Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasida “Sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni huquqiy tartibga solishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilingan.

Uchrashuvda ishtirok etgan sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassis, bloger Hikmatilla Ubaydullayev qonun loyihasi yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi. Uning aytishicha, suhbat tezda vizual kontentlar: dipfeyklar, soxta videolar va sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan tasvirlarga yo‘nalgan.
Ubaydullayevning ma’lum qilishicha, 2024-yilning o‘zida sun’iy intellekt orqali yaratilgan 3500 dan ortiq feyk kontent aniqlangan. Ularning ko‘pi mashhur shaxslarning soxta ovozlari va yuzlari bilan bog‘liq bo‘lib, katta qismi ayollar sha’niga putur yetkazuvchi yoki shaxsiy hayotni buzuvchi tusda bo‘lgan.
“Ha, tahdidlar haqiqiy. Faqatgina 2024-yilning o‘zida sun’iy intellektni suiiste’mol qilishning 3500 dan ortiq holati qayd etilgan. Soxta ovozlar, yuzlar, mashhur shaxslar, jumladan ayollar bilan bog‘liq feyklar. Biroq bu asosan tashqaridan keladi. Va bu yerda haqqoniy savol tug‘iladi: biz buni qanday nazorat qilamiz? Meta yoki Telegram bilan o‘zaro aloqa qanday bo‘ladi?
Lekin, asosiy xavflar rasm emas, balki algoritmdir. Izohsiz ishga qabul qilishni rad etadigan sun’iy intellekt. Axloqiy tekshiruvdan o‘tmagan kredit skoringi. Litsenziyasiz yaratilgan tibbiy tavsiya. Jamoatchilik fikri illyuziyasini yaratuvchi minglab sun’iy intellekt sharhlar. Bular sun’iy intellekt allaqachon ijtimoiy qarorlar tuzilishini o‘zgartirayotgan jarayonlardir”, deydi bloger.
Ta’kidlanishicha, bugun ijtimoiy tarmoqlar “AI Generated” (ya’ni sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan) teglarini joriy etmoqda. Mutaxassis ushbu yo‘nalishda dolzarb hisoblangan bir qator savollarni o‘rtaga tashlagan.
“Biz markirovka haqida gapiryapmiz, lekin aynan nimani markirovkalash kerak va bu bilan kim shug‘ullanadi? Ijtimoiy tarmoqlar allaqachon “sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan” teglarini joriy etgan. Agar kimdir Midjourney’dan rasm yuklab olib, uni Telegramga joylagan bo‘lsa, buni kim qayd etishi kerak? Qanday qilib? Agar banner reklama bo‘lsa va neyrotarmoq faqat fonni olib tashlagan bo‘lsa, bu allaqachon sun’iy intellekt kontenti hisoblanadimi? Chegara qayerda? Uni kim belgilaydi?”, Hikmatilla Ubaydullayev.
Blogerning aytishicha, bunday savollar yuzasidan amaldagi qonunchilikda javob yo‘q, bugungi kundagi eng muhim masala bu sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kontentga mualliflik huquqini tartibga solish hisoblanadi.
“Bugungi kunda o‘n minglab dizaynerlar, illyustratorlar, fotosuratchilar va hatto jurnalistlar allaqachon o‘z ishlarida neyron tarmoqlardan foydalanmoqdalar. Muallif va algoritm o‘rtasidagi chegara qayerdan o‘tadi? Tavsif bo‘yicha yaratilgan tasvirga bo‘lgan huquqlar kimga tegishli? Rasmda birovning ishi elementlari bo‘lsa, kim javobgar? Sun’iy intellekt kontentini patentlash yoki himoya qilish mumkinmi?
Bu savollarga javob topmay turib, “belgilash” haqida gapirish kitobning muallifi kimligini aniqlamay turib, undagi yorliq haqida gapirish bilan barobar”, deydi SI bo‘yicha mutaxassis.
Mutaxassisning aytishicha, qonun loyihasi bilan sun’iy intellektdan noto‘g‘ri foydalanganlarga nisbatan mol-mulkni musodara qilish va ma’muriy qamoq taklif qilinmoqda. Lekin jazolar qaysi mezonlar asosida amalga oshirilishi belgilanmagan. Agar qonun loyihasi qabul qilinadigan bo‘lsa, ko‘pchilik asossiz jazoga tortilishi mumkin.
“Bundan tashqari, mol-mulkni musodara qilish va 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosigacha jazolash bo‘yicha takliflar bildirildi. Ba’zilar hatto jinoiy jazo qo‘llashni taklif qilishdi. Bu ko‘pchilikda to‘la qonuniy reaksiyani keltirib chiqardi: chegaralar qayerda? Mezonlar qanday? Inson aynan nima uchun jazolanadi? Dipfeyk e’lon qilgani uchunmi? Agar bu yomon niyat emas, balki hazil, filtr, reklama bo‘lsa-chi? O‘smir, ekspert, bloger, tadbirkor uchun jazolar turlicha bo‘ladimi? Xavfli dipfeyk va kinoyali rolikni qanday farqlash mumkin?
Biz hali hatto asosiy xavf toifalarini ham aniqlab olganimiz yo‘q. Qonun loyihasining matnida ham, jamoatchilik muhokamasida ham aniq tizim yo‘q: sun’iy intellekt bilan qanday harakatlar past xavfli (masalan, memlar), qaysilari o‘rtacha xavfli (reklamadagi manipulyatsiyalar) va qaysilari yuqori xavfli (saylovlarga aralashish, rasmiy bayonotlarni soxtalashtirish, shantaj) hisoblanadi.
Agar biz ushbu xavflar shkalasini oldindan belgilab olmasak, javobgarlik darajasini yozib qo‘ymasak, huquqni qo‘llash “kimning omadi kelsa, o‘sha” tamoyili asosida ishlashi xavfi bor. Biri ogohlantiriladi, ikkinchisi hibsga olinadi. Biri jarima to‘laydi, ikkinchisiga jinoyat ishi ochiladi. Buning ustiga zarar yetkazgani uchun emas, qo‘l ostida bo‘lgani uchun”, deydi Hikmatilla Ubaydullayev.
Ubaydullayev taklif etilayotgan jazolar yuzasidan ham bir qator savollarni o‘rtaga tashlagan.
“Yana bir muhim, deyarli tilga olinmagan savol: nima uchun biz jazolashdan boshlaymiz? Nega mantiq darhol musodara, hibsga olish, jinoiy javobgarlikka tortishga olib keladi? Ogohlantirish, tushuntirish, profilaktika tizimi qani?
Agar odam TikTok’da sun’iy intellekt tasviridan foydalansa, bu nimanidir buzayotganini bilmasa ham u darhol jinoyatchimi? Agar o‘quvchi generatsiya qilsa-chi?
Masala faqat yuridik emas, balki axloqiy hamdir. Davlat ishonchni xohlasa, avval o‘rgatishi, ogohlantirishi, keyin jazolashi kerak. Ayniqsa, yangi sohada, hatto ekspertlar ham ruxsat etilgan chegaralar haqida hali kelishib olmagan”, deya o‘rtaga savol tashlaydi bloger.
Izoh (0)