Xonanda Shirin Abdullayeva shu yilning 15-fevralida 19 yoshida olamdan o‘tgandi. Uning vafoti sabablari oila a’zolari tomonidan ochiq-oydin aytilmagan bo‘lsa-da, u katta ehtimol bilan meningit xastaligi bilan kurashib kelgan. Jahongir Latipov Shirinning otasi, tadbirkor Bahodir Abdullayev bilan qizining so‘nggi kunlari va musibatni qanday yengib o‘tayotgani haqida suhbatlashdi.
— Hech kimning boshiga bunday musibat tushmasin. Farzandini yo‘qotish bu har qanday temir odamga ham taʼsir qiladi, boshini egib qo‘yadi. Boshiga tushmagan odam buni bilishi qiyin, albatta. Lekin bu dushmanimning ham boshiga tushishini xohlamayman. Ishga ikki oy deganda chiqdim. Korxona xodimlari, o‘zimning qizlarimning ham ruhi tushib ketmasin deya, o‘zimni ham chalg‘itish maqsadida keldim ishga.

Alloh taolo bizga farishta qizni bergan ekan-u, lekin buni sezmay qolgan ekanmiz, ming afsus. O‘zimni o‘zim yeb qo‘ydim, desam ham bo‘ladi. Sababi hayotda o‘zi qattiqqo‘l otaman — farzandlarni ko‘p erkalashni bilmayman. Farzandlarim es-hushli bo‘lsin, o‘g‘il boladan kam bo‘lmasin, deb juda qattiq turganman. Xohlagan joyiga borib, xohlagan ishini bemalol qilib yurishiga imkoniyat bermaganman. Bu holatdan keyin o‘zimni o‘zim yomon ko‘rib ketdim. Bandamiz-da, qancha umr ko‘rishimizni bilmaymiz. Ishlari ko‘p bo‘lsa-da, katta-katta insonlar uyimizga kelib, hamdardlik bildirib ketdi. Barcha viloyatlardan kelishdi, desam ham to‘g‘ri bo‘ladi.

To‘g‘risi, menga avvaliga juda-juda qiyin bo‘ldi. Shirin to‘rtta opasiga o‘xshamasdi, boshqacha edi. Birovning dilini og‘ritish, birovga qattiq gapirish nimaligini bilmasdi. Xayriya qilishni juda yaxshi ko‘rardi. Alloh bu qizimni shunday yaratgandi. 19 yil yashagan bo‘lsa, eslasam, 19 yil davomida menga biror marta ham qovog‘ini solmagan ekan. Gap qaytarishni-ku gapirmay ham qo‘yaveray. Shu narsa menga juda og‘ir botdi.

Qisqa vaqtga bo‘lsa-da, bizga shunday farishta qiz berganiga Allohga mingdan ming shukrlar aytaman. Ilohim, joyi Firdavs jannatlaridan bo‘lsin.
Uni asrab qolish uchun qo‘limdan kelishi mumkin bo‘lganidan-da ortig‘ini qilishga ham tayyor edik. O‘sha kunlarda 13 kun komada yotgan bo‘lsa, qo‘limdagi borini, qolaversa, jonimni ham berishga tayyor edim.

O‘sha kunlar Germaniyadan samolyot ham shay edi, Pekinda ham tayyor samolyot turgandi. Eng kuchli neyrojarroh keldi. Bir sutka davomida biz bilan turdi, qattiq harakat qildi. Uni samolyotga chiqarib, olib ketish imkonini qidirdi. Ammo imkoniyat bo‘lmadi. Rossiyadan ham kelishdi, imkon bo‘lmadi.

Men O‘zbekistonda yashab turib, bizning shifoxonalarimizda shunday malakali doktorlar ishlaydi, deb o‘ylamagandim. O‘z farzandlaridek bor kuchlarini ishga soldi. Xitoy, Germaniya va Rossiyadan kelgan dunyoning eng kuchli neyrojarrohlari bizning shifokorlarning aybini topisholmadi, faqat qo‘shimchalar kiritishdi. Alloh qizimning umrini qisqa qilgan ekan.
Qizimni berib qo‘yganimizdan keyin to‘rtta qizim va to‘rtta kuyovimni olib Saudiya Arabistoniga ketdik, ziyorat, ibodatlar qildik. Undan keyin Shirin qizim Xitoyda o‘qigan Sinxua universitetiga bizni taklif qilishdi. Nomini abadiylashtirish maqsadida “Shirin” nomli xayriya fondi tashkil qilindi. Borganimizda universitet rahbariyati, dekanat va o‘quvchilarning yig‘lab gapirgan gaplarini eshitib, rosti, to‘lib-toshib ketdim. Shunday qizim bo‘lganidan, uni shunday tarbiyalaganimizdan onasi bilan faxrlandik.

O‘ylaymanki, uning ruhi doimo tirik, hamma narsani ko‘rib turibdi. Shuncha inson u uchun jon-dilidan achindi. Hatto qabriston xodimlari ham “Biz bunaqasini ko‘rmagandik, qizingizni shuncha inson yaxshi ko‘rar ekan. Har kuni nechtalab odam kelib, tepasida o‘tirib, yig‘lab-yig‘lab ketyapti” deb aytganda, rosti, juda boshqacha bo‘lib ketdim.

Shunday paytlar bo‘ladiki, uyda hamma menga qarab turadi, bildirmaslikka harakat qilaman. Ichkariga kirib ketaman-u, hech kimga eshittirmay baqirib-baqirib ichimdagilarni chiqarib olaman, deydi Bahodir Abdullayev.
Izoh (0)