Ukraina va AQSH birgalikda foydali qazilmalarni qazib olish va Ukrainani tiklash uchun investitsiya fondini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu haqda AQSH Moliya vazirligi saytida e’lon qilindi.

Kelishuv “Rossiyaning to‘liq miqyosli bosqini boshlangandan keyin AQSH xalqi Ukrainani himoya qilish uchun ko‘rsatgan katta moliyaviy va moddiy yordamni e’tirof etish maqsadida tuzilgani” aytilgan. Ukraina iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko yerosti boyliklari to‘g‘risidagi kelishuvning asosiy bandlarini sanab o‘tdi.
- Barcha resurslar Ukraina mulki bo‘lib qoladi — bu kelishuvda aniq belgilab qo‘yilgan.
- Investitsiya fondi 50/50 asosida tuziladi. Ukrainaga va AQSHga teng ulush tegadi hamda fondni birgalikda boshqarishadi. Hech bir tomon ustun ovoz huquqiga ega bo‘lmaydi.
- Kelishuv davlat kompaniyalarini xususiylashtirish yoki boshqarish jarayonlarida o‘zgarishlarni nazarda tutmaydi — ular bundan keyin ham Ukrainaga tegishli bo‘ladi. “Ukrnaft” yoki “Energoatom” kabi kompaniyalar davlat tasarrufida qoladi.
- Kelishuvda Ukrainaning AQSH oldidagi qarz majburiyatlari haqida hech qanday eslatma yo‘q.
- Hujjat konstitutsiyaga mos keladi va Yevropa integratsiyasi yo‘nalishini o‘zgartirmaydi.
- Kelishuv milliy qonunchilikka mos keladi va Ukrainaning hech qanday xalqaro majburiyatlariga zid emas.

- Fond faqat yangi litsenziyalardan tushgan daromadlar hisobidan to‘ldiriladi. Ya’ni tanlab olingan loyihalar (strategik materiallar, neft va gaz) bo‘yicha yangi litsenziyalardan byudjetga tushgan mablag‘larning 50 foizi fondga yo‘naltiriladi. Eski loyihalar yoki rejalashtirilgan daromadlar bu fondga kirmaydi.
- Qonunchilikdagi o‘zgarishlar faqat aniq bir sohalarga tegishli bo‘ladi. Fond faoliyatini ta’minlash uchun faqat Byudjet kodeksiga o‘zgartirish kiritiladi. Kelishuvning o‘zi esa Oliy Rada tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerak.
- AQSH Ukrainaga DFC (Development Finance Corporation) orqali investitsiyalar, texnologiyalar va innovatsiyalarni jalb etishda yordam beradi.
- Fond daromadlari va badallari AQSHda ham, Ukrainada ham soliqqa tortilmaydi.
Sviridenkoning qo‘shimcha qilishicha, AQSH fondga hissa qo‘shadi. Bevosita mablag‘lardan tashqari, ular buni Ukraina uchun havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ham amalga oshirishi mumkin.
Biz fondning dastlabki 10 yillik foydasi va tushumlari taqsimlanmasligini, faqat Ukrainaga — yangi loyihalarga yoki tiklanishga sarmoya kiritilishi mumkinligini kutmoqdamiz. Bu shartlar qo‘shimcha ravishda muhokama qilinadi, dedi u.
AQSH ko‘rsatilgan harbiy yordamga javoban Ukraina foydali qazilmalaridan foydalanish huquqini qo‘lga kiritmoqchi. Kelishuvni fevral oyi oxirida tuzish rejalashtirilgan edi. Shartnomani imzolash uchun 28-fevral kuni prezident Vladimir Zelenskiy boshchiligidagi Ukraina delegatsiyasi Vashingtonga keldi. Biroq Oq uyda AQSH prezidenti Donald Tramp va vitse-prezident Jey Di Vens bilan janjaldan so‘ng, kelishuv imzolanmadi.
Mart oyi oxirida esa AQSH minerallar bo‘yicha kelishuvning yangi variantini tayyorlagan. Unda Ukrainaning barcha foydali qazilmalariga kirish haqida so‘z boradi. Bular qatoriga gaz va neft ham kiradi. Ukraina rasmiylari bu variantlardan biri ekanini, shartnoma muhokamasi esa davom etayotganini aytgandi. Zelenskiy bir necha bor AQSH tomonidan ko‘rsatilgan harbiy yordamni qarz sifatida tan olmasligini ta’kidlagan.
Izoh (0)