Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida 14 yoshli bola avtohalokat sodir etib, ikki do‘stining o‘limiga sabab bo‘ldi. Bu haqda “Hudud” dasturida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, 19-aprel kuni Qarshi tumani “Qozikent” mahallasida 14 yoshli bola otasining avtomashinasini ruxsatsiz boshqargan va avtohalokatga uchragan — mashinada bo‘lgan 2 do‘sti voqea joyida halok bo‘lgan.
Avtomashinada jami 5 kishi bo‘lgan. 2011-yilda tug‘ilgan maktab o‘quvchisi mashinani yuqori tezlikda haydab, rul boshqaruvini yo‘qotgan. Oqibatda yo‘l chetida to‘xtab turgan yuk mashinasiga urilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Yo‘llarda bolalar o‘limi
2024-yil noyabr oyida Jizzax viloyatining Baxmal tumanida Cobalt katta tezlikda voyaga yetmagan ikki qizni urib yubordi. Shuningdek, Samarqandda avtobus maktab yaqinida yo‘lni kesib o‘tayotgan bolani urib yuborib, uning o‘limiga sabab bo‘lgandi. Surxondaryoda 1-sinf o‘quvchisi Nexia urib yuborishidan vafot etgandi.
Senat bergan ma’lumotga ko‘ra, 2024-yilning 5 oyi davomida jami 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan, 294 nafar o‘quvchi esa turli darajada tan jarohatlari olgan. 2023-yilda bolalar bilan bog‘liq 1 794 ta YTH yuz berib, ularda 1 568 nafar bola jarohatlangan, 263 nafari vafot etgan.
Sentyabrda Toshkentda BYD 9 yoshli maktab o‘quvchisini urib yuborib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgandi. Xuddi shu kabi holat iyul oyida Navoiy viloyati Xatirchi tumanida sodir bo‘lgan. Katta tezlikda harakatlanayotgan BYD piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 9 yoshli qizaloqni bosib ketgan. O‘sha oyda Samarqandda 7 yashar bola avtomobil urib ketishi oqibatida vafot etdi. Aprelda Jizzaxda sodir bo‘lgan YTH oqibatida ikki nafar maktab o‘quvchisi halok bo‘ldi.
Bolalar ishtirokida ayanchli YTHlar ko‘paygach, jamoat faollari yo‘llarda bolalar o‘limi uchun siyosiy javobgarlik bo‘lishi kerakligini aytdi.
- Namanganda 16 yoshli qiz boshqaruvidagi Spark kanalga tushib ketdi
- Yana Namangan: 4-sinf bola 10-sinf o‘quvchisi boshqaruvidagi Cobalt urib yuborishi oqibatida vafot etdi
- “Tormoz ishlamay qoldi”. Namanganda ikki sinfdosh ijaraga olingan mashinada YTHga uchradi (video)
Izoh (0)