O‘zbekistonda 2025-yilning dastlabki uch oyida YTH sodir etishi oqibatida 891 nafar shaxs sudlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, 2024-yil davomida Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan 3 321 nafar shaxs sudlangan. Ularning 917 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 2 404 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.
2025-yilning I-choragi mobaynida ushbu modda bilan 891 nafar shaxs sudlanib, ularning 173 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, 718 nafar fuqaroga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.
Mart oyida sodir bo‘lgan YTHlar:
Jizzaxda 13-mart kuni rulda uxlab qolgan Matiz haydovchisi yuk mashinasiga urilishi oqibatida halok bo‘lgandi. 12-mart kuni Toshkentda daraxtga urilgan Lacetti pachaqlanib ketdi. 7-mart kuni Navoiyda Damas va Cobalt to‘qnashishi oqibatida bir kishi jarohatlandi. 17-mart kuni soat 06:30 larda Toshkent—Bekobod avtomobil yo‘lida harakatlanib ketayotgan yuk mashinasi (dastlabki ma’lumotga ko‘ra haydovchisi uxlab qolishi natijasida) qarama qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, Isuzu avtomobili bilan to‘qnashgan.
Shuningdek, Toshkentda Lexus haydovchisi katta tezlikda kelib, yo‘l chetida turgan mashina va qariyani urib yuborgandi.
Aprel oyidagi YTHlar
- Samarqandda avtobus va yuk mashinasi ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
- Farg‘onadagi avtohalokatda Damas ikkiga bo‘linib ketdi (video)
- Namanganda ijaraga mashina olgan maktab o‘quvchilari avariyaga uchradi
Yo‘llarda bolalar o‘limi
2024-yil noyabr oyida Jizzax viloyatining Baxmal tumanida Cobalt katta tezlikda voyaga yetmagan ikki qizni urib yubordi. Shuningdek, Samarqandda avtobus maktab yaqinida yo‘lni kesib o‘tayotgan bolani urib yuborib, uning o‘limiga sabab bo‘lgandi. Surxondaryoda 1-sinf o‘quvchisi Nexia urib yuborishidan vafot etgandi.
Senat bergan ma’lumotga ko‘ra, 2024-yilning 5 oyi davomida jami 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan, 294 nafar o‘quvchi esa turli darajada tan jarohatlari olgan. 2023-yilda bolalar bilan bog‘liq 1 794 ta YTH yuz berib, ularda 1 568 nafar bola jarohatlangan, 263 nafari vafot etgan.
Sentyabrda Toshkentda BYD 9 yoshli maktab o‘quvchisini urib yuborib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgandi. Xuddi shu kabi holat iyul oyida Navoiy viloyati Xatirchi tumanida sodir bo‘lgan. Katta tezlikda harakatlanayotgan BYD piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 9 yoshli qizaloqni bosib ketgan. O‘sha oyda Samarqandda 7 yashar bola avtomobil urib ketishi oqibatida vafot etdi. Aprelda Jizzaxda sodir bo‘lgan YTH oqibatida ikki nafar maktab o‘quvchisi halok bo‘ldi.
Bolalar ishtirokida ayanchli YTHlar ko‘paygach, jamoat faollari yo‘llarda bolalar o‘limi uchun siyosiy javobgarlik bo‘lishi kerakligini aytdi.
Izoh (0)