Prezident Shavkat Mirziyoyev IV Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari ishtirokchilarni Xivada o‘tkazilayotgan IV Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalining ochilishi bilan chin qalbdan muborakbod etgan.
Hurmatli festival qatnashchilari, muhtaram mehmonlar!
Avvalo, siz, azizlarni ochiq osmon ostidagi betakror muzey shahar — qadimiy Xivada o‘tkazilayotgan IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Bugungi san’at bayramida ishtirok etayotgan nufuzli xalqaro tashkilotlar va qardosh mamlakatlar vakillariga, dunyoning qirqdan ziyod mamlakatidan kelgan xalq ijodiyoti namoyandalari, atoqli madaniyat va san’at arboblariga samimiy tashakkurim, yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Saxovatli O‘zbekiston zaminiga, ko‘hna Xorazm diyoriga xush kelibsiz!
Qadrli do‘stlar!
Xalqaro nufuzi tobora ortib borayotgan mazkur anjuman bu yil ko‘hna Sharq gavhari — betakror Xorazm diyorida o‘tkazilayotgani unga alohida ruh va mazmun bag‘ishlamoqda. Bu o‘lkaning dostonchilik maktabi g‘oyat qadimiy va boy tarixga ega bo‘lib, “Lazgi” kabi dunyoga mashhur mumtoz kuy-qo‘shiqlari, go‘zal raqslari aynan ana shu azim daryodan oziqlanib kelmoqda, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Bu qutlug‘ zamindan yetishib chiqqan O‘zbekiston xalq baxshilari “Bola baxshi” – Qurbonnazar Abdullayev, “Qalandar baxshi” — Ro‘zimboy Normatov, Abdulla Qurbonnazarov, Yetmishboy Abdullayev kabi yorqin ovoz va iste’dod sohiblari tomonidan yuksak pardalarda kuylangan “Oshiq G‘arib va Shohsanam”, “Go‘ro‘g‘li”, “Avazxon”, “Alpomish” va “Xirmondali” kabi xalq dostonlari milliy madaniyatimizning o‘lmas durdonalari sifatida ma’naviyatimiz xazinasidan mustahkam joy egallaganini chuqur minnatdorlik bilan e’tirof etamiz va baxshichilik san’atining bugungi davomchilariga ijodiy yutuq va ravnaq tilaymiz.
Hurmatli festival ishtirokchilari!
Festival kunlarida sizlar san’atni chin dildan sevadigan mehmondo‘st, bag‘rikeng xalqimiz bilan samimiy muloqotlar o‘tkazib, yurtimizning boy tarixi, madaniyati va bezavol qadriyatlari, tabarruk maskanlari, Yangi O‘zbekistonning bugungi taraqqiyot yutuqlari, jumladan, baxshichilik san’atini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, yorqin taassurotlarga ega bo‘lasiz, deb ishonaman.
Fursatdan foydalanib, tanlov ishtirokchilari hamda festival doirasida o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilayman.
Eng ezgu va xalqchil his-tuyg‘ularni tarannum etishda sizlarga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat va ilhom doimo yor bo‘lsin!
Izoh (0)