Isroilning markaziy va janubiy qismida 30-aprel kuni o‘rmon yong‘inlari avj oldi. Mamlakatda Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan barcha tadbirlar bekor qilindi. Bu haqda The Jerusalem Post xabar berdi.

Aholini evakuatsiya qilish va yo‘llarni yopish choralari ko‘rilgan. Isroil yong‘inlarni o‘chirish uchun Ozarbayjon, Argentina, Buyuk Britaniya, Gretsiya, Ispaniya, Italiya, Kipr, Portugaliya, Shimoliy Makedoniya, Fransiya, Xorvatiya, Chexiya va Shvetsiyadan yordam so‘ragan. O‘t o‘chirish samolyotlari va qutqaruvchilarni Gretsiya, Italiya va Xorvatiya yuborgan. Falastin ham o‘z yordamini taklif qilgani aytilmoqda.
Yong‘inni o‘chirishga 12 ta samolyot, yuzdan ortiq o‘t o‘chirish brigadalari, harbiy xizmatchilar va ko‘ngillilar jalb qilingan. Evakuatsiya ishlari olib borilmoqda va bir qator aholi punktlarini evakuatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Mamlakatning asosiy avtomobil yo‘li yopilgan.
Kuchli yong‘in 30-aprel kuni ertalab Quddus tog‘laridagi Mezilat-Sion aholi punkti yaqinidagi Eshtaol o‘rmonida boshlangan edi. Politsiya o‘rmonga o‘t qo‘yilganini istisno etmagan. Shu munosabat bilan uch nafar gumondor hibsga olingan. O‘t o‘chiruvchilar Bayt-Shamesh va Quddusning ayrim hududlariga yaqinlashmaslikni so‘ramoqda.
Ma’lumot o‘rnida, 30-aprel kuni Isroil mustaqilligiga 77 yil to‘ldi.
- Mart oyida Janubiy Koreyaning janubi-sharqida mamlakat tarixidagi keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘lgandi. Fojia oqibatida 26 kishi, jumladan, vertolyot uchuvchilari, o‘t o‘chiruvchilar va mahalliy aholi halok bo‘lgan. Yong‘in oqibatida 4 mingdan ortiq binolar, jumladan, turar joy binolari va zavodlar, tarixiy obektlar yonib ketgan.
Izoh (0)