Toshkent viloyatida qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy ortganlar 4 mlrd so‘m to‘laydigan bo‘ldi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi va viloyat IIBB bilan hamkorlikda navbatdagi reyd tadbiri o‘tkazildi.
Reyd davomida Yuqori Chirchiq tumani “Nurafshon” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining muhofaza mintaqasiga yaqin joyda qum-shag‘al aralashmasi davlat raqami yechib olingan yuklagich yordamida yuk mashinalariga hech qanday ruxsatnomasiz yuklab berilayotgani aniqlandi.
Transport vositalarini vaqtinchalik saqlab turish uchun tuman hududida joylashgan jarima maydonchasiga joylashtirish vaqtida haydovchilar qonuniy talablarga bo‘ysunmay, voqea joyidan qochib ketdi. Huquqbuzarlar ushbu harakatlari bilan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunlar talablarini buzgan.
Huquqbuzarlik natijasida tabiatga 4 milliard 347 million 712 ming 454 so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborildi.
Daryolar o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etilgan
Prezident farmoni bilan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo, Surxondaryo va Sirdaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga 2024-yil 1-maydan muddatsiz moratoriy joriy qilindi. Noqonuniy qazib olish ishlari natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik ham kuchaytirildi.
Shunga qaramay, noqonuniy qum-shag‘al qazib olish davom etmoqda. 12-fevral kuni Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida tabiiy qum xomashyosini o‘zboshimchalik bilan qazib olish holatlari fosh etildi. Toshkent viloyati Bekobod tumanida noqonuniy ravishda qum qazib olinishi oqibatida tabiatga 100 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazildi.
13-yanvarda Samarqandning ikki hududida qum-shag‘al qazib olinishi oqibatida tabiatga 826 milliard so‘m zarar yetkazilgandi.
Izoh (0)