Namanganda avtomobillarni ijaraga berish yo‘nalishidagi ijtimoiy tarmoq guruh va kanallarining aksariyat aʼzolari maktab o‘quvchilaridan iborat. Bu haqda viloyat IIB YHXB boshlig‘i, podpolkovnik Mansur Gaziyev maʼlum qildi, deya xabar beradi “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev.
“Bot-bot tilga olinayotgan ‘Namangan yezda’ kanalining auditoriyasini tahlil qildik. 3200 nafar aʼzosidan bor-yo‘g‘i 150 nafarga yaqini avtomobillarni ijaraga beruvchilar, qolgan 90 foizi voyaga yetmaganlar, asosan, maktab o‘quvchilari”, deydi viloyat IIB YHXB boshlig‘i.

Mansur Gaziyevga ko‘ra, avtomobillarni ijaraga beruvchilar bilan birma-bir muloqot qilinib, voyaga yetmaganlarga mashinalarni berib yuborishning yomon oqibatlari haqida ogohlantirilmoqda.
.jpg?_t=1745631026)
Foto: Oqilxon Mamajonov
“Suhbat jarayonlaridan maʼlum bo‘lyaptiki, bunday shaxslarning ko‘pchiligi o‘zi avtomobilini ijaraga olgan yoki kredit to‘layotganlar. Agar o‘zi mashinasini boshqarib, ko‘chaga chiqsa, kuniga 200-300 ming so‘m topishi mumkin. Ijaraga berib yuborsa, soatiga shu pulni topyapti. Ammo avtomobilni olgan bolalar nobud bo‘layotgani yoki nogiron bo‘lib qolayotgani haqida o‘ylashmayapti. Avtomobiliga shikast yetkazgani uchun bolalar va ularning ota-onalari bo‘yniga 10-20 million so‘m qarz ilib qo‘yilgan holatlar bor”, deydi Mansur Gaziyev.

Namangan viloyat IIB YHXB boshlig‘ining taʼkidlashicha, avtomobilini voyaga yetmaganlarga ijaraga berayotgan shaxslarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish yuzasidan tegishli takliflar berilgan. Bu borada deputatlar, jamoatchilik faollari va OAV vakillari bilan hamkorlikda ishlanmoqda.
Yo‘llarda bolalar o‘limi
2024-yil noyabr oyida Jizzax viloyatining Baxmal tumanida Cobalt katta tezlikda voyaga yetmagan ikki qizni urib yubordi. Shuningdek, Samarqandda avtobus maktab yaqinida yo‘lni kesib o‘tayotgan bolani urib yuborib, uning o‘limiga sabab bo‘lgandi. Surxondaryoda 1-sinf o‘quvchisi Nexia urib yuborishidan vafot etgandi.
Senat bergan ma’lumotga ko‘ra, 2024-yilning 5 oyi davomida jami 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan, 294 nafar o‘quvchi esa turli darajada tan jarohatlari olgan. 2023-yilda bolalar bilan bog‘liq 1 794 ta YTH yuz berib, ularda 1 568 nafar bola jarohatlangan, 263 nafari vafot etgan.
Sentyabrda Toshkentda BYD 9 yoshli maktab o‘quvchisini urib yuborib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgandi. Xuddi shu kabi holat iyul oyida Navoiy viloyati Xatirchi tumanida sodir bo‘lgan. Katta tezlikda harakatlanayotgan BYD piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 9 yoshli qizaloqni bosib ketgan. O‘sha oyda Samarqandda 7 yashar bola avtomobil urib ketishi oqibatida vafot etdi. Aprelda Jizzaxda sodir bo‘lgan YTH oqibatida ikki nafar maktab o‘quvchisi halok bo‘ldi.
Bolalar ishtirokida ayanchli YTHlar ko‘paygach, jamoat faollari yo‘llarda bolalar o‘limi uchun siyosiy javobgarlik bo‘lishi kerakligini aytdi.
Izoh (0)