Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-aprel kuni maktab taʼlimi sifatini oshirish hamda pedagoglar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida taʼlim tizimi islohotlari ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilangan. Bu yilgi davlat dasturida ham maktablarda sharoitlarni yaxshilash, yosh avlodni bilimli etib tarbiyalash bo‘yicha ko‘plab vazifalar qo‘yilgan.
Bu, ko‘p jihatdan, o‘qituvchilarning bilim va malakasiga bog‘liq. Mamlakatda 15 ta davlat va 61 ta nodavlat oliygohida pedagogika yo‘nalishi bor. Lekin ulardagi ilmiy salohiyat atigi 40 foiz atrofida.
Qabullarning katta qismini ijtimoiy yo‘nalishlar tashkil etadi. Aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha pedagoglar tayyorlash juda kam. Talabalarning 40 foizi sirtqi taʼlimda o‘qiyapti.
Shu bois Toshkent davlat pedagogika universitetini transformatsiya qilib, O‘zbekiston milliy pedagogika universitetini tashkil etish, kelajak pedagoglari loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Universitet barcha hududlardagi pedagogika institutlari uchun tayanch oliygoh bo‘ladi.

“Yangi O‘zbekiston” universitetida 40 dan ziyod chet ellik o‘qituvchilar va 30 nafar vatandosh ziyolilar faoliyat yuritmoqda. Talabalar o‘zlarining turli yo‘nalishlardagi loyihalariga jami 24,3 milliard so‘mlik grantlar jalb qilgan. Bu salohiyatdan foydalanib, universitetda muhandislik, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, tibbiyot kabi zamonaviy sohalarda mutaxassislar tayyorlashni rivojlantirish, yangi laboratoriyalar ochish rejalari taqdimot qilindi.
Shuningdek, oliygohda ilm-fan, taʼlim va amaliyot integratsiyasini taʼminlash maqsadida Germaniyaning ilg‘or tajribasidan foydalangan holda zamonaviy universitet klinikasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Taʼlim sifatini aniqlashda ham xalqaro uslublar joriy etilmoqda. Bu yil 233 ta maktabdagi 9 ming nafar 15 yoshli o‘quvchining bilimi “PISA” xalqaro dasturi orqali baholanadi.
Hozirgi kunda 2 mingta maktab yuqori yuklama bilan ishlayapti. Bu yil byudjet hisobidan 112 mingta yangi o‘quvchi o‘rni tashkil etiladi. Aholi o‘sishi hisobiga, maktablarga ehtiyoj ham ortib boradi. Shu bois Islom taraqqiyot bankidan 200 million dollar jalb etib, hududlarda 58 ta zamonaviy maktab qurilishi rejalashtirilgan.

Tahlillarga ko‘ra, maktab yoshidagi bolalarning 80 foizi internet va ijtimoiy tarmoqlarda faol. Ularni zararli axborotlardan himoya qilish bo‘yicha muayyan ishlar olib borilayapti. Lekin, yoshlar taʼlim-tarbiyasiga kuchli taʼsir ko‘rsatadigan, qiziqarli milliy kontentlar yaratayotgan ijodkorlar sanoqli.
Shulardan kelib chiqib, bolalarga xavfsiz axborot muhitini yaratish, milliy kontentlarni ko‘paytirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Izoh (0)