21-aprelda kuni “Xalqlar do‘stligi” saroyida “Mavsum xitlari” taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Yil davomida qaysi xonandalarning qo‘shiqlari xit darajasiga yetdi? Kimlar maxsus sovrin bilan mukofotlandi? “Daryo” muxbiri 15 ga yaqin xonanda jam bo‘lgan konsertdan reportaj tayyorladi.
Uch erkak xonanda eng yaxshi xitlar uchun taqdirlandi

Konsertda ilk taqdirlanuvchilar Otabek Muhammadzohid, G‘aybulla Tursunov va Jambul Muhammedov bo‘ldi. G‘oliblarga ismlari yozilgan maxsus statuetka va sovg‘alarni shoir Bobur Bobomurod topshirdi. Har bir ijodkor taqdirlanishdan so‘ng o‘zlarining eng xit taronalari bilan muxlislarni xushnud qildi.
“Yor” voqealari G‘aybulla Tursunovning hayotimi?

— “Janona” qo‘shig‘imning ko‘rishlari soni boshqa kliplarimga qaraganda ko‘proq bo‘lgani uchun mukofot aynan shu taronam uchun berilsa kerak, deb o‘ylayapman. Ammo o‘zim “Yor” uchun olishni xohlardim. Sababi qo‘shiq so‘zlari menga yaqin, o‘zimning hayotimdan olingan desam ham bo‘ladi. Uylanmasimdan avval yor qidirgan paytlarimga ko‘proq mos keladi, degandi G‘aybulla Tursunov mukofot olmasidan avval.
Otabek Muhammadzohid mukofotni olgandan keyingi his-tuyg‘ulari bilan bo‘lishdi. U hozir trendga aylangan bir qo‘shiq e’tiborini tortganini ta’kidladi.

— Men uchun faqat “Sendaqasi yo‘q” emas, har bir qo‘shig‘im qadrli, farzandimdek gap. Allohning xohishi bilan muxlislarga shu qo‘shiq yoqibdi, bu ham bir in’om, shukr. Qalbimizda, aqlimizda tayyor bo‘lgan bir qancha qo‘shiqlar bor. Faqat endi ularni ro‘yobga chiqarib, musiqasini bastalab, taqdim etsak, shunda amalga oshgan bo‘ladi.
Hisob bo‘yicha 11 yil avval — 2014-yilda shu sahnada konsert qo‘ygandim. Shu yilning 3-4-iyun kunlari yakkaxon konsertim rejalashtirilgan. Men shov-shuvlarga uncha qiziqmayman. Chiptani kassaga chiqardik, reklamani berdik. Muxlislarim agar kelsa, bosh ustiga. Bitta muxlis kelsa, zal to‘lsa ham biz uchun kelgan bo‘ladi.
Shov-shuv, yaltiroq dekoratsiyalar, qiziqchilar, hatto boshlovchi ham yo‘q. Maqsad — qo‘shiq kuylash. Raqqosalarni o‘ylab ko‘ramiz. Men o‘zimni sinamoqchiman, ikki soat tinmay kuylashga ovozim yaraydimi-yo‘qmi, sinamoqchiman.
Men uchun mavsum xiti Mashhur Muhammadning “Siqilma” qo‘shig‘i bo‘ldi, deydi xonanda.
Ijodiy hamkorlikdan sahnadagi sovringacha

Ijoddagi hamkorlik va duetlar xorazmlik yosh xonanda Sevinch Ismoilova va qoraqalpog‘istonlik Alisher Bayniyazovni birlashtiradi. Ikki ijodkor ilk sovrinlarini ham birgalikda qo‘lga kiritishdi — ular sahnaga bir vaqtning o‘zida chaqirib, sovg‘alar bilan siylandi. Ular Mahmud Namozovning qo‘lidan mukofotni qabul qilib oldi.
Sevinch uchinchi konsertini qachon beradi?

— Biz Alisher bilan bunday taqdirlash marosimida ilk bor mukofot olyapmiz. Juda hayajondaman. Yaqinda premyeralar va yangi duetlar bo‘ladi. Kelasi yilgi konsertim uchun ham tayyorgarlikni boshlab yuborganmiz. Duetdoshlarimdan biri Alisher Bayniyazov, deydi Sevinch Ismoilova.
Jaloliddin Ahmadaliyev qaysi qo‘shiq uchun mukofot oldi?

“Yetmasmidi”, “Janonim”, “Ketavering, yalinmayman” qo‘shiqlari bilan tanilgan farg‘onalik xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev ham “Mavsum xitlari” sovriniga sazovor bo‘ldi. Xonanda sahnada raqsbop qo‘shiqlari bilan zalni “oyoqqa turg‘azdi”.
Xonanda nega to‘ybop qo‘shiqlarga o‘tdi?

— “Kuydirgi” qo‘shig‘imga xalq baho berdi — shu taronam xit bo‘ldi. Ochig‘ini aytishim kerak, so‘nggi paytlarda sokin taronalardan sho‘xroq qo‘shiqlarga o‘tayotganim sababi — to‘ylar. Og‘ir qo‘shiqlarim ko‘proq edi, endi yanayam kayfiyatli ijod mahsullarim odamlar ma’qul kelyapti.
Ozoda opa, Hamdam Sobirov, Dilnoz, Sevinch Ismoilova va Alisherning qo‘shiqlari yaxshi. Men hammasini eshitaman, deydi Jaloliddin Ahmadaliyev.
Shohruhxonning galdagi mukofoti

Ijodda-yu imijda noodatiy yo‘nalishi bilan hamkasblaridan ajralib turuvchi Shohruhxonning qo‘shiqlari doim xit bo‘lib kelgan. U bu safargi taqdirlashdan ham quruq qaytmaydigan bo‘ldi. Ustoz san’atkor Mahmud Namozov unga galdagi statuetkani topshirdi.
Xo‘sh, xonanda Shohruhxon mukofotlarini sanaydimi?

— Mukofotlarimni sanamaganman, har yili turli sovrinlar bilan xursand qilib, kichik ijodimni katta baholashadi. Menimcha, yaqinda klipi bilan premyera bo‘lgan “Bezori” taronamga berildi deb o‘ylayman. Bu klip bilan biz narkomaniyaga, yomonlikka, zo‘ravonlikka qarshimiz degan fikrni berdik.
Muhammadzohid duet kuylash taklifini berib qoldi, nasib bo‘lsa mehr-muhabbat haqida yangi duet chiqaramiz, dedi Shohruhxon.
Dilnoz ilk mukofoti qo‘lga kiritdi

Xit qo‘shiqlar ketini uzmayotgan xonandalardan yana biri go‘zal Dilnoz Hakimova. U bir necha yillik ijodi davomida ilk bor mukofotga loyiq ko‘rildi. Dilnoz mukofot xonandaning hayotida qanchalik o‘rin egallashi haqida o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.
Xonandaning ijod qilishdan maqsadi ijodmi yoki mukofot?

— Mening barcha qo‘shig‘im o‘zimga yaqin. Muxlislarim ham har bir taronamni xit qilib yuborishadi. “Shu qo‘shig‘im uchun mukofot berilsin” degan xayol hech qachon kelmagan. Faqat bir narsa — xit bo‘lsin, bir so‘zini aytsam odamlar qo‘shilib kuylasin” degan maqsad bo‘lgan.
Menga yoqqan xit qo‘shiq Otabek Muhammadzohidning “Sendaqasi yo‘q” qo‘shig‘i bo‘ldi. Shaxsan o‘zim uchun mukofot birinchi o‘rinda emas, deydi sho‘x-shaddod Dilnoz Hakimova.
Yana uchta xitmeyker xonanda galdagi sovrinlarini qabul qilib oldi

Marosimida Ozoda Nursaidova, Hamdam Sobirov, Jasmin ham taqdirlandi. Ammo xonandalar yutuqni olgandan keyingi hissiyotlari bo‘lishishni istamadi.

Ozoda Nursaidovaga ustoz san’atkor Mansur Toshmatov maxsus mukofot va sovg‘alarni topshirdi.

Taqdirlanuvchilar orasida Munisa Rizayeva va Rayhon ham bor edi. Biroq ikki yorqin ijodkor ham taqdirlash marosimiga tashrif buyurmadi. Statuetkalar esa o‘z egalariga yuborilishiga ishonamiz.
To‘liq reportajni Daryo Lifestyle YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Izoh (0)