Britaniyalik mashhur qo‘shiqchi, bastakor va afsonaviy Queen guruhining yetakchi vokalisti sifatida ijod qilgan Freddi Merkyurining singlisi Kashmira Bulsara akasining buyumlari oilada qolishi uchun hech narsani ayamadi. U marhumga tegishli barcha predmetlarni Merkyurining sobiq turmush o‘rtog‘i Meri Ostin tashkil qilgan auksionda sotib oldi.

Kashmira sotib olgan buyumlar orasida Freddining olti mushugini aks ettiruvchi suratlar bilan bezatilgan jilet, musiqiy avtomat, sakkiz sahifalik qo‘shiq qo‘lyozmalari, harbiy kurtka, lampa, Nike sport kiyimi va muz uchun mo‘ljallangan kub shaklidagi chelak bor edi. U bularning barchasiga 4 million dollar to‘ladi.
Meri Ostin — rok afsonasining yuragini zabt etgan ayol bo‘lib, 1991-yilda Merkyuri vafot etganidan beri uning mol-mulkining asosiy merosxo‘ri hisoblanadi. 74 yoshli Meri xonandaga tegishli esdalik buyumlarini sotuvga qo‘yganini eshitgan 73 yoshli Kashmira bundan qattiq g‘azablanganini yashira olmagan.

Foto: Biography
The Sun nashriga bergan intervyusida insayderlar shunday deydi:
“Kashmira kelinining ishlaridan juda achchiqlangan va xafa bo‘lgan, chunki akasining ko‘plab shaxsiy buyumlarini istalgan odamga sotib olish uchun taqdim etish yaxshi emas. U Freddining butun dunyo bo‘ylab sevib hurmat qilinishini qadrlaydi, lekin marhumdan qolgan yodgorliklar uning yaqinlariga emas, begonalarga tegishli bo‘lib qolayotgani singilni xafa qiladi”.

Foto: Getty Images
O‘zaro bitim maxfiylikda amalga oshirildi. Merkyuri oilasi va Meri Ostin o‘rtasidagi ziddiyat uzoq yillardan beri davom etmoqda. Shuning uchun Kashmira akasining buyumlarini xarid qilish uchun uchinchi shaxslar yordamidan foydalandi. Xarid bo‘yicha ular boshqa hech qanday izoh bermadi.
Avvalroq ham Meri Ostin Merkyurining buyumlarini sotgan va tushgan mablag‘ning bir qismini Freddi sharafiga guruh a’zolari va menejeri Jim Bich tomonidan tashkil etilgan Mercury Phoenix Trust xayriya jamg‘armasiga hamda Elton Jonning OITSga qarshi jamg‘armasiga taqdim etgan.
Izoh (0)