AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden lavozimini tark etganidan keyin ilk bor Illinoys shtatining Chikago shahrida ommaviy nutq so‘zladi. Oq uyning sobiq rahbari Donald Trampning yangi ma’muriyati siyosatini keskin tanqid qilgan. Murojaatni Amerikaning ABC telekanali efirga uzatdi.

Bayden nogironligi bo‘lgan insonlarga huquqiy yordam ko‘rsatuvchi ACRD nohukumat tashkilotining konferensiyasida ishtirok etgan. U taxminan 30 daqiqa nutq so‘zlagan va hozirgi AQSH rahbari Donald Tramp ismini bir marta ham tilga olmasdan uning ma’muriyatining ijtimoiy ta’minot sohasidagi siyosatini tanqid qilgan.
“Ular Ijtimoiy ta’minot boshqarmasiga bolta o‘qtalib, 7000 nafar xodimni eshikdan haydab chiqarishdi. Tarixda birinchi va yagona marta ijtimoiy nafaqalar kechiktirilishi yoki to‘xtatilishi mumkin”, deydi demokrat AQSHning nogironlik nafaqalari va pensiyalarni to‘laydigan milliy agentligi SSAni nazarda tutib.
“Ijtimoiy ta’minot davlat dasturidan ham ko‘proq narsa. Bu biz millat sifatida bergan muqaddas va’damiz”, dedi sobiq prezident.
U Tramp ma’muriyati amalga oshirayotgan davlat xarajatlarini qisqartirishga qarshi chiqdi va bu kambag‘al fuqarolarga zarba berishini aytdi.
“Oilasida milliarder bo‘lmagan, butunlay yolg‘iz yashaydigan 94 yoshli keksa ona haqida nima deyish mumkin?”, dedi Jo Bayden.
Bundan tashqari, sobiq prezident tinglovchilar e’tiborini Amerika jamiyatining bo‘linishiga qaratgan va bunday holat davom etishi mumkin emasligini ogohlantirgan.
“100 kundan kamroq vaqt ichida bu ma’muriyat shunchalik ko‘p zarar va vayronagarchilik keltirdiki, bularning barchasi shunchalik tez sodir bo‘lishi mumkinligi hayratlanarli. Biz hech qachon bunchalik bo‘linmagan edik”, dedi Bayden.
Ta’kidlanishicha, 82 yoshli siyosatchi bo‘g‘iq ovozda gapirgan va vaqti-vaqti bilan duduqlanib qolgan.
Eslatib o‘tamiz, 20-yanvar kuni 82 yoshli Bayden Oq uyni Trampga topshirdi. U 2021-yildan 2025-yilgacha davlat rahbari lavozimini egallagan.
Donald Tramp Baydenni Ukrainadagi mojaroni keltirib chiqarishda, shuningdek, AQSH va Rossiya munosabatlarining bu qadar izdan chiqishida ayblagandi. Mart oyida esa Jo Baydenning farzandlarini davlat qo‘riqchilaridan mahrum qilgandi.
Izoh (0)