Hyundai kemasozlik kompaniyasi o‘zbekistonliklarni ishga oladi, deb xabar bermoqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi.
Unga ko‘ra, Hyundai kemasozlik kompaniyasi bilan hamkorlikda Koreya texnologiyasi asosida malakali kadrlar tayyorlash uchun 3 oylik o‘quv kurslariga endi EPS-Topik imtihonlaridan ishlab chiqarish sohasida muvaffaqiyatli o‘tib, SPAS elektron bazasida tasdiqlangan fuqarolar taklif etiladi.
Oylik maoshi 2500 AQSH dollarigacha kafolatlangan bo‘ladi. EPS-Topik (ishlab chiqarish sohasida) imtihonlarida 80 baldan yuqori natija ko‘rsatgan yoki o‘tish ballari 80 dan kam bo‘lgan taqdirda Topik, “Qirol Sejong” sertifikatlariga ega nomzodlar 21-fevral kunigacha hujjatlarini Migratsiya agentligining hududiy filiallariga taqdim qilib, saralash bosqichida ishtirok etishi mumkin.
“2023-yilda ishlab chiqarish sohasida EPS-Topik imtihonlaridan o‘tgan nomzodlar uchun alohida eslatma: Agar siz SPAS elektron bazasida 2 yil muddatga 2024-yilning noyabr oyida tasdiqlangan bo‘lsangiz, o‘quv kursi uchun saralash bosqichlarida ishtirok etishingiz mumkin”, deyilmoqda agentlik xabarida.
Murojaat uchun: 71 202 33 55 (ichki raqam 41/42)
Bundan avval Litva korxonalari bilan 200 nafar O‘zbekiston fuqarosini ishga joylashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishilgandi. Shuningdek, o‘zbekistonliklar Yaponiyaga logistika, aeroport xizmati va yuk tashish yo‘nalishlarida ishga yuborilishi aytilgandi.
O‘zbekistonda 2018—2023-yillarda aholi daromadining 16 foizi migrantlar ulushiga to‘g‘ri kelgan. Chet ellarda ishlayotgan yurtdoshlar har yili O‘zbekistonga o‘n ikki-o‘n besh milliard dollar jo‘natadi.
Prezidentning “Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-noyabrdan:
- xorijiy ish beruvchilar tomonidan taklif qilinayotgan ish o‘rinlari haqidagi barcha maʼlumotlar Migratsiya agentligining elektron platformasi, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ochiq eʼlon qilib boriladi;
- Agentlikning elektron platformasida fuqarolarga o‘zining rezyumesini shakllantirish va joylashtirish hamda eʼlon qilingan ish o‘rinlari bo‘yicha tanlovlarda erkin ishtirok etish imkoniyati yaratiladi;
- vaqtincha mehnat faoliyatiga chiqib ketayotgan fuqarolarga Migratsiya jamg‘armasi hisobidan 10 million so‘mgacha ikki yil muddatga mikrokreditlar ajratiladi;
- fuqarolarning xorijda ishga joylashishi va “ishchi viza”ga oid hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha bepul konsalting xizmatlari ko‘rsatiladi.
2024-yil 1-dekabrdan agentlik tomonidan taʼlim tashkilotlarida xorijga ishga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha buyurtmalar joylashtirish tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, xususiy bandlik agentliklari tomonidan litsenziya olish uchun zaxira qilinadigan mablag‘lar miqdori BHMning 8500 baravaridan 4000 baravarigacha tushiriladi.








