“Daryo” o‘tib borayotgan haftada dunyo matbuotida e’lon qilingan va muhokama markazida bo‘lgan maqolalar sharhi bilan tanishtiradi.
Yangi yil uchun iqtisodiy taxminlari nimalardan iborat?
Har yili Daniyada joylashgan Saxo Bank eng noodatiy iqtisodiy prognozlarni e’lon qiladi. 2021-yilda ro‘y beradigan muhim voqealardan biri sifatida Saxo Bank feyk ma’lumotlariga blokcheyn yordamida barham berilishi va Kiprning Amazon kompaniyasi tarafidan sotib olinishini e’lon qildi, deb yozadi Atlantic Council nashri. Saxo Bank prognozlari esa ba’zi holatlarda amalga oshishi bilan ham qiziq.2019-yilning oxirlarida bank dunyo misli ko‘rilmagan iqtisodiy turg‘unlik holatiga tushib qolishini, Germaniyada retsessiya va moliyaviy inqiroz kuzatilishini va Tesla va Apple kompaniyalari birlashuvini taxmin qildi. 2020-yil pandemiya bois haqiqatdan ham dunyo mamlakatlari uchun o‘ta qiyin kechdi, Germaniya moliyaviy qiyinchiliklarga uchradi, Tesla va Apple kompaniyalari o‘z avtomobillarini ishlab chiqarish borasida yaqinlasha boshladi.
Forbes nashri sarmoyadorlarni iqtisodiy bashoratlarning amalga oshishiga unchalik ham umid qilmasligidan ogohlantirayotgan bo‘lsa-da, taxminlarni sinchiklab tahlil qilishga undamoqda. 2021-yilda nimalar sodir bo‘ladi:
1. Amazon kengayishda davom etadi. Shuhratparast kompaniya Kiprni sotib oladi va orolda o‘zining Yevropa Ittifoqidagi qarorgohini joylashtiradi. Kompaniya Kipr soliq qonunchiligini o‘zgartirgan holda, o‘zi uchun qulayroq bo‘lgan sharoitlarni yaratadi. Kipr hukumati esa Amazonning taklifini qabul qiladi va ko‘proq pul ishlab olish imkoniga ega bo‘ladi;
2. Germaniya pandemiyadan g‘aznasi bo‘shab qolgan Fransiya budjetini tiklashga yordam beradi. Ayni paytda Fransiyaning qarzi 140 foizga yetib qolgan, banklar esa kasod bo‘lish arafasida. Fransiya Germaniyaga moliyaviy yordam so‘rab murojaat qiladi, Germaniya esa moliyaviy inqiroz tizimli tus olmasligi uchun qo‘shnisiga ko‘mak berishdan boshqa iloji yo‘q. Kuch birlikda;
3. Blokcheynlar tufayli dunyo feyk xabarlardan xalos bo‘ladi. Axborot saytlari, hukumatlar va yirik kompaniyalar blokcheyn tizimida ishlaydigan yirik tarmoqlar yordamida axborotlarni filtrlash tizimini yaratadi va qaysi axborot to‘g‘ri yoki feykligi tasniflanadi;
4. Xitoyliklar sarmoyadorlarni o‘ziga jalb qiladigan raqamli yuan kriptovalyutasini yaratadi. Sarmoyadorlar buni Xitoyning ochiq iqtisodiyot belgisi sifatida baholagan holda Xitoy taklifini ijobiy qabul qiladi. Dollar esa AQSh va Xitoy o‘rtasidagi navbatdagi raqobatga sho‘ng‘iydi;
5. Texnologiyalar toza energiya manbalarini yaratish imkoniga ega bo‘lishi natijasida har bir xo‘jalik alohida mustaqil bo‘lgan energiya ta’minoti bilan ta’minlanish imkoniga ega bo‘ladi. Energiyani sintez qilish algoritmining takomillashtirilishi natijasida jismoniy shaxslar ham o‘z uylarini energiya bilan ta’minlash imkoniga ega bo‘ladi. Shamol tegirmonlari vaqti o‘tadigan payt keladi.
6. Ishsizlik natijasida ish soatlari qisqarsa-da, mahsulot ishlab chiqarish hajmi ortadi. Bu esa barchaga shartsiz daromad to‘lash imkonini yuzaga keltiradi. Bunday o‘zgarish natijasi, eng avvalo, shaharlarning o‘sishini to‘xtatishga olib keladi;
7. Koronavirusga qarshi vaksina inflyatsiyani yuzaga chiqaradi, deb taxmin qiladi Saxo Bank mutaxassislari. Iqtisod tiklanadi va yangi iqtisodiy “boom” kuzatiladi. Bunday sharoitda esa inflyatsiyaning yuzaga kelishi muqarrar. Bu esa ijara va aktivlarga zarba beradi. Markaziy banklar foiz miqdorlarini oshirishi natijasida defoltlar zanjiriga turtki berib yuboradi. Inflyatsiyaning bunday rivoji qimmatbaho metallar, ayniqsa, kumush bahosining oshishiga olib keladi;
8. Texnologiyalar sun’iy yo‘ldoshlar yordamida internetga ulanish imkoniyatini barcha uchun ochiq qiladi. Rivojlangan mamlakatlarda ma’lumotga ega bo‘lganlar soni mahsuldorlikning ortishiga ham yordam beradi. Qishloq xo‘jaligida dronlardan keng miqyosda foydalanishning tatbiq qilinishi mahsuldorlikni keskin oshishiga hissa qo‘shadi;
9. Tibbiyotda kasalliklarning oldini olishda katta progress kuzatiladi. Koronavirusga qarshi vaksina tayyorlash jarayoni o‘z xususiyatiga ko‘ra saraton kasalligiga qarshi malham topishdan qolishmadi. Koronavirusga qarshi qaratilgan kapital saraton kasalligiga qarshi kurash uchun safarbar qilinadi va ulkan yutuqqa erishiladi. Bu esa XIX va XX asrlarda kashf qilingan vaksina va antibiotiklarning kashf qilinishi kabi rezonans voqeaga aylanadi.
2020-yil mamlakati
The Economist nashri har yili an’anaviy tarzda “Yil mamlakati” nomini e’lon qilib keladi. Nashrning bu galgi yil mamlakati e’tirofiga Afrikadagi Malavi davlati munosib bo‘ldi.Nashrning e’tirof etishicha, yildan yilga dunyoning turli mamlakatlarida ijobiy o‘zgarish sari qadamlar tashlanayotgani xolisona ta’kidlandi. 2020-yil pandemiya bois ko‘p mamlakatlarda iqtisodiy va ijtimoiy sohada bir qator murakkabliklar kuzatilgan bo‘lsa-da, ayrim mamlakatlar murakkab vaziyatni yumshatishga va uning salbiy oqibatlarining oldini olishga harakat qildi. Nashr yil mamlakatini aniqlashda yakuniga yetayotgan yilda sezilarli yutuqlarga erishgan, qiyin vaziyatda ijobiy yutuqlarga erishgan mamlakatlar ro‘yxatini tuzdi.
Yangi Zelandiya hukumati koronavirusni muvaffaqiyatli jilovlashiga qaramasdan, mamlakat aholisining hayoti 2020-yilda 2019-yildagidan ancha yomonlashdi. Mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq dastlabki birinchi yuz holat aniqlanganda mamlakat bosh vaziri Jasinda Ardern mamlakat chegaralarini yopdi, besh millionlik aholisini o‘zining jamoasi sifatida atab, ularni bir-birlariga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lishga chaqirdi.
Natijada mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq 25 ta o‘lim holati qayd etildi-yu, pandemiyadan oldingi davrga qayta boshladi. Regbi stadionlari muxlislar bilan gavjumlashdi, Ardern xonim esa siyosatda xalqning mehrini qozonib, yana navbatdagi muddatga o‘z vakolatini bajarishga kirishdi.
Tayvandagi holat ham Yangi Zelandiyadagidan ancha yaxshiroq bo‘ldi. Mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq bor yog‘i yetti o‘lim qayd etildi, mamlakat iqtisodiyoti yaxshi ko‘rsatkichlarga erishdi, deya e’tirof etadi britaniyalik iqtisodchilar. The Economist nashri esa Tayvan de fakto muxtor hududmi, degan savolni kun tartibidan chiqarib tashlagan holda mamlakatga ahamiyat berdi.
Muhimi Tayvan savdo markazlari, maktablar va restoranlarni yopmasdan, qattiq lokdaun e’lon qilmasdan ham pandemiyani yengishga muvaffaq bo‘ldi. Ingliz siyosatchilari uchun Tayvan Xitoy madaniyati va demokratiyasini uyg‘unlashtiruvchi e jamiyatga misolidir. Pandemiya davri nihoyasiga yetmasdan turib, mamlakatning pandemiyaga qarshi kurashdagi davlat boshqaruvi mexanizmlarini muvaffaqiyatli ekani haqida so‘z yuritishga erta.
AQSh, Britaniya, Ispaniya va Italiya kabi mamlakatlar pandemiya davrida eng yomon natija ko‘rsatgan mamlakatlar qatoridan joy oldi. Lekin Trampning “virusga qarshi loyihasi” qisqa fursatda koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarilishiga turtki ham bo‘ldi. Noyabr oyidagi saylovlarda amerikalik saylovchilar Trampning saylovdagi mag‘lubiyatiga hissa qo‘shdi va dunyo hamjamiyati uchun eng illatli tus olayotgan – populizm siyosatining keng tarqalishini olishga yordam berdi. Janob Tramp saylovchilar irodasiga qarshi chiqqan holda sudyalardan saylovlarga baho berishni so‘radi. Ammo Tramp saylagan sudyalar yakka shaxsning istagiga emas, qonunlarga asoslangan holda ish ko‘rishlarini izhor qildi.
Boliviyadagi saylovchilar ham janjalli saylovlardan keyin osuda hayotga qaytishdi. Sotsialist prezident hokimiyatdan to‘ntarildi va oktabr oyida And mamlakatida tinch saylovlar o‘tkazildi. Saylovlarda texnar Luis Arse hokimiyat tepasiga keldi.
Ayni shu manzarada The Economist nashri o‘z diqqatini Afrikaning janubidagi Malavi davlatiga qaratdi. Freedom House ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘p mamlakatlarda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat ancha yomonlashgan bo‘lsa-da, Malavida bu boradagi vaziyat yaxshi tarafga o‘zgardi.
2012-yilda Malavi prezidenti Bingu va Mutarika vafot etdi. Uning yaqinlari prezident o‘limini yashirib, Janubiy Afrikaga davolanish uchun ketyapti, degan bahona bilan hokimiyatni uning ukasi Piter Mutarikaning egallashi uchun yo‘l ochishga harakat qildi. Piter Mutarikaning rejasi ish bermagan bo‘lsa-da, oradan ikki yil o‘tib, 2014-yilda u hokimiyat tepasiga keldi.
Ikkinchi muddatga saylanishga uringan Piter Mutarika saylovlarni soxtalashtirishga uringani fosh bo‘lib qoldi. Shunga qaramay, qo‘shni Afrika respublikalaridan kelgan saylov kuzatuvchilari esa saylovlarni adolatli o‘tganini tasdiqlaydi. Malaviliklar soxta va adolatsiz saylovlarga qarshi isyon ko‘tardi. Malavilik sudyalarga amaldagi prezident katta miqdorda pora taklif qildi, sudyalar esa pora olishdan bosh tortdi va saylov natijalarini bekor qildi. Iyun oyidagi saylovlar natijasida Lazar Chakver g‘alaba qozondi. Lazar Chakver ayni paytda ijro hokimiyatining vakolatini cheklash va prezidentning xalq oldidagi hisobdorligini ta’minlash uchun hamda sud hokimiyatini o‘rnini mustahkamlash uchun islohotlar e’lon qildi.
Malavi hozirda Afrikaning qashshoq mamlakatlaridan biri bo‘lsa-da, aynan mamlakatdagi demokratik o‘zgarish The Economist nashrining e’tiboriga tushdi va 2020 yilning mamlakatiga aylandi.
2019-yilda O‘zbekiston ham The Economist nashrining yil mamlakati e’tirofiga tushgan edi.
Yamandagi vaziyat o‘zgaradimi?
Yamandagi nizo allaqachon bir necha yuz ming kishining yostig‘ini quritdi. Nizoni hal qilishning esa yechimi ko‘ringani yo‘q. Yamandagi qonli nizoni va gumanitar inqirozni to‘xtatish uchun Turkiya va Rossiya hamkorligidagi yangi kuchlarni jalb qilish kerak, deb yozadi TRT Russian nashri.Yamandagi inqiroz hozirga qadar Suriya va Liviyadagi voqealarning soyasida qolib ketdi. Hech bir davlat sodir bo‘layotgan voqealarga Suriya va Liviyadagi voqealarchalik ahamiyat qaratmadi. Yaman inqirozi esa kuchaygandan kuchayib, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 223 mingdan ortiq insonning yostig‘ini quritdi. Qurbonlarning 100 ming nafari qonli to‘qnashuvlar oqibatida hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa, qolganlari ochlik, kasalliklardan vafot etgani ma’lum qilinadi. Bu raqamlar ham aniq raqamlar emas, chunki Yamanda nodavlat tashkilotlar faol emas.
Ayni damda yuzaga kelgan inqirozning ildizlari Yamanga ham ta’sir qilgan “Arab bahori”ga borib taqaladi. 2011-yilda yamanliklar prezident Ali Abdulloh Solihga qarshi norozilikka qo‘shiladi. Qiziq jihati, g‘arbning qo‘li bilan uyushtirilgan “Arab bahori”da AQSh va g‘arbga qarshi bo‘lgan “Ansor Olloh” harakaiga mansub bo‘lgan xusiylar asosiy rol o‘ynadi. 2011-yil yanvar oyida xusiylar va prezident Solih tarafdorlari orasida Saad viloyatida qonli to‘qnashuv yuz berdi.
To‘qnashuv yashin tezligida butun Yamanga yoyila boshladi. Saad viloyatida prezident Solih tarafdorlari haydab yuborilgach, Jouf va Mag‘rib viloyatlarida ham xusiy “Al-Isloh” siyosiy guruhi bilan birgalikda harakat qilib, hukumatga qarshi norozilikka chiqdi. Norozilik namoyishlari poytaxt Sanoga ko‘chdi. Xusiylar “Shabob as-Sumud” harakatini tuzdi. Prezident o‘gay ukasi “Al-Isloh”ning norasmiy yetakchisi Ali Muhsin al-Axmar prezidentga hokimiyatdan ketish talabini qo‘ydi.
Biroq Solih hokimiyatdan ketishni istamasdi. U o‘z vakolatini partiyadagi o‘rinbosari Mansur Hojiga topshirishi siyosiy taktika edi. Mansur Hoji prezidentlik kursisini ikki yildan keyin o‘tkazilishi belgilangan saylovlargacha band qilib turishi va hokimiyatga yana Solihning o‘zi qaytishi maqsad qilindi.
Biroq Solihning o‘ylagan rejasi ish bermadi. Mansur Hoji o‘z harakati bilan rasmiy Er Riyodning nazariga tushdi-yu, prezident Solihdan uzoqlasha boshladi. Saudiya Arabistoni esa Mansur Hojining siyosiy shuhratparastligiga o‘tin qalay boshladi. Saudiya Arabistoni bu bilan Yamanda ikki maqsadni diliga tugib qo‘ygan edi: birinchidan, sobiq prezident Ali Abdulloh Solihni hokimiyatga qaytishiga yo‘l qo‘ymaslik va Mansur Hojiga ta’sir qilish yordamida Yamanni o‘z manfaatlari doirasida boshqarish edi. Ikkinchidan, inqilob yordamida oyoqqa turib olgan “Al-Isloh” harakatini bostirishni niyat qildi.
Mansur Hoji va Saudiya Arabiston esa xusiylar bilan ittifoqchiga aylandi. Saudiya Arabistoni “Al-Isloh” harakatini bostirish uchun xusiylar bilan London hattoki kelishuv imzoladi. Biroq bu jarayonga prezident Abdulloh Solih aralashadi. U vaziyat qayerga qarab ketayotganini tushungan edi. Sobiq prezident xusiylar bilan kelishuv imzolab “Al-Isloh”ning mamlakatdagi ofislariga zarba berish o‘rniga poytaxt Sanoga bostirib kirdi. Milliy gvardiya ham sobiq prezidentni qo‘llab-quvvatladi va poytaxtga kirishiga to‘sqinlik ham qilmadi.
Mansur Hoji iste’fo bergan bo‘lsa-da prezidentlikdan voz kechmadi. 2015-yilning 21-fevral sanasida Mansur Hoji Sanodan avval Adanaga qochishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada Saudiya Arabistoni va BAA Yamanga harbiy intervensiya uyushtirdi. Saudiya Arabistoni va BAA yordamida Yamanga bosqin uyushtirilishi ortidan BMTning mushkul vaziyatni tartibga solish ishlari boshi berk ko‘chaga kirib qoldi.
Abu-Dabi va Ar-Riyod Yamanga urush boshlab, “xusiylarga qarshi” harakat tuzdi. Tez orada Saudiya Arabistoni xusiylarga qarshi kurashish uchun mahalliy kuchlarning qurbi yetmasligiga ishonch hosil qildi va azaliy raqiblari bo‘lmish “Al-Isloh”dan xusiylarga qarshi kurashda foydalanishga qaror qildi. O‘z navbatida, BAA ham “Al-Isloh” kabi “Ansor Olloh” harakatini o‘zining dushmani sifatida bilib, mamlakatdagi chigal vaziyatga janubiy Yamandagi ayirmachilar bo‘lmish “Xiroq” guruhini jalb qildi.
Xusiylar Eronning biroz ko‘magi yordamida qurolli qarshilikni davom ettirdi. Eron va “Ansor Olloh” harakatining ittifoqchiligi mavjud bo‘lsa-da, bu ittifoqchilik strategik sherikchilikdan iborat emas. Eron “Ansor Olloh” harakatini qonuniy hokimiyat deb topadigan bo‘lsa, xusiylar va Eron munosabatlariga chek qo‘yilishi mumkin.
“Ansor Olloh” harakati Erondagi islom inqilobi xususiyatlaridan nusxa olgan bo‘lsa-da, harakat mohiyatiga ko‘ra, faqat Yamanga xos bo‘lgan milliylikka ega. Arab millatchiligi esa xusiylar harakatining ajralmas qismi sanaladi. Xusiylarning zaydchiligi shia mazhabining oqimlaridan biri sanalib, Yamanning chin dini hisoblanadi.
“Ansor Olloh” harakatining mafkurasi va aqoidlari Eronning ta’siri bilan emas, aksincha, Yamandagi zaydchilarning xadaviylar guruhi bilan bog‘lanadi. Xadaviylar Yamanda X asrda imomlik qilgan al-Hoji nomi bilan bog‘liq. Aynan shu asrdan boshlab zaydchilar va xadaviylarning diniy qarashlarida ixtiloflar yuzaga keldi. Sabab esa yamanlik zaydchilar sunniy mazhabidagi xalifa hokimiyatiga emas, mustaqil imom tarafidan boshqariladigan jamiyat tarafdorlari edi.
Husayn al-Xutiy esa 1962-yilgi inqilobdan so‘ng, an’anaviy xadaviy zaydchiligi harakatini qayta tiklanishiga yordam berdi. Inqirozga yuz tutgan bu harakat bu davrga qadar turli din vakillarining ta’limotlarini zaydchilik sifatida e’tirof etib kelindi. Saudiyadagi propaganda ko‘pincha zaydchilikning sunniy mazhabidagi ixtiloflariga urg‘u bergan holda, zaydchilarni Tehron ta’siriga berilgan diniy guruh sifatida ayblab keldi.
2017-yilga qadar xusiylar sobiq prezident Ali Abdulloh Solih va uning tarafdori bo‘lgan Yaman butun xalq kongressi bilan ittifoqchi bo‘lib keldi. 2017-yil oxirida Yaman butun xalq kongressi va xusiylar o‘rtasidagi to‘qnashuvda sobiq prezident Ali Abdulloh Solih o‘ldirildi va marhum prezidentning jiyani Tariq Solih xusiylarga qarshi kurashish uchun Saudiya Arabistoni va BAA tarafga o‘tib ketdi. Natijada Ar-Riyod va BAA ittifoqchi kuchlari xusiylarga qarshi janglarda muvaffaqiyat qozona boshlaydi. 2018-yilda Xudaydo uchun bo‘lgan kurashda ham ittifoqchilar g‘alaba qozondi. Xusiylar dengizga chiqish imkoniyatidan mahrum qilindi va mamlakatda murakkab gumanitar inqiroz boshlandi.
Bu vaqtga kelib xusiylar “Ansor Olloh” guruhini tor diniy manfaatlardan voz kechishiga va ham zaydchilarning, ham sunniy mazhabidagi shofeiylarning ko‘magini olib, butun Yamandagi barcha diniy jamoa va guruhlar harakatiga aylanishiga sababchi bo‘ldi. Bu esa 2020-yilda “Ansor Olloh” guruhining Yamanda keng miqyosli harbiy amaliyotlarni boshlashiga turtki bo‘ldi va Mag‘rib viloyatining katta qismini o‘z nazorati ostiga oldi.
Xusiylarning qarshi hujumdagi muvaffaqiyati BAAning Yamandan o‘z harbiy kontingentini olib chiqishga majbur qildi. Saudiya Arabistoni va uning Yamandagi ittifoqchilari ham xusiylardan mudofalanishga o‘tdi. Xusiylar esa Yamanning ko‘p hududlarini birin-ketin o‘z nazoratiga ola boshladi. Bu esa o‘z navbatida, Saudiya Arabistoni va BAAning ittifoqchiligi mustahkam asosga ega emasligini-yu, ittifoqchilar ham Liviyada, ham Yamanda jang qila olmasliklarini tushunib yetdi.
BAA nazarida hozircha niyat amalga oshdi. BAA Yaman janubida o‘ziga sodiq bo‘lgan janubiy Yaman muvaqqat hukumatini tuzishni uddasidan chiqa oldi va bu hukumat Saudiya Arabistoni taraf bo‘lgan Mansur Hojining hukumati bilan ozmi ko‘pmi fikriy ixtiloflarga ega. Saudiya Arabistoni ham bir o‘zi Yamandagi vaziyatni tartibga solishga ojizlik qilayotganini tushunib turibdi va rasmiy Ar-Riyod hattoki Butun Yaman milliy kongressi, “Ansor Olloh” va “Al-Isloh” bilan 2015-yil martidagi kelishuvlarga qaytishga ham rozi. O‘sha kezda mazkur uch guruh yangi hukumat tuzishga yaqin qolgan edi, biroq Sanodan Mansur Hojining qochib ketishi ortidan harbiy to‘qnashuvlar kelib chiqqandi.
Ayni shu pallada Turkiya Yamandagi vaziyatni ijobiy hal qilishda yordam berishi mumkin. Turkiya Yamanga nisbatan uyushtirilgan harbiy amaliyotni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, keyinchalik mamlakatdagi inqirozning chuqurlashuvi ortidan Saudiya Arabistoni va BAA tutgan siyosiy pozitsiyadan chekina boshlaydi.
Turkiya hozirda Yamandagi eng asosiy kuch bo‘lib turgan “Ansor Olloh” va “Al-Isloh” bilan ham yaqin aloqalarga ega va ikki guruhni siyosiy oltin yo‘lni topishida vositachi sifatida yordam berishi mumkin. Rasmiy Kreml ham xusiylar bilan ijobiy munosabatdaligi Moskvada har ikki guruhning yuqori martabali vakillari uchun kelishuvlar imzolash uchun uchrashuv tashkil qilishga ega. Bu esa Yamanda tus olgan og‘ir iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatni yaxshilashga imkon beradi.
Jahongir Ergashev tayyorladi.
Izoh (0)