Noqonuniy umra safarlari ortidan 34 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 580 nafar fuqaro charter reys orqali qaytarildi. Bu haqda Diniy qo‘mita xabar berdi.
Joriy yilning dastlabki uch oyida O‘zbekiston hududida ayrim fuqarolar tomonidan turistik kompaniya niqobi ostida hech qanday litsenziyasiz umra safarlarini tashkil qilish holatlari aniqlanib, bu borada 34 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Mazkur jinoyatlar doirasida 46 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, noqonuniy faoliyat yuritgan 53 ta turistik xizmat ko‘rsatuvchi subyektlarning faoliyati to‘xtatildi. Mas’ullar bildirgan ma’lumotlarga ko‘ra, ba’zi turfirmalar o‘z zimmasiga olgan vazifalarni bajarmagani sababli ko‘plab fuqarolar Saudiya Arabistonida og‘ir holatga tushib qolgan.
“Yurtdoshlarimiz sarson bo‘lib, o‘sha joylarda necha kunlab och va yotoqsiz qolib ketishdi”, deya ma’lum qildi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov.
Ziyorat maqsadida Saudiya Arabistoniga borgan, biroq noqonuniy tashkil etilgan safarlar natijasida muammoga duch kelgan jami 580 nafar fuqaro charter reys orqali yurtga qaytarilgan.
Aprel oyining o‘rtalarida Toshkentda to‘rt kishini hajga jo‘natish uchun 23,6 ming dollar olgan shaxs ushlangandi. Shuningdek, poytaxtda o‘tkazilgan tezkor tadbirda soxta sayyohlik firmalari faoliyatiga chek qo‘yilgandi.
O‘zbekistonda 2025-yil 1-sentyabrgacha “Haj va umra yagona portali” hamda uning mobil ilovasini ishlab chiqiladi. Bu orqali fuqarolarning ibodatlar va diniy rasm-rusumlarni amalga oshirishi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, haj va umra ziyoratlariga borishi bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatish jarayonida ortiqcha byurokratik tartibotlarni bartaraf etish maqsad qilingan.
O‘zbekistonda umra tadbirlarini tashkil etish
2024-yil iyulida O‘zbekistonda umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Hukumat qarori bilan quyidagi litsenziya talab va shartlari joriy etilgan. Litsenziyaga ega bo‘lmagan tadbirkorlik subyektlari tomonidan umra xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari BHMning 200 baravari (75 million so‘m) etib belgilangan.
Izoh (0)