Koreyalik rejissyor Pon Jun Xoning “Parazitlar” (2019) filmi chinakam fenomenga aylandi. U butun dunyo miqyosida e’tirof qozonib, Kann kinofestivalining “Oltin palma novdasi” hamda “Eng yaxshi film” nominatsiyasida “Oskar” mukofotlariga sazovor bo‘ldi. Quyida filmni mashhur qilgan 12 ta qiziqarli ma’lumot bilan bo‘lishamiz.
1. Ish orqali ko‘rsatilgan ijtimoiy farqlar
Filmda bosh qahramon Ki Vuga repetitorlik taklif qilinadi. Rejissyor Pon Jun Xo aynan shu kasbni tanlagan, chunki bu ijtimoiy zinapoyaning ikki qarama-qarshi qutbidagi qahramonlar hikoya doirasida uchrashishi mumkin bo‘lgan yagona yo‘l hisoblanadi. Bu esa Janubiy Koreya zamonaviy jamiyatidagi yengib bo‘lmas sinfiy tafovutlarni aks ettiradi.
2. Uy ijtimoiy tabaqalanish ramzi sifatida
Pak oilasi istiqomat qiladigan uy suratga olish maydonida yangidan barpo etilgan. Uning me’moriy loyihasi ikki oila — boy va kambag‘allar dunyosini ko‘z bilan ko‘rinarli tarzda ajratish maqsadida ishlab chiqilgan.
3. Betakror montaj texnikasi
Film montaji uchun muharrir Jinmo Yan Apple 2011-yilda qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatgan Final Cut Pro 7 dasturidan foydalangan. Uning qo‘lida eski dasturiy ta’minot ajoyib natijalar ko‘rsatdi va u “Oskar” mukofotiga nomzod bo‘ldi.
4. “Oltin palma novdasi”ni qo‘lga kiritgan birinchi koreys filmi
“Parazitlar” 2019-yilgi Kann kinofestivalida “Oltin palma novdasi” mukofotiga sazovor bo‘lgan ilk koreys filmi bo‘lib, bu jahon kinematografiyasi uchun tarixiy voqeaga aylandi.
5. Xichkok ta’siri
Rejissyor Pon Jun Xo Alfred Xichkokka xos uslublardan faol foydalangan: zinapoyalarni ijtimoiy tabaqalanish ramzi sifatida tasvirlash, derazadan kuzatish sahnalarini ko‘p qo‘llash (14 marta), shuningdek, Pak oilasining uyida Xichkok asarlariga yashirin ishora qilish.
6. Pink Floyddan ilhomlanish
Filmdagi boylar kompaniyasining Another Brick deb nomlangani Pink Floyd guruhining mashhur The Wall albomiga ishora bo‘lishi mumkin. Pon Jun Xo yoshligida ushbu guruhning muxlisi bo‘lganini tan olgan holda buni tasdiqlagan.
7. Rekvizitlar uchun aqlbovar qilmas xarajatlar
Pak oilasining uyidagi axlat chelagi 2300 dollarga tushgan. U qopqog‘i yopilganda shovqin chiqarmaydi, bu esa rejissyorning o‘zini ham hayratda qoldirgan.
8. Suratga olish sirlari
Film suratga olinishida kompyuter grafikasidan foydalanilgan: Pak oilasi hovlisidagi daraxtlarning yarmi CG yordamida yaratilgan, chunki jonli o‘simliklar juda qimmatga tushardi.
9. Obyektiv va uslub
Pon Jun Xo bir kadrga ko‘p sonli personajlarni sig‘dirish uchun 2.35:1 keng format nisbatini tanlagan. Bu ikki oila o‘rtasidagi ijtimoiy taranglik va farqning ko‘lamini yaqqol namoyon etadi.
10. Maxsus oq-qora reliz
Oq-qora kinematografiyaga bo‘lgan muhabbati tufayli Pon Jun Xo 2020-yilda “Parazitlar” filmining maxsus oq-qora versiyasini yaratdi. Bu versiya Rotterdam kabi bir qancha xalqaro kinofestivallarda namoyish etildi.
11. Fen-shuy va ijtimoiy aloqalar
Film Kim oilasining yo‘llar kesishmasida joylashgan uyda yashayotganini ko‘rsatish bilan boshlanadi. Fen-shuy ta’limotiga ko‘ra, bunday joy odam hayotiga yo o‘ta qashshoqlik, yo aqlbovar qilmas boylik keltirishi mumkin bo‘lgan maskan hisoblanadi.
12. “Rejadan tashqari chiqqan” sahna
Ona va qiz ishtirokidagi sahnani suratga olish paytida rejissyor sahnaning eng yaxshi varianti uchinchi va beshinchi dubllarda chiqdi, deb qaror qildi. Muharrir mukammal kadr yaratish uchun har bir aktrisa ijrosining eng sara lahzalarini bir-biriga ustalik bilan bog‘ladi.
Izoh (0)