Hindistonni global ishlab chiqarish markaziga aylantirish bo‘yicha islohotlar elektronika hamda farmatsevtika mahsulotlari eksportida katta yutuqlarga olib keldi. Mamlakat endi harbiy sanoatda yirik o‘yinchi bo‘lishga e’tibor qaratmoqda. Jozibador takliflar bilan.
Hindiston Ukrainadan so‘ng eng ko‘p qurol import qiluvchi davlat hisoblanadi. U qurol xaridi uchun o‘zining EXIM Banki orqali uzoq muddatli, past foizli kreditlarni taqdim etish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Dehli hatto siyosiy yoki moliyaviy risk darajasi yuqori bo‘lgan davlatlarni “quruq qaytarmayapti”.
Shu bilan birga Hindiston xorijdagi elchixonalarida harbiy attashelar sonini ko‘paytirib, qurol savdosi bo‘yicha baʼzi bitimlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat muzokaralari darajasida o‘tkazyapti. Bundan ko‘zlangan maqsad Rossiyaning an’anaviy xaridorlarini o‘ziga jalb qilish bo‘lishi mumkin.
Geosiyosiy omil
2022-yili Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirgach, Moskvaning xalqaro qurol-yarog‘ bozoridagi ulushi sezilarli darajada kamaydi. Bunga urush ichki ehtiyojlarni keskin oshirib yuborgani, shuningdek rus harbiy texnikalarining sifat ko‘rsatkichlari bilan bog‘liq xavotirlar asosiy sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, Ukrainaning ham Sovet standartlaridagi o‘q-dorilarga ehtiyoji keskin oshib ketdi. Qolaversa, jarayon butun dunyo bo‘ylab qurollanish poygasiga kuchli turtki berdi.

Bu rus standartlari asosida qurilgan, arzon ishchi kuchi va xomashyo zaxiralariga ega Hindiston harbiy sanoati uchun qulay imkoniyat edi. Mamlakat 2023—2024-yillarda 14,8 milliard AQSH dollari qiymatdagi qurol-yarog‘ hamda harbiy texnikalar ishlab chiqardi. Bu 2020-yildagiga nisbatan 62 foizli o‘sish degani. Xaridorlar esa asosan “uchinchi dunyo” davlatlari hisoblanadi.
“Hindiston mudofaa eksportini oshirish yo‘lida qat’iy qadamlar bilan olg‘a bormoqda”, deb yozdi mamlakat mudofaa vaziri Rajnath Singh
Hindiston 2024-yili qariyb 3 milliard AQSH dollari qiymatdagi qurol-yarog‘ eksport qildi. Mamlakat Armaniston, Vetnam, Saudiya Arabistoni, BAA, Filippin va hatto Ukraiana kabi davlatlarga Brahmos raketalari, Akash havo mudofaa tizimlari, tank va artilleriya snaryadlarini yetkazib bermoqda.
Izoh (0)