Dunyodagi eng keksa ayol hisoblangan, braziliyalik rohiba Ina Kanabarru Lukas 116 yoshida vafot etdi. Bu haqda Yer yuzining uzoq umr ko‘ruvchilari statistikasi bilan shug‘ullanuvchi LongeviQuest xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ina Kanabarru Lukas 30-aprel kuni Braziliyaning janubidagi Porto Alegri shahrida 116 yosh-u 326 kunligida vafot etgan.
Kanabarru Lukas 1908-yil 8-iyunda Juan Antonio Lukas va Mariana Kanabarro Lukas oilasida tug‘ilgan. U 1908-yil 27-mayda tug‘ilganini ta’kidlagan bo‘lsa-da, tadqiqotlar uning 11 kun keyinroq tug‘ilganini ko‘rsatgan. Shu qadar ozg‘inligidan ko‘pchilik uni bolalikdan omon qolmaydi deb o‘ylagan.

110 yoshida u yurish bilan bog‘liq ayrim qiyinchiliklarni boshdan kechirdi va yurish moslamalaridan foydalanishni boshladi. 2018-yilda 110 yoshini nishonlab, Papa Fransiskdan havoriylik duosini oldi.
Lukas 2021-yil 25-yanvarda 112 yoshida COVID-19 vaksinasining birinchi dozasini olib, emlangan eng keksa insonlardan biriga aylandi. 2022-yil oktyabr oyida kasalxonada bo‘lganida COVID-19 bilan kasallandi, ammo noyabr oyida kasallikdan tuzalib ketishga erishdi. Bu uni ushbu kasallikdan omon qolgan eng keksa mashhur insonlardan biriga aylantirdi.

Ina Kanabarru Lukasdan oldin 1908-yilda Osakada tug‘ilgan yaponiyalik Tomiko Itooka Yerning asosiy uzoq umr ko‘ruvchisi hisoblangan. U ham 2024-yil 29-dekabr kuni 116 yoshida vafot etdi.
Gerontology Research Group ma’lumotlariga ko‘ra, endi Etel Mey Katerxem dunyodagi eng keksa odamga aylandi. U 1909-yil 21-avgustda Buyuk Britaniyada tug‘ilgan va hozirda London janubida yashaydi, deb yozadi AFP agentligi. 110 yoshida Katerxem COVID-19 bilan kasallangan, ammo tuzalib ketishga muvaffaq bo‘lgan.
Izoh (0)