“Daryo” 26-iyul FQB tashkil topgani munosabati bilan AQSh va dunyoning eng kuchli jinoyat qidiruv va surishtiruv organlaridan biri bo‘lgan FQBning 112 yillik tarixi, uning yutuqlari va mag‘lubiyatlari, Germaniya, SSSR bilan bog‘liq josuslik voqealari haqida hikoya qiladi.
FQBning haqiqiy tarixi
1908-yilning 26-iyul sanasida AQShda federal darajadagi xavfli jinoyatlarni tergov qilish, aniqlash maqsadida Qidiruv byurosi tashkil qilindi. Biroq yangi tashkil qilingan byuroning dastlabki 16 yillik tarixi siyosatchilarning bir-biriga nisbatan kompromat yig‘ishi, hukumat bilan kelishuvga borishga tayyor bo‘lgan “qo‘li kir” siyosatchilarning Qidiruv byurosi ma’lumotlaridan ichki intrigalarni yaratish uchun xizmat qilish bilan o‘tdi. AQShning 29-prezidenti Uilyam Garding davrida Qidiruv byurosi hattoki korrupsiyaga aloqador siyosiy janjallarga ham aralashib qoldi. Bu byuro tarixidagi tartibsizlikning avj nuqtasi edi.Muammo shundaki, prezident Garding ma’muriyatidagi siyosatchilarning aksari pul va hokimiyatga xudoga sig‘ingandek sig‘inar, qonun ustuvorligidan zarar ko‘radigandek ish ko‘rar va xalq oldidagi majburiyatlarini bajarmasdi. Ichki ishlar vaziri Albert Fol yirik neft korchalonlaridan 300 ming dollar miqdorida pora olgani haqidagi tafsilotlar ommaga oshkor bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, Adliya vazirligi bo‘ysunuvidagi Qidiruv byurosi bu borada qo‘lini sovuq suvga ham urmasligini namoyish qiladi.
Keyinchalik esa prezident Gardingni poker o‘yinlarida hamrohlik qiluvchi do‘sti Charlz Forbs pudratchi tashkilotlardan olgan million dollar miqdoridagi “otkat”larni olib semirib yotgan bo‘lsa-da, Qidiruv byurosi tergovni bekor qilgan holatlar bo‘lgandi. AQSh jamiyati jirkanch sahna ortidagi o‘yinlar bo‘xronida qolib ketganida 1923-yilda prezident Uilyam Garding to‘satdan vafot etdi. Vitse-prezident Kalvin Kulij AQSh prezidenti vazifasini bajara boshlaydi.
Qidiruv byurosi islohoti
Fermer oilasida voyaga yetgan Kalvin Kulij tabiatan kamsuqum, davomli ma’nisiz suhbatlardan beziydigan, o‘zini omma oldida ko‘z-ko‘z qilishni mutlaqo yoqtirmaydigan, lo‘nda nutqni xush ko‘radigan prezident sifatida sobiq prezidentdan bir qator AQSh jamiyatidagi muammolarni “meros” qilib oldi. Bu “meros” jamiyatdagi poraxo‘rlik, “dry law” (spirtli ichimliklar ishlab chiqarish yoki sotishga qarshi qonun) bilan bog‘liq uyushgan jinoyatchilik, Linch sudlari uyushtirayotgan “Ku-kluks-klan” maxfiy tashkilotining faollashgan paytiga keldi.Shunga qaramasdan AQSh iqtisodiyotida o‘sish sezilarli darajada edi. AQShning tub aholisi prezident Kalvin Kulij davrida AQShning to‘la huquqli fuqarolari sifatida e’tirof etilgan bo‘lsa-da, jamiyatda hanuz afroamerikalilar bilan bog‘liq vaziyat murakkabligicha qolaverdi. Prezident Kulij va’dalar berish o‘rniga, jamiyatni tuzatish, eng avvalo, amallar bilan isbotlanishiga ishonardi. Shu boisdan u “Men AQShda korrupsiyani yo‘q qilaman”, deya va’da berishdan tiyildi va mavjud muammoga qarshi kurash boshladi. Va’dalar berilgan taqdirda ham amerikaliklar bu va’daga ishonmasliklari tayin edi.
Shu sababli u AQSh bosh prokurorligiga o‘zi ishongan do‘sti, mashhur yurist Xarlan Fiske Stounni tayinladi. Navbatdagi ish esa korrupsiyaga qarshi kurashish uchun adolatparvar Ettli Pomeran va Ouen Robertsni maxsus prokurorlar qilib tayinladi. Pomeran va Roberts Kulijning korrupsiyaga qarshi kurashdagi ishonchli odamlari edi. Bu esa Kalvin Kulijga AQShda korrupsiyaga, uyushgan jinoyatchilikka qarshi haqiqiy kurash olib borish va tizimni isloh qilish imkonini berdi.
Qidiruv byurosi samarali ishlashi uchun Xarlan Stoun 1924-yilning 10-may sanasida 29 yoshli Edgar Guverni rahbar lavozimiga taklif qiladi. Edgar Guver qat’iyati, sotilmasligi, jamiyatning umummanfaatlari uchun xizmat qilishga bel bog‘lagani Stounni befarq qoldirmagan bo‘lsa, ajab emas. Sal avvalroq Guver siyosiy doiralarda kommunistlarga qarshi kurashgan shaxs sifatida yaxshi taassurot uyg‘otgan, uning tashabbusi bilan AQShdagi so‘l radikalchilarning aksarlari fosh qilingan edi. Kulij qaroriga muvofiq, unga Qidiruv byurosida katta vakolatlar beriladi va AQSh qonunlariga qat’iy bo‘ysungan holda ish ko‘rish talabi qo‘yiladi.
- Stoun Guverga muhim vakolatni tapshirar ekan, quyidagi so‘zlari e’tiborga molik: “Maxfiy politsiya tashkiloti demokratik boshqaruv va demokratik institutlar faoliyati uchun tahdid bo‘lishi mumkin, shu sababdan ham bunday tashkilot hokimiyatni suiiste’mol qilishi mumkin. Buni qisqa fursatda anglab olish uchun esa vaqt talab qilinadi. Qidiruv byurosiga berilayotgan keng vakolatlar, albatta, qonunni ishlatish uchun berilmoqda va bu vakolatlar albatta fuqarolik, jinoyat va federal qonunchilikni hurmat qilgan holda amaliyotga tatbiq qilinishi kerak. Shu sababdan byuro xodimlari qonun doirasida ish ko‘rishi va qonunni chetlab o‘tmasligi kerak, aks holda ular mansab vakolatlarini suiiste’mo‘l qilgan bo‘ladi”.
Ammo shunga qaramasdan oradan besh yil o‘tib, AQSh tarixida ilk marotaba sobiq ishki ishlar vaziri Albert Fol korrupsiyada aybdor deb topildi va bir yil ozodlikdan mahrum qilish hamda 100 ming dollar miqdorida jarima to‘lashga hukm qilindi. Neft biznesi vakili Garri Sinkler sobiq vazirga qarshi ko‘rsatma berishdan bosh tortgani uchun olti oy qamoq jazosi va 100 ming dollar miqdoridagi jarimaga tortildi. Kulij siyosati natija bera boshlagan edi. Guver esa o‘z vakolatini sidqidildan jamiyat manfaati uchun qaratgandi.
FQB nomining paydo bo‘lishi
Aynan Edgar Guver davrida — 1935-yilda Qidiruv byurosi nomi Federal qidiruv byurosi nomiga o‘zgardi. Edgar Guver yangi nomda tashkil topgan FQBning birinchi rahbari sifatida tarixda qoldi. Guver hayotining keying 37 yilini FQBning direktori sifatida o‘tkazdi. Guver vafotidan keyin AQSh kongressi FQB rahbarlari mazkur lavozimda 10 yildan ortiq qola olmasligi borasida qonun loyihasini qabul qildi.Edgar Guver rahbarligi ostida FQB bir qator muvaffaqiyatli maxfiy amaliyotlar o‘tkazdi. Guver rahbarligida FQB Jon Dillinjer, “Kichkintoy” Nelson, Elvin Karpis, “Avtomat” Jorj Kelli, “Yoqimtoy” Floyd kabi jinoyat olamining ko‘zga ko‘ringan vakillari va maxfiy irqchilik tashkiloti hisoblangan “Ku-Kluks-Klan”ning linch sudlariga qarshi samarali faoliyat olib bordi. Guver rahnamoligi ostida 1932-yilda FQBning zamonaviy kriminalistika laboratoriyasi tashkil qilindi. Mazkur laboratoriyaning tashkil qilinishini Edgar Guver o‘zining eng katta yutug‘i sifatida tilga oladi.
1930—1940-yillardagi natsistlarning “Abver” harakatining fosh qilinishi
Abver nemis tilida “Abhwer” — mudofaa yoki hujumni qaytarish nomini beradi. Mazkur tashkilot dastlab Germaniya imperiyasining ayg‘oqchilik va kontrrazvedka bo‘linmasi sifatida yuzaga keladi va vaqt o‘tishi bilan Uchinchi reyx sifatida nomlangan Gitler hukumatining manfaatlarini himoya qilish maqsadida harakat qila boshlaydi.1927-yilda Nyu-York sohillariga asl ismi Uilyam Lankovski bo‘lgan Vilgelm Shnayder qadam qo‘yadi. Uning maqsadi esa AQShda nemis josuslik xizmati tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish edi. 1930-yillar o‘rtalaridan boshlab AQShda nemis “hududlari” paydo bo‘la boshlaydi. “Abver” har bir millati nemis bo‘lganlarni maxsus sinovlardan o‘tkazib, ularni AQShning muhim sanoat tarmoqlariga ishga joylay boshlaydi. Shu tariqa AQShdagi har bir qurol zavodida, portlarida “Abver” josuslari paydo bo‘ladi. Natijada, Germaniya AQShda ishlab chiqarilayotgan har bir uchoq, tank, harbiy kemalardan tortib davlat yuqori organlarida muhokama qilinayotgan ma’lumotlarni ham bilish imkoniga ega bo‘ladi.
Amerikaliklar ham befarosatlikdan yiroq, shu sababdan 1935-yilning 25-sentabrida Germaniyaga suzib ketishga chiqqan kema nazorat punktida texnik chizmalar va bir qator suratlarni ko‘tarib olgan yo‘lovchini qo‘lga oladi va bu haqida FQBga ma’lum qilinadi. FQB darhol yo‘lovchining buyumlarini olib qo‘yishni va o‘zini ertasiga tergovga yuborishlarini buyuradi. Qo‘lga tushgan josus Lankovski bo‘lib, u ertasi kuni FQBga bormay, Kanadaga “surib” yuboradi va bamaylaxotir Bremenga kelib oladi. Bu esa FQB o‘z tarixida duch kelgan yagona voqea emas edi.
1940-yilga kelib FQB ancha tajribaga ega bo‘lib qolgan, josuslarga qanday tuzoq qo‘yishni yaxshi o‘zlashtirgan tuzilmaga aylangandi. Kelib chiqishi nemis bo‘lgan kaliforniyalik Uilyam Sebold Nyu-York shahrida muhandis maslahatchi sifatida firma ochadi. Radiogramma uzatish, Morze alifbosini, maxfiy xabarlar yuborishni puxta o‘zlashtirgan Uilyam Sebold ortidan FQB kuzatuv olib bora boshlaydi. FQB Sebold ofisiga tinglovchi “qo‘ng‘iz”lar o‘rnatib qo‘yadi va Sebold uchrashgan har bir mijoz bilan bo‘lgan suhbatni eshitish imkoniga ega bo‘ladi. Kerakli ma’lumotlar qo‘lga kiritilgach, Edgar Guver 1940-yilning 28-iyun sanasida o‘z xodimlariga Sebold va uning ofisida bo‘lgan har bir shaxsni ushlash haqida topshiriq beradi.
Natijada 29-iyun sanasida AQShdagi barcha radiostansiyalar mamlakat tarixida eng katta josuslik rezidenturasi a’zolari qo‘lga tushgani haqida xabar tarqatadi. Maxfiy amaliyot natijasida FQB fashistlarning 33 josusini va besh josuslik markazini fosh qilishga erishgandi. Germaniya josuslarining barchasi qo‘lga tushmagan bo‘lsa-da, prezident Ruzvelt radio orqali barcha josuslarga mamlakatni tark etish haqida ogohlantirish beradi. Natsist Germaniyasining AQShdagi “sarguzashtlari” nihoyasiga yetadi.
FQB va Sovet Ittifoqi
Sovet Ittifoqi va Davlat xavfsizlik qo‘mitasi dastlab AQShning 35-prezidenti Jon Kennediga uyushtirilgan suiqasd ortida radikallashgan o‘nglar turganini va ular AQSh va SSSR o‘rtasidagi munosabatlarni taranglashtirish ortidan yadro urushi boshlanishiga umid qilgani haqida FQB ma’lumot beradi. FQB oshkor qilgan ma’lumotlarda agarda prezidentsiz qolgan mamlakatda qandaydir bir general hokimiyat tepasiga kelgudek bo‘lsa, Sovet Ittifoqiga qarshi yadro boshlanishidan xavotirga tushgani ham aytiladi. Aslida esa Jon Kennedining o‘limida Sovet Ittifoqini aybdor qilish bu konspirasiyadan boshqa narsa emasdi.Robert (Bobbi) Jeyms Fisher AQShda o‘z tengdoshlari orasida shaxmat bo‘yicha chempion. 1958-yilda Robert Fisher AQSh tarixidagi eng yosh shaxmat chempioni nomiga sazovor bo‘ldi. Natijada shu yilning o‘zida Yugoslaviyada o‘tkazilgan shaxmat chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Turnir davomida AQSh shaxmat federatsiyasi yosh shaxmatchi bilan Boris Spasskiy va Yevgeniy Vasyukov bilan turnir o‘tkazish taklifini beradi.
Sovet Ittifoqi shaxmat federatsiyasi mazkur taklifni qabul qiladi va yosh shaxmatchi umrida birinchi va so‘nggi bor Moskvaga tashrif buyuradi. Mazkur voqeani esa AQShning nufuzli Associated Press yangiliklar nashri butun AQShga yoygan. FQB esa Fisher va uning oilasini Moskvaga kelishidan oldin kuzatuvga olgan va ularni kommunistik mafkuraning targ‘ibotchilari sifatida baholayotgan edi. Biroq FQB Bobbi Fisher va uning oilasi borasidagi gumonlarini 1972-yilda o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Chunki 1972-yilda Fisher shaxmat musobaqasida Boris Spasskiyni mag‘lub qilib, “Sovuq urush”ning qahramoniga aylangandi.
2016-yilgi saylov: Rossiya AQShdagi saylovlarga aralashganmi?
2016-yil respublikachilar nomzodi Donald Tramp va demokratik partiya nomzodi Hillari Klinton orasida prezidentlik uchun musobaqa avj olgan bir paytda xakerlar demokratik partiya shtab kvartirasidagi elektron yozishmalarga buzib kirgani haqida siyosiy janjal paydo bo‘ldi. Hillari Klinton darhol mazkur voqeada Rossiyaning “qo‘li” borligini iddao qildi va bu bilan Rossiyaga Trampni qo‘llab-quvvatlagani uchun “tashakkur” bildirdi.FQB direktori o‘zi mas’ul bo‘lgan tashkilotda yig‘ilish o‘tkazib, Rossiyaning AQShdagi prezidentlik saylovlariga aralashish masalasini tergov qilish topshirig‘ini berdi. Tergov surishtiruv jarayonlari AQSh matbuotida keng yoyildi. Hukumat tepasiga kelgan hali qasamyod qabul qilishga ulgurmagan 45-prezident Donald Tramp 11-yanvar sanasida o‘zining Twitter’dagi akkauntida “Rossiya hech qachon menga bosim o‘tkazishga harakat qilmagan. Rossiyadan ko‘radigan manfaatlarim — hech qanday bitimlarim, qarzlarim yo‘q”, deb izoh qoldirdi.
Shunga qaramasdan Tramp atrofidagi ruslarning uning hokimiyatga kelishida yordam ko‘rsatgani borasidagi muhokamalar butun AQSh jamiyatini diqqat markaziga aylangandi. Surishtiruvlar natijasida prezident Tramp 90-yillarda Moskva bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga harakat qilgani, 2000-yilga borib esa moskvalik biznes hamkorlar orttirgani va hattoki 2013-yilda Moskvaga “Dunyo go‘zali” xalqaro tanlovini o‘tkazish uchun borgani oshkor bo‘lib qoldi.
Bunday ma’lumotlar esa Amerika jamoatchiligida nahotki 2016-yilgi AQSh prezidentligi saylovlarida rasmiy Kremlning qo‘li bo‘lsa, degan savollarni uyg‘otishi tabiiy edi. Ustiga-ustak tergov jarayoniga tortilgan Tramp maslahatchisi sifatida bir oy ham ishlamay lavozimdan ketgan Maykl Flinning rus elchisi bilan AQShning Rossiyaga nisbatan joriy qilgan sanksiyalarini muhokama qilishi Tramp uchun dard ustiga chipqon edi. 2017-yilda Maykl Flinn FQBga o‘zining rus hamkorlari haqida yolg‘on ma’lumot berganini tan oladi. FQB esa tergov jarayonlarini davom ettiradi.
Biroq Donald Tramp Jeyms Komini o‘zining egallab turgan lavozimiga mos emasligida ayblaydi va ishdan olib tashlaydi. Bu esa ommaviy axborot vositalarida Tramp tergovni to‘xtatishni istagani uchun ham Jeyms Komini ishdan olib tashladi, degan xabarlarning urchib ketishiga olib keladi. Hattoki 2019-yilda Senat Trampga impichment e’lon qilish haqida bahs yurita boshlaydi, ammo maxsus prokuror Robert Myullerning ikki yil davom etgan tergovi Trampni siyosiy mojaroga hech qanday aloqasi yo‘qligini isbotlab beradi. Prezident o‘z vazifasini bajarishda davom etadi.
So‘ng so‘z o‘rnida
Bugun FQB dunyo maxsus xizmatlarining eng zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlangan muassasasi. FQBda 30 mingdan ortiq maxsus agentlar, tahlilchilar, kriminalistlar, tibbiy sud ekspertlari faoliyat yuritadi. FQB AQSh xalqini terrorizm, josuslik, kiber hujumlar, jinoiy tahdidlardan himoya qilish uchun faoliyat yuritib keladi. Shuningdek, FQB hamkor davlatlarning maxsus xizmatlari xodimlari uchun turli malaka o‘quv seminarlari tashkil qiladi, ular bilan tajriba almashib, xavfsiz jamiyat qurish uchun AQSh hukumatiga yordam beradi.Jahongir Ergashev tayyorladi.
Izoh (0)