidagi roli uchun “Oltin globus” mukofotini olgan.
Mehnatsevarligi bilan tanilgan Madonna o‘zi haqida biografik film suratga olish ishlariga shaxsan bosh-qosh bo‘lishga qaror qilgan. U nafaqat film rejissyori, balki Diablo Kodi bilan birga ssenariy muallifi sifatida ham ishtirok etadi. Prodyuserlik ishida esa “Barbi” filmi ustida ishlagan Emi Paskal unga yordam beradi.
Madonna haqidagi biografik film haqida ilk mish-mishlar 2017-yilda paydo bo‘lgan. O‘shanda Universal Pictures Blond Ambition nomi ostida loyihani boshlagan, biroq film faqat 80-yillardagi faoliyatni qamrab olgan va bu Madonnani qoniqtirmagan. 2020-yilda u Who’s That Girl nomli o‘z film loyihasini boshlaganini e’lon qildi. 2023-yilda loyiha to‘xtatildi, ammo keyinroq suratga olish ishlari qayta boshlandi.
Maykl Jekson

Pop musiqa qiroli, 15 ta “Gremmi” sohibi, ajoyib qo‘shiqlar muallifi Maykl Jekson hayotligidayoq afsonaga aylangan edi. Uning disklari millionlab nusxalarda sotilgan, qo‘shiqlari hit-paradlarda yetakchilik qilgan. Shaxsiy hayoti esa doim jamoatchilik diqqat markazida bo‘lgan.
“Maykl” filmi joriy yil kuzda ekranlarga chiqadi. Bosh rolni xonandaning jiyani Jaafar Jekson ijro etadi. Film nomi “Jekson” bo‘lishi kutilmoqda. Unda pop qiroliga aylangan ajoyib, ammo murakkab insonning taʼsirchan va samimiy portreti tasvirlanadi.
Kartinada rejissyor Antuan Fukua (“Mening ismim Muhammad Ali”, “O‘qdan tez”), ssenarist Jon Logan (“007: Skayfoll koordinatalari”, “Aviator”) va prodyuser Grem King (“Lo‘lilar qo‘shig‘i”) kabi yirik loyihalarda ishtirok etgan ijodkorlar birgalikda ishlaydi.
Film haqida hozircha ko‘p ma’lumot yo‘q. Ammo film Maykl Jeksonning butun ijodiy yo‘lini — shon-sharafga erishishdan tortib, hayotining so‘nggi yillaridagi mojarolargacha yoritib beradi.
Pol, Jon, Jorj va Ringo

Liverpullik afsonaviy to‘rtlik — The Beatles guruhi haqida film suratga olish juda mas’uliyatli vazifa. Ammo rejissyor Sem Mendes bitta film bilan cheklanmasdan, har bir a’zo haqida alohida biografik film suratga olishga qaror qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, to‘rtta film, ya’ni har bir ishtirokchi haqida bittadan avtobiografiya 2028-yilda chiqadi. Pol Makkartni rolini irlandiyalik aktyor Pol Meskal ijro etadi. Jon Lennon rolida Xarris Dikinson, Jorj Harrison rolida Jozef Kuinn, Ringo Starr rolida esa Barri Keogan gavdalanadi.
Qiziq tomoni shundaki, har bir film uchun alohida ssenariy muallifi jalb qilingan. Biroq barcha ssenariylar Lennon va Harrisonning qarindoshlari, shuningdek, hozirda hayot bo‘lgan Makkartni va Star tomonidan ma’qullangan. Film mualliflariga The Beatles musiqasidan foydalanish huquqi ham berilgan.
MakSim

2025-yilda rossiyalik xonanda Marina Abrosimova — MakSim taxallusi bilan ijod qilayotgan xonanda haqida biografik film suratga olish bo‘yicha muzokaralar boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. Buni avval xonandaning o‘zi, so‘ng uning menejeri Yana Bogushevskaya tasdiqladi.
Hozircha film ssenariysi va bosh rollar haqida ma’lumot yo‘q. Taxminlarga ko‘ra, film asosi sifatida xonandaning 2016-yilda chiqqan “Axir bu men” nomli avtobiografik kitobi olinadi.
Film voqealariga so‘nggi yillarda MakSim hayotida yuz bergan ishlar ham kiritilishi mumkin. Jumladan, 2021-yil iyun oyida xonanda koronavirus tufayli sun’iy komaga tushgan va ikki oy hushsiz yotgan. U hushiga kelganida esa yaqinlari mol-mulkini bo‘lib olishga tayyorgarlik ko‘rayotganidan xabar topgan.
Izoh (0)